Qashqadaryo viloyatida mehnat bozori indeksi juda past

    Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari 2022-yil natijalari boʻyicha hududiy mehnat bozori indeksi (MBI)ni hisoblab chiqdi.

    Mehnat bozori indeksi mehnat bozoridagi holatni baholash va monitoring qilishda yordam beruvchi indeks boʻlib, mehnat bozorining joriy holatini bevosita aks ettiruvchi 5 ta koʻrsatkichni oʻz ichiga oladi.

    MBIni hisoblash uchun ishsizlik darajasi, mavjud boʻsh ish oʻrinlari va rezyumelar soni, mehnat bozoridagi konsentratsiya koeffitsiyenti va oʻrtacha oylik miqdori kabi koʻrsatkichlardan foydalanildi.

    Mehnat bozori indeksini hisoblash natijalariga koʻra, hududlar indeks koʻrsatkichlari yuqori, oʻrta, past va oʻta past boʻlgan toʻrtta guruhga boʻlindi.

    2022-yil yakunlariga koʻra, indeks koʻrsatkichlari yuqori boʻlgan guruhga Toshkent shahri, Navoiy va Toshkent viloyatlari kirdi. Bu hududlarda ishsizlik darajasi respublika boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkich (8,9 foiz) dan past – Toshkent shahrida 6,5 foiz, Navoiy viloyatida 8 foiz, Toshkent viloyatida 8,8 foiz.

    Oʻrta guruhga Buxoro, Andijon, Fargʻona, Sirdaryo, Xorazm, Namangan viloyatlari kirdi. Bu hududlardagi oʻrtacha oylik respublika miqyosidagi oʻrtacha koʻrsatkichning 80 foizidan kam emas. Mehnat taklifi esa nisbatan oʻrtamiyona, yaʼni bitta boʻsh ish oʻrniga oʻrta hisobda 5,6 ta rezyume toʻgʻri keladi. Ishsizlik darajasi 9,1 foizdan oshmaydi.

    Jizzax, Samarqand, Surxondaryo viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasi indeks koʻrsatkichlari past boʻlgan hududlar qatoriga kiradi. Ushbu hududlarda eng yuqori konsentratsiya koeffitsiyenti kuzatildi, yaʼni bitta boʻsh ish oʻrniga Qoraqalpogʻiston Respublikasida 17,4 ta, Surxondaryoda 14,1 ta, Jizzax viloyatida 12 ta rezyume toʻgʻri keladi.

    Qashqadaryo viloyatida mehnat bozori indeksi juda past, aniqrogʻi 2,2 ni tashkil etdi. Buning asosiy sababi har bir boʻsh ish oʻrniga 16,8 nafar talabgor toʻgʻri kelishi, yaʼni boʻsh ish oʻrinlari soni ish qidirayotganlar sonidan ancha kam va oʻrtacha oylik respublikadagi oʻrtacha koʻrsatkichdan ancha past ekanligidir.

    2022-yilda “mahallabay” ishlash tizimiga oʻtilishi va hokim yordamchilari faoliyatining yoʻlga qoʻyilishi hududlardagi ishsiz fuqarolarning katta qismini roʻyxatga olish va ularning rezyumelarini Milliy vakansiyalar bazasiga (ish.mehnat.uz) kiritish imkonini berdi. Bu esa oʻz navbatida, ishsiz aholini faol ish qidiruvchi holatiga oʻtkazib, Toshkent shahridan tashqari barcha hududlarda MBI koʻrsatkichlarining 2021-yildagiga nisbatan pasayishiga olib keldi.