Prezident Shavkat Mirziyoyev “Turkiy tilli davlatlarning tarixiy, ilmiy va madaniy merosini oʻrganish tadqiqot markazi”ni tuzishni taklif qildi

    Fikr 13 Noyabr 2021 6098

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-noyabrda Istanbul shahrida boʻlib oʻtgan Turkiy kengash sammiti davomida turkiy tilli xalqlarning dunyo sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan beqiyos hissasi va nihoyatda boy yozma merosini birgalikda chuqur oʻrganish maqsadida “Turkiy tilli davlatlarning tarixiy, ilmiy va madaniy merosini oʻrganish tadqiqot markazi”ni tashkil etish taklifini ilgari surdi.

    Taʼkidlanishicha, Oʻzbekistonda ham mushtarak tariximiz va madaniyatimizga oid 200 mingga yaqin noyob qoʻlyozmalar mavjud.
    Ushbu tadqiqot markazi mavjud nodir asarlarni birgalikda oʻrganish, ularni tarjima qilish, yagona elektron bazasini yaratish, bu sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali kelgusi avlodlarga yetkazish hamda jahon miqyosida targʻib etishga muhim hissa qoʻshadi.

    Prezidentimizning nutqida Turkiy kengashga aʼzo davlatlarning tarixiy, ilmiy va madaniy merosini oʻrganish masalasiga alohida eʼtibor berilganligiga quyidagi muhim omillar sabab boʻldi deb hisoblaymiz.

    Birinchidan, Oʻzbekiston bugungi kunda uchinchi Renessans –Uygʻonish davri ostonasida turibdi. Yuqorida keltirilgan taklif Prezidentimizning soʻnggi besh yilda hayotimizning birgina yoʻnalishi, yaʼni maʼrifat va ilm-fanni rivojlantirish yoʻlida olib borayotgan siyosatining uzviy davomi sifatida koʻrish mumkin. Uchinchi Renessans mustahkam poydevorini yaratish uchun, avvalo, ajdodlarimiz qoldirgan bebaho tarixiy, ilmiy va madaniy merosini oʻrganish nihoyatda zarur;

    Ikkinchidan, ushbu Markaz dunyodagi barcha qardosh turkiy xalqlarining jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan bebaho hissasi haqida har tomonlama fikr almashish uchun maydon boʻlib xizmat qiladi. Shuning bilan bir qatorda ilmiy izlanishlar olib borish va bugungi davrdagi dolzarb masalalar borasida samarali yechimlarini hamkorlikda ishlab chiqish, tajriba almashishga imkon beradi;

    uchinchidan, qardosh xalqlarning koʻp asrlik milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va yoshlarimizni komil inson etib tarbiyalash jamiyatda barqaror ijtimoiy-maʼnaviy muhitni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Kelajakda turkiy dunyo birligini taʼminlashga hamda xalqlarimizning umumiy farovonligi va ravnaqiga xizmat qiladi.

    Xulosa qilib aytganda, turkiy xalqlarda buyuk ajdodlarga nisbatan hurmat-ehtirom, ularning boy ilmiy merosini oʻrganishga qiziqish hamisha yuqori boʻlgan. Shu oʻrinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ushbu dolzarb tashabbusi tashkilot faoliyatida tarixiy, madaniy va ilmiy yoʻnalishlarda oʻzaro munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqib, mavjud juda katta imkoniyat va salohiyatdan toʻliq va unumli foydalanish uchun mustahkam zamin yaratishiga ishonchimiz komil.

    Qahramon Allaberganov,

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
    Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti
    yetakchi ilmiy xodimi.