Qayu millatda maktab oʻlmasa, beshak xarob oʻlgay...

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining shu yil 4-mart 44-sonida Fargʻona politexnika instituti katta oʻqituvchisi Shavkatjon Xonqulovning “Qayu millatda maktab oʻlmasa, beshak xarob oʻlgay... yoxud Hamza Hakimzoda Niyoziy hayotining hali oʻrganilmagan sahifalari” nomli maqolasi chop etildi. Quyida uni oʻqishingiz mumkin.

    Turkiston istiqbolini oʻylovchi taraqqiyparvar kuchlar xalqning deyarli barcha tabaqalarida mavjud boʻlgan. Ziyolilar dastlab chorizmga qarshi kurashni xalqni asriy qoloqlikdan uygʻotish, siyosiy-maʼrifiy jabhadan boshlashga qaror qildilar. Jadidchilik harakati ana shunday tarixiy bir sharoitda shakllana boshladi. Ular orasidan yetuk olimlar, madaniyat arboblari yetishib chiqib, yurtni obod va Vatanni mustaqil koʻrishni orzu qildilar va shu yoʻlda fidoyilarcha kurashdilar.

    Yangi usul maktablari tarmogʻini kengaytirish, qobiliyatli yoshlarni chet elga oʻqishga yuborish, turli maʼrifiy jamiyatlar va teatr truppalari tuzish, gazeta va jurnallar chop qilish harakatiga bosh boʻlishdi.

    Fargʻona vodiysida Ibrat, Ashurali Zohiriy, Obidjon Mahmudov, Hamza Hakimzoda, Choʻlpon, Ibodiy singari maʼrifatparvarlar bu harakatning asoschilari sifatida eʼtirof etiladi.

    Vodiyda jadidchilik harakati oʻziga xos jihatlari bilan ajralib turgan. Ayniqsa, maktablar va oʻquvchilar soni koʻpligi, ilk bosmaxona Fargʻonada ochilishi, siyosiy maqsadlar rang-barangligi jadidchilik harakati chuqur mahalliy ildizlarga ega boʻlganidan dalolat beradi. “Sadoyi Fargʻona”, “Sadoyi Turkiston” gazetalarining mahalliy xalq milliy-siyosiy ongi rivojlanishida muhim oʻrin tutishi Fargʻona jadidchilik harakatining oʻziga xos jihatlarini namoyon etadi.

    Keyingi yillarda yaqin oʻtmish asarlarini bugungi kunda shakllangan tahlil tamoyillari asosida baholash borasida talay xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.

    Prezidentimizning “Biz diniy jaholatga, zararli oqimlarga qarshi maʼrifat bilan kurashish kerakligi haqida koʻp gapiramiz. Bu toʻgʻri, albatta. Lekin maʼrifat, maʼrifiy bilimlar qayerda – avvalo, ota-bobolarimiz bizga qoldirib ketgan moʻtabar kitoblarda emasmi?”, degan soʻzlari XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Turkistonda millat bolalari uchun maktablar ochib, taʼlim-tarbiya tizimida mutlaqo yangi yoʻnalish targʻibotchisi boʻlgan Hamza Hakimzoda Niyoziy shaxsiga ham taalluqlidir.

    Shoirning hayoti va ijodiy merosi kommunistik mafkura sharoitida xolis va toʻlaqonli tadqiq etilmaganidek, mustaqillik davrida ham jiddiy qayta oʻrganilgan emas. Shu boisdan ham shoirning qoʻlyozmalarini qiyosiy oʻrganish va uning asarlarini tarix va adabiyotshunoslikda erishilgan bugungi kun yutuqlari asosida qayta tadqiq qilish zarurati mavjud. Shoir teatr, dramaturgiya rivoji va ilgʻor maʼrifiy-huquqiy fikrlar rivojlanishi tarixida muhim oʻrin tutgan shaxslardan biridir. Chunki u maʼrifatparvar va demokratlarning siyosiy gʻoyalarini rivojlantirib, oʻzining turli janrdagi asarlarida mahalliy aholining ongiga siyosiy gʻoyalarni olib kirishga, targʻib qilishga va ularning rivojlanishiga katta hissa qoʻshdi. U murakkab, biroq mazmundor hayot yoʻlini bosib oʻtdi.

    Yosh Hamza adabiyotga havas qoʻyar ekan, avvalo, Lutfiy, Alisher Navoiy, Fuzuliy kabi klassik shoirlar, ayniqsa, Muqimiy va Furqat asarlaridan bahramand boʻldi, ularga ergashib sheʼrlar yozdi. Hamzaning shaxsiy arxivida 1905-1914-yillar mobaynida “Nihon” taxallusi bilan yozgan 214 ta gʻazal va muxammas roʻyxati bor. Shulardan 4 tasi 1905-yilda bitilgani aytilgan. Shoirning 1948-yilda topilgan “Devon”i buni tasdiqlaydi. Hamza 10-11 yoshida sheʼr yoza boshlagan, 25 yoshida “Devoni Nihoniy” toʻplami nashr qilindi. Devonga uning 15 yil ichida yozgan 177 ta sheʼri kiritilgan. Ulardan 150 tasi gʻazal, qolgani turli janrlarga oid. Devondagi 165 ta gʻazal oʻzbek tilida, 10 tasi tojik tilida, 2 ta sheʼr esa oʻzbekcha va ruscha soʻzlar aralashtirib yozilgan. Shakl va mazmundagi bunday yangilanishlar, shubhasiz, shoirning chindan ham XX asr oʻzbek maʼrifatparvarlik taraqqiyotiga katta hissa qoʻshganini koʻrsatadi.

    Xalq ommasini maʼrifatli qilish Hamza faoliyatida asosiy oʻrin tutadi. U ehtiyojmandlarni bolalar oʻquv qoʻllanmalari, ovqat va kiyim-kechak bilan taʼminlash maqsadida “Jamiyati xayriya” tashkil qildi. Bu maktabning dovrugʻi Qoʻqon shahridan tashqariga ham tarqala boshladi. Mahalliy maʼmurlar bundan hayiqib, 1913-yilda maktab va jamiyatni yopadilar. Ammo maʼrifatparvar ijodkor toʻxtab qolmadi. U 1914-yil 8-dekabrda Qoʻqondagi Muhammad Sharif mahallasida Miraziz ellikboshi oʻgʻlining bogʻida “Dorul aytom” (Yetimlar uyi) ochadi. U bunday deb yozgan edi: “Biz yoʻqsillarning bolalarini va yetimlarni oʻqitishni hohlaymiz, ularning miyalarini foydali ish bilan mashgʻul qilmoqchimiz, shuning uchun ham oʻzimizning “Dorul aytom”imizni ochdik. Bu maktabda oʻqitish tekin boʻlishi bilan birga bolalarga daftarlar, yozuv ashyolari va kitoblar ham tekin beriladi”.

    U oʻz maktabi uchun “Yengil adabiyot”, “Oʻqish kitobi”, “Qiroat kitobi” kabi darsliklar yaratdi. Bu darsliklarda har bir dars soʻzlarning kelib chiqishini izohlashdan boshlanadi, soʻngra bu tushunchaning falsafiy mazmuni beriladi. Mustamlakachi maʼmuriyat mahalliy xalq taʼlimi rivojlanishiga aslo toqat qila olmas edi. Shu sabab turli yoʻllar bilan toʻsqinlik qilar edilar. Buni anglagan Hamza taʼlimning tushunarli va koʻrgazmaliligi singari aniq taʼlim-tarbiya qoidalarini qattiq turib himoya qildi. Bunga quyidagi misolni keltirish mumkin. Maktabda geometriya darslaridan birida koʻrgazmali qurol yoʻq edi. Natijada dars unchalik ishonchli chiqmagan. Hamza zarur koʻrgazmali qurollarning eskizlarini yasab, Shohimardondagi duradgor ustaga tayyorlashga buyurtma qildi. Soʻngra asboblardan foydalana boshladi. Shunday qilishni boshqa oʻqituvchilarga ham maslahat berdi.

    Mashhur maʼrifatparvar Munavvarqori Abdurashidxonov Hamza asarlari nashriga oid maktubida bunday yozadi: “Yengil adabiyot”ingizgʻa keloncha namunalaridan maʼlum oʻldigʻina koʻra vazn jihatidan shogirdlar uchun koʻp yaxshi tartib etilgan koʻrinadur. Faqat til, maʼno va mazmun jihatidan bir oz soddaroq oʻlsa edi, daho muvofiqroq oʻlurdi”.

    Shoir 1914-1915-yillarda yozilgan “Oʻqi!”, “Ilm ista”, “Olim boʻlaylik”, “Kitob”, “Qalam”, “Maktab”, “Hikoya”, “Toʻgʻri soʻz bola”, “Toshbaqa bilan Chayon”, “Qimorning boshi”, “Bolaning yomon boʻlmogʻiga sabab boʻlgan onaning jazosi” kabi ijod namunalarida ilm-maʼrifat, ahloq-odob, toʻgʻrilik, halollik, chin doʻstlikni targʻib qildi. Shoir oʻz davrida sodir boʻlayotgan voqea va hodisalarni sinchiklab kuzatib bordi. “Sadoi Turkiston”, “Sadoi Fargʻona”, “Ulugʻ Turkiston” gazetalarida, “Al-Isloh” jurnalida publitsistik maqolalari muntazam bosilib turgan edi. Uning maqolalarida mahalliy xalqining ijtimoiy, maʼnaviy va ruhiy xayoti manzaralari nihoyatda yorqin tasvirlangan. Jumladan, “Bidʼatmi? majusiyatmi?” nomli maqolasida diniy bidʼatlar qatori qimorbozlik, ichkilikka mukkasidan ketish holatlarini tanqid qilib, islom dinining sofligi va taraqqiyoti ilm-maʼrifat bilan bogʻliqligini ochib bergan. “Maktabi dor ul-aytom” maqolasida esa Qoʻqon shahridagi Bekbachcha mahallasida taʼsis etilgan yangi tipdagi maktabning ahamiyatini qalamga olgan.

    Hamza oʻz davrining ilgʻor maʼrifatparvar jadidlari bilan yaqin aloqa oʻrnatgan, ular bilan hamkorlik qilgan. Ijodida Mahmudxoʻja Behbudiyning maʼrifatparvarlik yoʻlidagi harakatlariga alohida hurmat bilan qaradi. Toshkentda Turkiston jadidchilik harakatining rahbari Munavvarqori Abdurashidxonov va uning atrofidagi shogirdlari, usuli jadid muallimlari aka-uka Shokirjon va Sobirjon Rahimiylar bilan yaqin aloqa oʻrnatdi. Hamza ijodiga jadidchilik gʻoyalari kirib kelishi, yuqorida aytilganidek, Munavvarqorining muborak ismi bilan bogʻliq. Bu haqda soʻzni davom ettirishdan avval bir faktni qayta mushohada etish lozim koʻrinadi.

    Gap shundaki, hamzashunoslar “Milliy ashulalar”ning nashr etilishi haqida soʻzlab, uning 1915-yilda tuzilgani va oʻsha yilning sentyabr – oktyabr oylarida Qoʻqonda toshbosmada chop etilgani haqida maʼlumot berib kelganlar. Ammo Munavvarqorining Hamza arxivida saqlanib qolgan xatlaridan majmuaning nashr etilish tarixiga doir yangi maʼlumot yuzaga chiqadi.

    Munavvarqorining 1916-yil 1-yanvar sanali xatidan maʼlum boʻlishicha, Hamza unga “Feruzaxonim” asari, “Yengil adabiyot” risolasi va bir sheʼriy kitobini yuborib, ustozning shu asarlar haqidagi fikrini bilmoqchi va, iloji boʻlsa, “Turkiston” kutubxonasi yordamida chop ettirmoqchi boʻlgan. Aftidan Hamza Munavvarqoriga zikr etilgan asarlari bilan birga “Milliy ashulalar”ni ham yuborgan. Ustozning 1916-yil 17-fevralda bitilgan xati bu haqda maʼlumot beribgina qolmay, “Milliy ashulalar”ning Qoʻqonda Hamza tomonidan chop etilgani xususidagi fikrga ham aniqlik kiritadi. Xatda: “Birodari azizim! Maktublaringiza vaqtida javob yoza olmagʻonligʻim xususinda afvingizni istirhom qilurman. Kitoblaringizni koʻrdim. “Milliy ashulalar”ingizni oʻz ismingizdan tabʼ etdirdim. Yaxshi qagʻozda 12 bet boʻlib, ming donasi 28 soʻmlargʻa tushdi. Hozirda taxlovchida. Bahosini 6 tiyin, pochta ila 8 tiyin qoʻydim. Hammasi boʻlib 895 nusxa kitob boʻlsa kerak. Qagʻoz va boshqa masoriflari shirkat (“Turkiston” shirkati nazarda tutilmoqda) tarafindan tutuldi. Emdilikda shirkatga xizmat haqi uchun necha nusxa marhamat qilsangiz, maal tashakkur, ortib qolgʻonini oʻzingizgʻa yuborurmiz. Faqat 28 soʻmni kutubxonaga tezroq perevod qiluvingiz rijo oʻlinur. Avvalgi sheʼr kitobingiz qagʻoz qahatligi sababli bosilmay turubdur... “Milliy ashulalar”ingiz oz va kichkina boʻlgʻon sababli bosturildi. Boshqa asarlaringiz toʻgʻrisida inshoollo bilzot koʻrushub soʻylashurmiz”, deya bayon etilgan. Abdurashidxonovning bu va boshqa xatlariga asoslangan holda shuni qayd etish lozimki, Hamza Toshkentdan ketganidan keyin ham pir deb eʼtirof etgan siymo bilan muntazam aloqada boʻlib, unga yozgan asarlarini yuborgan va uning fikrini olib turgan. U Munavvarqori ixtiyoridagi “Turkiston” kutubxonasi nashr imkoniyatlaridan foydalanish niyatida boʻlgan. Hamza “Feruzaxonim”, “Yengil adabiyot” va “Milliy ashulalar”ni ustozdan olgan “milliy saboqlar”ning amaliy samarasi sifatida, goʻyo ijodiy hisobot tarzida unga yuborgan. Ammo sovet davrida Hamza kabi jadidlar faoliyati xususidagi maʼlumotlar soxtalashtirilib, bu borada koʻplab maqolalar chop etilgan. Masalan, S.Rajabovning “Hakimzoda Niyoziyning pedogogik merosi” maqolasida “Hamza Hakimzoda eski va jadid maktablari muallimlari koʻpchiligi oʻz tilidan boshqa tilni bilmas, chalasavod, madaniyatsiz, baʼzan axloqsiz kishilar ekanini, ular bolalarga hech narsa oʻrgata olmasligini tushunar va shuning uchun ularni ayovsiz fosh qilardi”, degan maʼlumotni uchratamiz.

    Maqolada shoirning ijodiy faoliyati sunʼiy ravishda soxtalashtirilganini koʻrishimiz mumkin. Chunonchi, 1914-yilda “Sadoyi Fargʻona” gazetasida jadid maktablarida ishlash uchun 2 oʻqituvchi kerakligi haqida mana bunday eʼlon bosiladi: “Namoz oʻqiydigan, ichkilik ichmaydigan, aysh-ishratdan yiroq ikki muallim kerak… yaxshi vazifa berilur. Adres idorada”. Ushbu maʼlumotlar Hamzaning jadid maʼrifatparvarlaridan biri boʻlgani, uning pedagogik didi va maʼnaviyati naqadar nozikligidan dalolat beradi.

    Oʻzbek jadid dramalari haqida soʻz yuritish uning mualliflari yoki oʻsha davr tushunchasi bilan aytganda, musannif yoki muharrirlari xususida hamda sahnalashtirilishi, chop etilishidan qatʼi nazar, yaratilgan pyesalarning miqdor-salmogʻi xususidagi ayrim tafsilotlarni taqozo etadi. Chunki, avval aytganimizdek, bu davr dramaturgiyasiga bepisand qarash yoki sovet davrida olqishlab, keyin faqat Hamza ijodini ajratib olib, qolganidan koʻz yumish yoki eʼtiborsiz qoldirish adabiyotshunoslik va teatrshunoslikning katta kamchiligidir.

    H.H.Niyoziyning ijodiy faoliyatining ikkinchi bosqichi 1918-yildan boshlandi. Shoirning 1917-yil oktyabr toʻntarishigacha boʻlgan ijodidagi asosiy gʻoya maʼrifatparvarlikdir, u bu davrda jadid adabiyotining yirik namoyandasi sifatida badiiy ijodning hamma imkoniyatlaridan, adabiy tur va janrlaridan foydalandi. Barcha jadid mutafakkirlari singari u ham 1917-yil fevral voqealaridan soʻng hammasi tugadi, Turkiston xalqlari mustamlaka qulligidan ozod boʻldi, deb oʻyladi. “Shoʻroi Islomiya” jamiyatining dastlabki faol aʼzolaridan biri boʻldi. U ushbu jamiyat bilan iliq munosabati, qolaversa, Turkiston Muxtoriyati hukumati faoliyatida asosiy oʻrin tutgan Obidjon Mahmudov, Saidnosir Mirjalilovlar bilan yaqin aloqada boʻlgani shaxsiy arxiv hujjatlarida ham qayd qilingan.

    Hamza 1918-yilda Fargʻonaga qaytdi va butun kuchini teatr sohasiga bigʻishladi, teatr truppalari bilan hamkorlikda sahna asarlari qoʻydi. Qoʻqonda muallimlikni davom ettirdi, undan Fargʻonaga kelib, madaniy-maʼrifiy tashkilotga kirib teatr tuzdi. Aynan shu yillarda sovetlar tomoniga oʻtib, oʻz qobiliyatini badiiy ijodga emas, sovet hukumatining targʻibot-tashviqot ishlariga safarbar etdi. Sovet hokimiyatining yangi shakldagi mustamlakachilik siyosatini koʻra olmadi.

    1920-yildan soʻng shuhrati soʻnib, ijodkorlik shijoati sustlashdi, oʻzi ham qashshoqlashib qoldi. 1921-1922-yillarda Fargʻona Obkomi topshirigʻi bilan Buxoro va Xorazmga ilk xalq respublikalari tajribalarini oʻrganish maqsadida yuborildi. Loyihani tugatgach, Xoʻjayli maktabida direktor boʻlib Xorazmda yana ikki yil ishladi. Hamzaning shaxsiy kundaliklari oʻrganilganda u bajarayotgan ishi, yolgʻizlik va qogʻozbozlikdan nafratlangani, lekin maoshni deb ishlashga majbur boʻlganini sezish mumkin. 1924-yili Xorazmdan qaytdi – bu gal ham ishsiz, qarzga botib va sogʻligi yomonlashib kun kechirdi. Fargʻonaning Avval qishlogʻida ikki-uch yil shunday yashadi. Oʻsha paytdagi Oʻzbekiston hukumati rahbari Yoʻldosh Oxunboboyevga bogʻlanib, bir necha sahna koʻrinishlariga buyurma oldi va jamoatchilik hayotiga qaytdi.

    1928-yil avgust oyida sovetlar oʻz siyosatini amalga oshirish, jamoa xoʻjaliklarini tashkil qilish, islom diniy xurofotiga qarshi kurashish uchun shoirni Shohimardonga yuboradi. Ammo u yerda shoir qattiq qarshilikka uchradi. Sovet hukumati boʻlgan voqealarni bilsa-da, amalda shoirni qoʻllab-quvvatlamadi. Hamza oʻzining ijodida oʻzbek xotin-qizlarining huquqiy tengligi va ularning ilmli boʻlishiga alohida eʼtibor qaratgan. Ayollarni ozodlikka chiqarishni jadidlar ham hohlagan, lekin ular bu ishda sovetlar qoʻllayotgan usullardan norozi edi. Garchi Hamza “Hujum” harakatining eng shijoatli tarafdori boʻlsa-da, matbuotda unga qarshi chiqishi kuzatilmagan. 1927-yillar “Oʻzbek xotini tilidan”, “Oʻzbek xotin-qizlariga”, “Ozod xotin-qizlar qoʻshigʻi”, “Bu kun – 8-mart”, “Xotin qizlar ovozi”, 1928-yilda esa “Hujum”, “Muborak”, “Uzilgan chechaklar”, “Tursunoy marsiyasi” kabi sheʼrlar yozdi. Ularning barchasi ayollarni maʼrifatga chorlovchi gʻoyalar bilan sugʻorilgan edi.

    1927-yil iyul oydi Hamza Qoʻqon temir yoʻl ishchilar kulubida havaskorlar toʻdasini tuzdi va rejissyorlik qildi. Shoirning Qoʻqon yoshlari orasida taʼsiri kuchli boʻlgan. U qanday yangi sheʼr yozgan va kuy yaratgan boʻlsa, maktablardagi adabiyot va sanʼat toʻgaraklarida yod olinar va shaharga yoyilar edi. Muhim ijtimoiy, siyosiy masalalar borasidagi hur fikrlari “Yigʻla, Turkiston”, “Jonlarning janoni Vatan”, “Dardiga darmon istamas” sheʼrlarida, “Loshmon fojiasi”, “Muxtoriyat yoki avtonomiya”, “Burungi qozilar”, “El quzgʻunlari”, “Jahon sarmoyasining oxirgi kunlari” kabi asarlarida oʻz ifodasini topgan. Millatning ziyoli farzandlari joniga xatar solgan murakkab va ziddiyatli davrlarda Hamza ijodida murosaga moyillik, komfirqa mafkurasi taʼsiriga yon berishi sezilib turadi.

    Xulosa qilib aytganda, Hamza Hakimzoda Niyoziy xalqini, shuningdek, yosh avlodni oʻqitish, maʼrifatli qilish, tarbiyalash ishiga oʻzining butun iqtidorini, umrini bagʻishladi. Lirik shoir, demokrat-maʼrifatparvar kuychi sifatida ijod qildi. Afsuski, u yaratgan ijod namunalaridan bir qoʻllanma kitob, bir roman, toʻrt dramatik asar matni yoki ulardan biror qism shu vaqtgacha topilgan emas. Demak, Turkiston xalqlari tarixida chuqur iz qoldirgan ulkan ijtimoiy-siyosiy harakat – jadidchilik yangidan, xolisona oʻrganilishi lozim boʻlgan tarixiy jarayonlar jumlasidandir.