Nazariy jihatdan inflyatsiyaga taklif, talab va import omillari guruhi taʼsir qiladi. Hammaga maʼlumki, inflyatsiya bu umumiy isteʼmol mahsulotlari va xizmatlar narxlari oshishi. Agar ishlab chiqarish xarajatlari oshsa, mahsulotlar narxi oshadi va bu taklif inflyatsiyasini keltirib chiqaradi. Boshqa tarafdan, aholi daromadlarining oshishi bozordagi mahsulot va xizmatlarga talabni oshiradi, bu esa talab inflyatsiyasiga sabab boʻladi. Undan tashqari, milliy valyutaning qadrsizlanishi import qilinadigan isteʼmol tovarlari narxining oshishiga sabab boʻladi va bu import inflyatsiyasini keltirib chiqaradi. Oʻzbekiston sharoitida har uch omil guruhi inflyatsiya darajasiga oʻz taʼsirini koʻrsatib kelmoqda. Lekin alohida omillar guruhining sof taʼsir kuchi haqida tahlilchilarning fikrlari turli xil.
Koronavirus pandemiyasi muammosi paydo boʻlishidan oldin taklif omillari ichida oxirgi yillardagi soliq siyosati, xususan qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchi tadbirkorlik subyektlarining qamrovi kengayganini alohida aytish mumkin. Bu oʻz navbatida, mahsulotlar narxi oshishiga olib keldi. Boshqa tomondan, narxlar davlat tomonidan tartibga solinadigan tovar va xizmatlarning koʻpchiligi uchun bozor narx shakllanish tizimiga oʻtildi. Bu tovar va xizmatlar uchun bozor narxlari ancha balandligi sababli iqtisodiyotdagi umumiy narxlar darajasida taʼsir koʻrsatdi. Yaqinda Prezident taʼkidlagan davlat korxonalarining samarasiz ishlashi ham, bu korxonalar monopol statusga ega boʻlgan sharoitda ularning mahsulot va xizmatlari narxi oshishga olib keladi va inflyatsiyani keltirib chiqaradi.
Inflyatsiyaga kreditlash koʻlamining taʼsiri katta, deb qarash keng tarqalgan. Soʻnggi yillarda kreditlash koʻlami oshgani rost. Jumladan, aholi uchun “Har bir oila tadbirkor” dasturi asosida kreditlar berilmoqda. Bu oʻz navbatida bozorda qoʻshimcha talab keltirib chiqarish orqali narxlarning oshishiga taʼsir koʻrsatayotgan boʻlishi mumkin. Bundan tashqari, davlat sektorida ish haqi oʻrtacha 30-40 foizga oshgani va daromad soligʻi tushirilgani ham bozordagi narxlarga oʻz taʼsirini koʻrsatgan boʻlishi mumkin.
Import inflyatsiyasi omillari ichida valyuta liberalizatsiyasi (erkinlashtirilishi) siyosati omilining roli katta. Bu milliy valyuta soʻmning qadrsizlanishiga oʻz taʼsirini oʻtkazmay qolmaydi. Valyuta kursi oʻzgarishi import narxlariga taʼsiri orqali ichki inflyatsiyaga bevosita taʼsir qiladi. Bu taʼsir odatda rivojlangan davlatlarga qaraganda rivojlanayotgan davlatlarda kattaroq boʻladi. Buning sababi isteʼmol savatida xalqaro bozorda oldi-sotdi qilinuvchi, xususan oziq-ovqat tovarlarning ulushi katta. Soʻnggi yillarda import koʻlamining eksport koʻlamiga nisbatan oshib ketishi ham devalvatsiyaga taʼsir qilmoqda. Natijada, import qimmatlashmoqda, narxlarning umumiy darajasi oshmoqda. Baʼzilar import aslida oshmadi, liberallashuv siyosati natijasida “rasmiylashdi” deyishi mumkin. Lekin liberallashuv siyosatining iqtisodiyotning baʼzi tarmoqlaridagi ishlab chiqarishning kamayishi bilan toʻgʻri kelishi, haqiqatan ham import oshganini bildiradi.
Oxirgi yillarda inflyatsiyani jilovlashga siyosiy xohish borligi koʻrinib turibdi. Jumladan, inflyatsion targetlashga oʻtish va byudjet qonun koʻrinishida qabul qilinishi bir tarafdan siyosiy tartibni taʼminlaydi va davlat pul-kredit va fiskal siyosati borasidagi ishlarning aniqligi oshishi hisobiga inflyatsion kutilmalarni jilovlanishiga xizmat qiladi.
Koronavirus pandemiyasi sharoitida aholini asosan oziq-ovqat mahsulotlarining narxlaridagi oʻzgarish qiziqish uygʻotadi. Oziq-ovqat narxlari oʻzgarishiga, bir tarafdan, oziq-ovqat mahsulotlari taklifining kamayishi taʼsir oʻtkazsa, ikkinchi tarafdan, ularga talabning oshishi ham taʼsir etadi. Xalqaro tashkilotlar tadqiqotlari natijasiga koʻra oxirgi oyda aholining 40% oʻz xarajatlarini qisqartirgan boʻlsa, 60% aholi xarajatlari oshgan. Xarajatlar oshishi asosan nisbatan boy aholi hisobiga toʻgʻri keladi. Karantin sharoitida, umumiy olganda, uzoq muddatli isteʼmol tovarlari (mebel, kiyim-kechak, elektrotexnika va b.) ishlab chiqarish hajmi cheklangan (ishchilar ishga qatnay olmagani, xom ashyo kelishi toʻxtab qolgani kabi omillar taʼsirida). Shu bilan birga, ularga boʻlgan talab ham aholi daromadlari kamayishi hisobiga pasaygan.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan oʻtkazilgan 10 mingdan ziyod kishi qatnashgan soʻrovnoma natijalari ham qatnashganlarning 63% hozirda uzoq muddatli isteʼmol tovarlari xarid qilish uchun yaxshi fursat emasligini taʼkidlab oʻtgan (10% xarid qilish tarafdori boʻlgan).
Baxtishod Hamidov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Bosh ilmiy xodimi