Prezidentimiz ilgari surgan besh muhim tashabbus doirasida yoshlar maʼnaviyatini oshirish, ular oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilish maqsadida anʼanaviy tarzda “Yosh kitobxon” tanlovi oʻtkazib kelinmoqda. Oʻtgan yillar davomida tanlovda 3,6 million nafardan ortiq oʻgʻil-qiz ishtirok etdi. 17 nafar gʻolibga Prezident sovgʻasi — “Spark” avtomashinasi topshirildi. Besh nafar gʻolibning esa davlat mukofotlari bilan taqdirlangani mutolaa madaniyatiga eʼtibor yoshlar siyosatidagi muhim yoʻnalish ekanidan dalolat.
Oʻtgan yili bellashuvda qatnashish uchun 640 mingga yaqin oʻgʻilqiz onlayn ariza topshirdi. Yoshlar ishlari agentligi tomonidan mutasaddi vazirlik va idoralar hamkorligida oʻtkazib kelinayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi bu yil ham 3 yosh toifasida 5 bosqichda tashkil etildi.
Tanlovning mahalla va sektor bosqichlarida ishtirokchilar test savollari orqali saralangan boʻlsa, gʻoliblar tuman (shahar) va hududiy bosqichlarda 2 ta shart — badiiy asarlar bilimdoni va tezkor savol-javob asosida bilimini sinovdan oʻtkazdi. Nihoyat respublika bosqichida 10-14 yosh, 15-19 yosh, 20-30 yosh toifasi boʻyicha bir nafardan hududiy bosqich gʻoliblari (jami 42 nafar) “Badiiy asarlar bilimdoni”, “Tezkor savol-javob”, “Buyuk mutafakkir va adib”, “Sheʼriyat”, “Insho yozish” shartlari boʻyicha oʻzaro bellashdi.
— 10-14 yosh toifasida birinchi oʻringa va Prezidentimiz sovgʻasiga munosib koʻrilganimdan nihoyatda xursandman, — deydi navoiylik Aziza Ibrohimova. — Mukofotga berilgan avtomashinani otamga sovgʻa qilmoqchiman. Chunki kitobga muhabbatni qalbimga singdirgani, mutolaaga undagani va orzularimni qoʻllabquvvatlagani uchun otamdan behad minnatdorman.
Farzandi tanlovda gʻolib topilgan ota-onalarning hayajoni tomoshabinlarga ham oʻtib, barchada havas uygʻotdi.
Zero, ota-onalarning saʼy-harakati va intilishlari bugun farzandlari kamolida yuz koʻrsatmoqda. Muhimi, tanlovda hech bir ishtirokchi eʼtiborsiz qoldirilmadi. 2-oʻrin sohiblariga 50 million soʻm, 3-oʻrin egalariga 30 million soʻm pul mukofoti va diplom topshirildi. Qolgan barcha ishtirokchilarga 10 million soʻmdan pul mukofoti va sertifikat taqdim etildi.
Kitob umr yoʻllarida insonga eng yaqin doʻst, hamrohdir. Millatning maʼnaviy-ruhiy dunyosi kitobga munosabati, kitobxonlik darajasiga qarab ham belgilanadi. Yurtimizda aholining kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga qaratilayotgan eʼtibor zamirida ham intellektual salohiyati yuksak, tafakkuri keng va ziyoli avlodni kamolga yetkazish maqsadi mujassam.
— Olti yildan beri mana shu tanlovning hakamlar hayʼati aʼzolari orasidaman. Oʻtgan vaqt davomida katta oʻzgarishlarning guvohi boʻldim. Kitobxonlarning saviyasi, asarni tushunishi, tushuntira olish malakasi yildan-yilga oshayotganini koʻryapman. Bu juda quvonchli holat. Bu tanlovdan maqsad baʼzida avtomashina, baʼzan esa pul mukofoti boʻlishi mumkin. Lekin oxiroqibat yosh kitobxonlarning qalbi, yuragi tozaryapti. Miyasidagi uxlab yotgan hujayralar uygʻonyapti va eng muhimi, yoshlarda fikr tarbiyasini shakllantiryapmiz, — deydi filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karimov. — Maʼnaviy yangilanish yoʻlidan borayotganimiz shu kunlarda inson uchun, birinchi navbatda, fikr uygʻoqligi juda muhim. Bu borada Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tashkil etilib, yuqori saviyada oʻtkazib kelinayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi ham katta ahamiyatga ega. Fikr tarbiyasi shaxs va ruh tarbiyasi demak. Ruhiyati mustahkam insonning irodasi ham baquvvat boʻladi. Bugun salohiyatini namoyish etib, tanlovda gʻolib boʻlgan yoshlardagi ichki xotirjamlik mutolaa sabab shakllanganini, kitob inson ruhiyatidagi goʻzal tarbiyaga sabab boʻlganini anglash unchalik qiyin kechmadi. Bunday iqtidorli yoshlar barcha hududlarda koʻplab topiladi. Muhimi, ularni qoʻllab-quvvatlash, isteʼdodini namoyon etishi uchun mamlakatimizda barcha shart-sharoit yaratilgan.
Bugun kitob oʻqiyotgan oʻquvchi ertaga talaba, magistr va keyinroq ilmiy tadqiqotchi boʻladi. Mana shunday ketma-ketlik, jarayon davom etadi. Tanlovda gʻolib boʻlgan yoki respublika bosqichida ishtirok etayotgan kitobxonlarning barchasi atrofidagilarga namuna boʻla oladi. Tengdoshlariga, albatta, taʼsir koʻrsatadi.
“Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichi hakamlar hayʼati aʼzosi Otabek Joʻraboyevning taʼkidlashicha, mazkur tanlov barcha yoshlarga koʻtarinki kayfiyat bergani bilan ahamiyatli.
Birinchi galda tanlov kitob oʻqib katta muvaffaqiyatga erishish mumkinligining yaqqol isbotidir. Shaffof hamda adolatli baholash mezoni asosida gʻolib deb topilgan yoshlar oʻzini qahramon misoli his qilyapti. Demak, kitob oʻqib, qahramon boʻlish mumkin. Bu bellashuv yangidan-yangi qiyofalarni, yurtimiz maʼnaviyatini belgilaydigan ziyoli qatlam timsollarini kashf etyapti.
— Kitobga ergashgan yoshlar maʼrifatga, tafakkurga ergashadi. Bu omil juda muhim, — deydi hakamlar hayʼati aʼzosi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Eshqobil Shukur. — Globallashuv davrida yoshlarni chalgʻituvchi har xil vositalar koʻp. Lekin aminmanki, kitobga yaqinlashgan bola tafakkurga yaqinlashadi. Bu bolalar navqiron chehralar, eng kattasi atigi 29 yoshga kirgan. Hatto 10 yoshli kitobxonlar bor. Ular mana shu tanlov bahonasida kitob bilan doʻstlashyapti. Shu asnoda keksalikda ularning umr yoʻllarida kitob hamroh boʻlishi shubhasiz. Bu degani maʼrifat, tafakkur, ezgulik bular bilan birga boʻladi. Hayot sinovlarini, jaholat tahdidlarini, yomonliklarini bu yoʻldagilar, albatta, yengib oʻtadi. Kitobning oʻzi ularning tabiatini ham, ruhiyatini ham, qalbini ham, fikrini ham tayyorlaydi. Shuning uchun ham bu tanlovni kengaytirish kerak. Bu faqat ezgulikka xizmat qiladi.
— Juda koʻplab taraqqiy etgan mamlakatlardagi islohotlar negizida bilim yotadi. Chekka-chekka hududlarda hali ham qizlarimizning kuchiga ishonmagan, “oʻqib shahar olib berarmiding”, “qiz bola birovning xasmi, nima qilamiz senga pul sarflab” degan gaplar quloqqa chalinadi, — deydi Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev. — Bunday tor dunyoqarash tufayli katta xohish-istaklari roʻyobga chiqmagan, niyatlariga erisha olmagan odamlarni, taqdirlarni koʻrdik. Prezidentimizning gʻoyasi asosida yuzaga kelgan tanlov tufayli kitob oʻqigan inson hayotda bemalol oʻrnini topishi mumkinligi, boshqalardan kam boʻlmasligi oʻz isbotini topyapti. Chunki bilim olgan inson hayotda, albatta, boshqalarga oʻrnak boʻla oladi, jamiyatda qadr, hurmat qozonadi.
Mamlakatimizda yoshlarning qalbini ulgʻaytiradigan, dunyoqarashini kengaytiradigan va ziyoli insonlar boʻlib yetishishida kuch beradigan imkoniyatlar koʻp. “Yosh kitobxon” tanlovi mana shunday imkoniyatlardan biri. Unda kitob bor. Demak, maʼrifat, ezgulik, tafakkur bor. Mana shu uch tushunchaga oshno inson hayotda oʻz oʻrnini topadi.
Risolat Madiyeva,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri