Bu statistikani yaxshi tomonga oʻzgartirish yoʻllaridan biri — ovqatlanish odatlarini oʻzgartirishdir.
Shunday mahsulotlar borki, ular tish va milk kasalliklarining oldini olishga xizmat qiladi. Tibbiyot fanlari doktori Haydar Komilov tishlar uchun foydali boʻlgan bu mahsulotlar haqida maʼlumot berdi:
— Kariyes va milk kasalliklaridan tashqari, koʻpchilik ogʻizdan noxush hid kelishidan aziyat chekadi. Yaxshi gigiyena va toʻgʻri ovqatlanish buning oldini oladi yoki butkul bartaraf qiladi. Buning uchun, avvalambor, tarkibida rux (sink) boʻlgan mahsulotlarni isteʼmol qiling. U baliq va qisqichbaqasimonlar, qizil goʻsht, tuxum, yasmiq va yongʻoqlar (bodom va keshyu)da uchraydi. Suv, choy, olma, apelsin va yogurt ham yomon hidga qarshi yaxshi vositalardir.
Gingivit kabi parodont kasalliklar qisman tishlar orasida qolib ketadigan ovqat qoldiqlarida mavjud boʻlgan bakteriyalar sabab kelib chiqadi. D vitamini kalsiy va fosforning soʻrilishini osonlashtiradi, milk va tishlarni bakteriyalarga nisbatan ancha chidamli qiladi.
Bu vitaminni nafaqat quyosh nuri, balki baliqning yogʻli turlarini isteʼmol qilish orqali ham olish mumkin. Omega-3 kislotalarining yuqori miqdori tufayli yogʻli baliqlarni haftasiga ikki marta yeyish maqsadga muvofiq.
S vitaminiga boy mahsulotlar milkning asosiy tarkibiy qismi boʻlgan kollagen ishlab chiqarish kamayib ketishining oldini olishga yordam beradi. Kollagen kamayishi milkning pastga tushib ketishidek jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. S vitamini apelsin, limon, greypfrut, mandarin, kivi, qizil bulgʻori, qora smorodina, brokkoli, papayya kabi mahsulotlarda boʻladi.
Sut, pishloq va yogurt suyak hamda tishlar uchun muhim mineral boʻlgan kalsiyning manbai hisoblanadi. Masalan, pishloq tishlarni himoya qiladi, chunki uni isteʼmol qilganimizda bakteritsid xususiyatlarga boy boʻlgan tupurik koʻproq ishlab chiqariladi. Ismaloq, noʻxat, brokkoli, karam yoki tofuda kalsiy mavjud.
Fosfor ham tish tuzilishini optimal tarzda saqlash uchun juda muhimdir. Bu mineral sut, tuxum va baliq kabi mahsulotlarda boʻladi.
Seldr oʻsimligida olma kislotasi mavjud boʻlib, u tupurik ishlab chiqarishga yordam beradi, bu esa, oʻz navbatida, tishlarni tozalaydi va dogʻlarni yoʻqotadi. Barcha sabzavotlar singari seldrni ham ozuqaviy xususiyatlarini saqlab qolgan, xom holda isteʼmol qilish, salatlarga qoʻshib yeyish yaxshi.
Koʻk choyda katexin, antioksidant boʻlib, u bakteriyalar keltirib chiqaradigan milk yalligʻlanishining oldini olishga yordam beradi. Agar koʻk choy siz uchun achchiqlik qilsa, unga limon yoki ozgina sut qoʻshib ichishingiz mumkin.