Go‘beklitepa: qadimgi dunyo siri!

    Turizm 28 Oktabr 2024 195

    Tarixi neolit davriga, qariyb 11 ming yil avvalga borib taqaladigan Go‘beklitepa insoniyat tomonidan qurilgan eng qadimgi monumental inshootlar to‘plami hisoblanadi.

    Ushbu topilmalar insoniyat tarixi va uning ovchilik jamiyatidan o‘troq, dehqonchilik jamiyatiga o‘tish haqidagi tushunchalarini tubdan o‘zgartirib yubordi. Uning sirli timsollar va hayvon tasvirlari bilan o‘yilgan “T” shaklidagi mahobatli ustunlari qadimgi odamlar jamoasi va diniy ibodat, marosimlarining murakkabligidan dalolat beradi.

    Kolizey arxeologik bog‘i ma’muriyati Turkiya janubi-sharqidagi Shanliurfa shahrida joylashgan dunyodagi eng qadimiy va eng qiziqarli arxeologik yodgorliklardan birini kashf qilish uchun jamoatchilikni sayohatga chorlovchi “Go‘beklitepa: Qutlug‘ makon sirlari” nomli ajoyib ko‘rgazmaning ochilishini mamnuniyat bilan e’lon qiladi. Ko‘rgazma 2024-yil 25-oktabrdan 2025-yil 2-martgacha Kolizeyda omma uchun ochiq bo‘ladi.

    2024-yil 24-oktabrda Kolizeyda ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Go‘khan Yazgi va Kolizey arxeologik bog‘i direktori Alfonsina Russo ushbu xalqaro madaniy hamkorlikning ahamiyatini ta’kidlab, ko‘rgazmani ochib berdilar. Turkiya Madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Go‘khan Yazgi o‘z nutqida shunday deydi: “Go‘beklitepa va unga tegishli bo‘lgan keng Tosh tepaliklar insoniyat tomonidan qurilgan ilk yodgorliklarni taqdim etadi. Bu hudud oʻzining turli tuzilmalari bilan insoniyat tarixidagi eng muhim oʻzgarishlardan biri boʻlgan oʻtroq hayotning boshlanishiga guvohdir. Biz insoniyat merosining yana bir ajoyib joyi bo‘lgan mashhur Kolizeyda mintaqaning ushbu topilmalarini namoyish qilishdan mamnunmiz. Italiyalik hamkasblarimizga insoniyatning tarixiy merosini targ‘ib qilish va asrab-avaylash borasidagi qarashlari hamda dastaklari uchun chin dildan minnatdorchilik bildiraman”.

    Ko‘rgazma tashrif buyuruvchilarga ushbu qadimiy tsivilizatsiya hayotini chuqur o‘rganish imkonini beruvchi boy multimedia kontenti va 3D tasvirlari orqali o‘ziga xos jozibali tajriba va tasavvur taqdim etadi. Ko‘rgazmada Go‘beklitepadan ko‘plab asarlar, jumladan, monumental ustunlar reproduktsiyalari va eng so‘nggi vizualizatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda hududdan topilgan doira shaklidagi majmualarning batafsil rekonstruktsiyasi namoyish etiladi.

    Ko‘rgazma Alfonsina Russo, Roberta Alteri, Daniele Fortuna va Federika Rinaldi kabi italiyalik va xalqaro ekspertlar guruhi hamda Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi, Turkiyaning Italiyadagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

    Ko‘rgazmada Kolizeyga to‘g‘ridan-to‘g‘ri Turkiyadan kelgan moddiy artefaktlar bilan bir qatorda, makonni turli nuqtai nazardan o‘rganish imkonini beruvchi video va virtual sayohatlar kabi interaktiv kontentlar taqdim etiladi. Shuningdek, tadbir doirasida xalqaro arxeologiya va san’at tarixi mutaxassislari ishtirokida turli konferensiya va seminarlar o‘tkaziladi. 2018-yilda YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Go‘beklitepa din va monumental arxitekturaning kelib chiqishi haqida noyob tushunchalarni taqdim etishi orqali butun dunyo arxeologlarini qiziqtirish va jalb qilishda davom etmoqda.