Qishloq xoʻjaligi vaziri va FAO bosh direktori 2021-yildagi hamkorlikning asosiy yoʻnalishlarini belgilab olishdi

    Xalqaro hamkorlik 8 Yanvar 2021 818

    2021-yil 7-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vaziri, noyabr oyida FAOning Yevropa mintaqaviy konferensiyasining raisi etib tayinlangan Jamshid Xodjayev va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) bosh direktori Syuy Dunyuy onlayn rejimida ishchi uchrashuv oʻtkazdilar.

    Uchrashuv davomida vazir Xodjayev FAO bosh direktori bilan “Yoʻl xaritasi” da 2021-yilga belgilangan rejalarni muhokama qildi va kelishib oldi. “Yoʻl xaritasi” ning muhim bandlaridan biri - 2021-yilda boʻlib oʻtadigan Butunjahon oziq-ovqat sammiti ishida Oʻzbekistonning faol ishtirokini, shuningdek sammit hujjatlari va qarorlarini tayyorlashdagi ishtirokini taʼminlashdan iborat.

    FAO bosh direktori Syuy Dunyuy FAO Oʻzbekistonning oziq-ovqat sammitidagi faol ishtirokini qoʻllab-quvvatlashi va Yevropa mintaqaviy konferensiyasi raisi sifatida vazir Xodjayevning mintaqa davlatlari pozitsiyalarini muvofiqlashtirishiga tayanayotganini taʼkidlab oʻtdi. Shuningdek, u Xodjayevning FAO Kengashining 2021-yilga rejalashtirilgan yigʻilishlari hamda oziq-ovqat va iqlim oʻzgarishi boʻyicha global konferensiyalar ishiga qoʻshadigan hissasi ahamiyatli va zarur ekanini aytdi. FAO Bosh direktori tashkilot vakillari ishiga alohida eʼtibor qaratayotgani uchun minnatdorchilik bildirdi.

    - Qishloq xoʻjaligi sohasini rivojlantirishga munosib hissa qoʻshgan va “Qishloq xoʻjaligi fidoyisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan bir guruh davlat va xususiy tashkilotlar xodimlari, olimlar va mutaxassislar, fermerlar va ishchilar orasida FAO vakillarini koʻrish men uchun katta sharafdir. Dekabrning har ikkinchi yakshanbasini Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni sifatida nishonlar ekan, davlat qishloq xoʻjaligi vakillariga va ularning ushbu muhim sohani rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslariga katta eʼtibor jalb etmoqda — taʼkidladi Syuy Dunyuy.

    Onlayn uchrashuv davomida FAO va Oʻzbekiston oʻrtasida 2021-2025-yillarga moʻljallangan mamlakatlararo Hadli bitimning asosiy bandlari muhokama qilindi. Dasturni yanvar oyi davomida tasdiqlash va imzolash rejalashtirilgan.

    - Oʻzbekiston FAO bilan bir yil davomida juda samarali hamkorlik qildi, — taʼkidladi Xodjayev. — Biz koʻplab qoʻshma loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirdik va, masalan, issiqxona xoʻjaliklari, chigirtkalarga qarshi kurash, sholi yetishtirish, asalarichilik singari yoʻnalishlardagi bir nechta yangi loyihalarni ishga tushirdik. BMTning yangi Barqaror rivojlanish Hadli dasturiga muvofiq hozirgi vaqtda FAO va Qishloq xoʻjaligi vazirligi jamoasi Oʻzbekiston uchun 2021-2025-yillarga moʻljallangan yangi Hadli dasturni tayyorladilar. Bir necha kun ichida uni imzolashga va amalga oshirishga kirishishga tayyormiz.

    Shuningdek, vazir fursatdan foydalangan holda Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi boʻyicha Xalqaro raqamli kengash yaratilishini Oʻzbekiston qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanini yana bir bor taʼkidladi.

    - FAOning Yevropa mintaqaviy konferensiyasi raisi sifatida qishloq xoʻjaligida, ayniqsa moliyaviy imkoniyatlari katta boʻlmagan fermerlar uchun zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalanish imkoniyatini taqdim etish va ularni kengaytirish borasida barcha mamlakatlarni qoʻllab-quvvatlash muhimligini taʼkidlamoqchiman, - deya qoʻshimcha qildi Xodjayev.

    Vazir taʼkidlaganidek, yaqinda boʻlib oʻtadigan oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi boʻyicha 2021-yilgi Global forum va Qishloq xoʻjaligi vazirlarining 13-Berlin konferensiyasi ushbu yoʻnalishda harakatlarni boshlash uchun yaxshi imkoniyat rolini oʻtashi mumkin. Bundan tashqari, yaqinlashayotgan “Butunjahon oziq-ovqat sammiti 2021”ni ushbu maqsadlarda xizmat qilishga mos yana bir maydon sifatida tilga olish mumkin.

    Uchrashuv Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) oʻrtasida FAOning Rimdagi bosh qarorgohida Oʻzbekistonning tematik zonasini yaratish toʻgʻrisidagi Bitimni imzolash marosimi bilan yakunlandi. Eslatib oʻtamiz, tashkilotning bosh qarorgoxi Rimning markazida, Kolizeyga yaqin joyda joylashgan. Binoda FAOga aʼzo boʻlgan turli mamlakatlar: Fransiya, Hindiston, Kanada, Avstraliya, Polsha kabi davlatlarga mos uslubdagi tematik makonlar allaqachon yaratilgan.

    Maʼlumot uchun: FAO Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti boʻlib, u asosiy eʼtiborni ochlikka qarshi kurash va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga qaratadi. 1945-yilda asos solingan FAOga 194 davlat aʼzo. Oʻzbekiston unga 2001-yilda aʼzo boʻlgan. 2014-yilda Toshkentda tashkilotning vakolatxonasi ochildi. 2022-yilgacha boʻlgan harakatlar rejasini belgilab bergan Hadli dastur doirasida FAO Oʻzbekiston hukumati bilan kelishilgan uchta ustuvor yoʻnalishda qoʻllab-quvvatlab keladi, bular: Qishloq xoʻjaligi vazirligi va boshqa davlat idoralarini institutsional va strategik qoʻllab-quvvatlash; qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat zanjirini rivojlantirish, bozorga kirish; tabiiy resurslarni barqaror boshqarish, iqlim oʻzgarishi va bioxilma-xillik.