Qariyb 5,5 mlrd. so‘mlik pirotexnika vositasi noqonuniy muomalaga kiritilishining oldi olindi

    Ma’lumotlarga ko‘ra, Farg‘onada 2 mln. 137 ming dona, Toshkent shahrida 1 mln. 514 ming dona, Qashqadaryoda 920 ming dona, Sirdaryoda 825,9 ming dona, Surxondaryoda 791,3 ming dona, Andijonda 519 ming dona pirotexnika buyumlarining noqonuniy aylanmasi oldi olingan.

    AOKAda o‘tkazilgan brifingda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati rahbari v.b. Husan Tangriyev tizimda pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi olib borilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi:

    Yangi yil yaqinlashgan sayin pirotexnika buyumlarining noqonuniy muomalasi dunyo bo‘ylab avj oladi. Bu kabi vositalarni O‘zbekiston Respublikasiga noqonuniy olib kirilishi va muomalaga kiritilishi holatlari ham ko‘plab kuzatilmoqda.

    Tahlillarga ko‘ra, respublikamiz bojxonachilari tomonidan joriy yilning 16 dekabr holatiga ko‘ra, yil boshidan buyon o‘tkazilgan keng qamrovli tezkor tadbirlar natijasida pirotexnika buyumlarining noqonuniy muomalasiga doir 123 ta bojxona qonunbuzilishi holatlari aniqlangan.

    Natijada, qiymati salkam 5,5 mlrd. so‘mlik 7 mln. 435 ming donadan ziyod pirotexnika vositalari noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan. Mazkur ko‘rsatkich ya’ni olib qo‘yilgan pirotexnika buyumlarining miqdori o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 62 foizga oshgan.

    Jumladan, Farg‘onada 2 mln 137 ming dona, Toshkent shahrida 1 mln 514 ming dona, Qashqadaryoda 920 ming dona, Sirdaryoda 825,9 ming dona, Surxondaryoda 791,3 ming dona, Andijonda 519 ming dona pirotexnika buyumlarining noqonuniy aylanmasi oldi olingan.

    2022 yil 16 dekabr holatiga ko‘ra, aniqlangan bojxona qonun buzilishlarining 24 tasi bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan, shuningdek hozirgi kunda bojxona organlari surishtiruvchilari tomonidan 30 ta holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

    Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 1 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi hududida pirotexnika buyumlari muomalasi sohasida davlat nazoratini kuchaytirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 724-son qarori bilan xavflilikning II klassiga tegishli maishiy pirotexnika buyumlarining jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan yaratilishi, ishlab chiqarilishi, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi, tashilishi, realizasiya qilinishi, sotib olinishi, saqlanishi va foydalanilishi taqiqlandi.