Mamlakatimizda barcha sohalardagi keng koʻlamli islohotlar izchilligi yuqori malakali kadrlar tayyorlash bilan bevosita bogʻliq. Zero, zamon talabidagi yuksak salohiyatli, bilimli, masʼuliyatli, raqobatbardosh kadrlarni yetishtirish eng dolzarb masalalardan biridir. Ishlab chiqilayotgan istiqbolli dasturlarning asl negizida ham taʼlim sifatini xalqaro talablarga moslashtirish maqsadi yotibdi. Ayniqsa, xalq xoʻjaligining barcha sohalarini jadal isloh etish va modernizatsiya qilishning yangi davri milliy iqtisodiyotimizning yuksalishiga asos boʻlmoqda.
Bundan koʻzlangan maqsad moddiy va maʼnaviy manbalarni ishlab chiqarishni dinamik hamda proporsional tarzda rivojlantirish, ilm-fanni ishlab chiqarish bilan integratsiyalash, ishlab chiqarish unumdorligini oshirish va zaxiralarini aniqlash hamda uni modellashtirishdir. Bunda mavjud xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlab, isteʼmolga tayyor mahsulotlar turini koʻpaytirish bilan birga, eksportga moʻljallangan mahsulotlar salmogʻini oshirish, oʻz navbatida, mamlakatning xalqaro bozordagi raqobatlashuv salohiyatini taʼminlash orqali iqtisodiyotni isloh etish va uni modernizatsiya qilish, eng asosiysi, import oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni mahalliylashtirishdan iborat.
Qabul qilinayotgan dasturlar va ularni amalga oshirish uchun yaratilgan moddiy manbalar va imkoniyatlarning barchasi ertangi kun taraqqiyoti uchun masʼuliyatni zimmasiga oladigan yuqori malakali mutaxassislar uchundir. Chunki chuqur ilmiy tadqiqotlarga, tahlillarga tayangan holda amalga oshirilayotgan islohotlar, shiddat bilan oʻsib borayotgan yangicha oʻzgarishlar zamon bilan hamnafas kadrlarga ehtiyoj sezmoqda.
Shuning uchun taʼlim tizimidagi islohotlar mohiyatan zamonaviy mehnat bozori talablariga javob beradigan, barcha zamonaviy kompetensiyalarga ega oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan.
Bugungi kunda dunyo iqtisodiyotining barcha tarmoqlari raqamli tizimga oʻtmoqda. Bu esa raqamli transformatsiya axborot texnologiyalari va yuqori texnologiyali ishlab chiqarish korxonalaridagi muammolarni hal qilishga qodir qoʻshimcha mutaxassislarni talab qiladi.
Davlatimiz rahbari raisligida joriy yilning 20-iyun kuni “Inno” innovatsion oʻquv-ishlab chiqarish texnoparkida muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirishga bagʻishlab oʻtkazilgan yigʻilishda ham muhandislik sohalari uchun mutaxassislar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalari faoliyati tanqidiy oʻrganildi. Masʼullarga kelgusida amalga oshirish lozim boʻlgan qator vazifalar belgilab berildi.
Bugungi kunda dunyo miqyosida sanoatda tannarxni kamaytirish muhim masalalardan bir ekani haqida soʻz bordi. Taʼkidlanishicha, xorijiy oliygohlarda “tannarx muhandisligi” (kost injiniring) yoʻnalishi boʻyicha kadrlar tayyorlanadi. “Qiyoslash muhandisligi” (benchmarking) orqali eng yaxshi amaliyot va yutuqlarni tahlil qilib, ulardan andoza olib, ishlab chiqarishga joriy qilish oʻrgatiladi. “Qayta muhandislik” (reversiv injiniring) tayyor mahsulotni olib, ishlash mexanizmini boʻlaklarga boʻlib, mualliflik huquqini buzmagan holda oʻxshash mahsulot yaratishni oʻrgatadi.
Yigʻilishda, shuningdek, mahalliy sanoat tarmoqlari katta mablagʻ sarflab, ishchilarini xorijda oʻqitishga yoki chetdan mutaxassis olib kelishga majbur boʻlayotgani qayd etildi. Xorijdagi ilgʻor tajribalardan kelib chiqib, mukammal mutaxassislarni oʻzimizda tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish muhim masala sifatida belgilandi.
Endi muhandislik oliygohlarining barcha hamkor korxonalarida kafedralar filiallari faoliyati va dual taʼlim tizimi yoʻlga qoʻyilishi koʻzda tutildi. Talabalar bitiruv kursidagi taʼlim jarayonlarini, shuningdek, amaliyotini toʻliq hamkor korxonalarda ham ilm, ham tajribaga ega boʻlib davom ettirishi boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Bunda muhandislik oliygohlarida Ilgʻor muhandislik maktablari faoliyati yoʻlga qoʻyilib, ikki yillik amaliy magistratura dasturlari boʻyicha oʻqitilishi muvofiqlashtiriladi.
Taʼlim jarayonidagi barcha zarur shart-sharoitlarni taʼminlovchi yuqori texnologiyali korxonalar bilan hamkorlikda yangi turdagi kadrlar tayyorlash tizimi, yaʼni ilgʻor muhandislik maktablarini yaratish boʻyicha vazifalar topshirilgan. Innovatsion yechimlar ishlab chiquvchi muhandislarni tayyorlash, muammolarni oʻz vaqtida hal etish, ilgʻor ishlanmalar va tadqiqotlar bilan yaqindan qoʻllab-quvvatlash orqali jahon darajasiga mos salohiyatli kadrlar yetishtirish bugunning asosiy vazifalaridan biriga aylangan.
Muhandislik oliygohlarida yuqori texnologiyali korxonalar bilan hamkorlikda Ilgʻor muhandislik maktablari faoliyati “tarmoq – korxona – oliygoh” zanjiri asosida tashkil etilishi yaxshi samara bermoqda.
Namangan toʻqimachilik sanoati institutida ham toʻqimachilik, boʻyash-pardozlash texnologiyalari va ularni tadqiq qilish laboratoriyalaridan iborat Ilgʻor toʻqimachilik muhandisligi maktabi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Institut va toʻqimachilik korxonalari hamkorligida sohada malakali muhandis-texnolog va mexaniklarni tayyorlash hamda texnik-texnologik yoʻnalishlar boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirishni jadallashtirish maqsadida dastlab Kosonsoy tumani “Namuna” kichik sanoat hududida faoliyat yuritayotgan “Barkas” MCHJda Ilgʻor muhandislik maktabi filiali tashkil etildi. Ushbu maktabda tinglovchilar eng zamonaviy moddiy-texnik bazada amaliy tajribalarini muntazam shakllantirib boradi.
Maktabda talabalar toʻqimachilik tolalaridan tortib tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan jarayonlardagi ilgʻor texnologiyalarni korxona mutaxassislaridan oʻrganib, institutda olgan nazariy bilimlarini amaliyotga tatbiq etish orqali chuqur oʻzlashtiradi. Bundan tashqari, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishda ishtirok etish hamda ilmiy innovatsion tadqiqot ishlari olib borgan holda kasbiy koʻnikmalarini ham yanada mustahkamlash imkoniyatiga ega boʻladi.
Institutda ikki yillik induvidial taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha oʻqitishning amaliy magistratura dasturlari yoʻlga qoʻyildi. Birinchi yili talabalar korxonalardagi mavjud texnoligiyalarni mukammal oʻzlashtiradi, korxona buyurtmasi asosida yangi mahsulotlar loyihalashtiradi, ilmiy izlanishlar oʻtkazadi va chuqurlashtirilgan modul dasturlar asosida oʻqitiladi. Ikkinchi yilda yangi mahsulotlar boʻyicha tajriba-konstruktorlik namunalarini yaratish bilan bogʻliq texnologik jarayonlarni korxonalarda sinovdan oʻtkazadi.
Turli yoʻnalishlardagi talabalarning oʻqishini Ilgʻor muhandislik maktabi filialida birgalikda tashkil etish, yaʼni fan va ishlab chiqarish integratsiyalashuvi amaliyoti joriy etildi. Korxonada muxandis texnolog va mexaniklar bir loyiha doirasida ishlaydi. Shuningdek, boʻyash-pardozlash boʻlimida muhandis texnologlar bilan kimyo texnologiyasi mutaxassislari ishlarini muvofiqlashtirish samarali ekani maʼlum boʻldi. Bunda texnologik mahsulotlar va innovatsiyalarni “gʻoyadan bozorga” tamoyili ostida ishlab chiqarishning zamonaviy usul va vositalarini keng joriy etish boʻyicha toʻplangan tajribalar malakali mutaxassislar tayyorlashga qaratildi.
Ilgʻor muhandislik maktabida jamiyat muammolariga xavfsiz yechim topish uchun zarur mahsulotlar ishlab chiqarish, texnologik jihoz-uskunalar va moslamalarni taʼmirlash, ularni unifikatsiyalash, loyihalashtirishda ilmiy-amaliy, iqtisodiy, ijtimoiy va amaliy bilimlarni qoʻllash koʻnikmalari shakllantirilmoqda.
Institutda bakalavriatura yoʻnalishida “4+2” yangi oʻqitish tizimi joriy etilishi natijasida nazariya va amaliyotni birga olib borish samara bermoqda. Korxona jihozlari va texnologiyalaridan bevosita oʻquv jarayonida foydalanish orqali talabalarning nazariy bilimlarini amaliy jihatdan mustahkamlashga, korxona va ishlab chiqarish sharoitlariga ijtimoiy moslashuviga erishilmoqda. Bu orqali kelgusida yuqori kasbiy koʻnikmalar shakllangan talabalarni Ilgʻor muxandislik maktabiga saralab olish imkoniyatlari yaratiladi.
Taʼlim sifatini taʼminlash uchun zamonaviy oʻquv dasturlarini imitatsiya qila oladigan ilgʻor pedagogik texnologiyalarni joriy qilish, interfaol shakllarni, simulatsion usullarni hamda loyihaviy usul va vositalarni qoʻllash orqali “ustoz-shogird” tizimi samarali yoʻlga qoʻyildi.
Muhandislik sohalari uchun mutaxassislar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalarida Ilgʻor muhandislik maktablari faoliyatini yoʻlga qoʻyish orqali mamlakatimiz iqtisodiyotini yuksaltirishga munosib hissa qoʻshadigan malakali mutaxassislar tayyorlab beriladi.
Qurbonali XOLIQOV,
texnika fanlari doktori,
professor