Qishloq xoʻjaligining taqdiri — tomchilatib sugʻorishda

    Ekspertlarning oʻtgan asrdagi suv eng qimmat resursga aylanishi haqidagi prognozlari bugun oʻz isboti topa boshladi.

    Negaki, Suv xoʻjaligi vazirligining maʼlum qilishicha, 2030-yilga borib, Oʻzbekistonda 7 milliard kub metr suv tanqisligi kuzatilishi va oqibatda mamlakat dunyodagi suv tanqis boʻlgan 33 davlat qatoriga tushib qolishi ehtimoldan yiroq emas. Bu esa qishloq xoʻjaligida suvdan oqilona foydalanish, sugʻorishning tejamkor usullarini qoʻllashni jadallashtirishni taqozo etadi.

    Darahaqiqat, bugungi kunda koʻplab xorijiy davlatlar qishloq xoʻjaligida suv taqchilligi muammosiga suv tejovchi texnologiyalar orqali yechim topmoqda. Masalan, Isroilda 75-80 foiz ekin maydonlari tomchilatib sugʻorish tizimiga oʻtkazilgan. Eʼtiborlisi, Oʻzbekistonda ham bu tizim ommalashib, soʻnggi yillarda 400 ming gektarda tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyalari joriy qilindi.

    — Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi sohasining rivoji, yanayam aniqrogʻi, dehqonchilik taqdiri — tomchilatib sugʻorishda, — deydi Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari uyushmasi raisi, senator Murtazo Rahmatov. — Suv taqchilligi tez-tez takrorlanayotgan, qurgʻoqchilik taʼsiri ortib borayotgan hozirgi sharoitda sugʻorishning ushbu usuliga oʻtmasdan turib, hosil yetishtirish qiyin masala. Shuning uchun yurtimizda sugʻorishning tejamkor usuliga oʻtilyapti. Tabiiyki, bunda paxta-toʻqimachilik klasterlari lokomotiv vazifasini bajarmoqda.

    Buxoro viloyatidagi “BCT Cluster” paxta-toʻqimachilik klasteri gʻoʻza maydonlarida ham tomchilatib sugʻorish tizimi yil sayin kengaytirilmoqda. Joriy yilda u 507 gektarda tatbiq qilinyapti. Buning uchun 15 ta suv tindirish hovuzini qurish, ularga obihayot yetkazib berish uchun tik quduqlar qazish, shuningdek, nasos va boshqa agregatlar oʻrnatish, quvurlarni yotqizish ishlari jadal olib borilyapti. Ushbu texnologiya ishga tushgach, ekinlarni sugʻorish va oziqlantirish uchun suv va mineral oʻgʻitlar sarfi 50 foizgacha tejalishi kutilmoqda.

    Yaqinda Quyi Chirchiq tumanidagi “TST Sluster” koʻp tarmoqli klasterining yana 50 gektar gʻoʻza maydonida sugʻorishning tejamkor usuliga start berildi.

    Klaster Tomchilatib sugʻorish boʻlimi boshligʻi Abror Farmonovning aytishicha, anʼanaviy sugʻorish usulidan bosqichma-bosqich voz kechilib, tomchilatib sugʻorishga oʻtilyapti. Shu maqsadda oʻtgan yillarda 1200 gektardan ortiq maydonga ushbu texnologiya tatbiq qilindi. Chunki ushbu texnologiya tufayli suv bilan birgalikda, zaruriy oʻgʻitlar ekinning ildiz qismiga uzatib beriladi. Natijada suv va oʻgʻit sarfi keskin kamayib, paxta hosildorligi oʻrtacha 30 foizgacha koʻtariladi.

    Shu kabi afzalliklar tufayli joriy yilda yana 450 gektar maydon tomchilatib sugʻorish usuliga oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Ana shunda ushbu klasterda tejamkor sogʻorish tizimlari joriy etilgan maydonlar umumiy hajmi 1700 gektarga yetadi.

    Taʼkidlash kerakki, Prezidentimizning 2022-yil 1-martdagi “Qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, 2022-yilda respublika boʻyicha 89,8 ming gektarda tomchilatib, 16,2 ming gektarda yomgʻirlatib, 5,7 ming gektarda diskret, 72,9 ming gektar maydonda egiluvchan quvurlar orqali va 36 ming gektar maydonda egatga plyonka toʻshab sugʻorish tizimlari joriy qilindi. Natijada suv sarfi tejaladigan maydonlar 1 million gektardan oshib, qishloq xoʻjaligi umumiy ekin maydonining 25 foizi qamrab olindi.

    Bunday loyihalarni amalga oshirgan qishloq xoʻjaligi korxonalari davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgani katta ragʻbat boʻlyapti. Masalan, 2019-2022-yillarda paxta maydonlarida suvni tejashga yoʻnaltirilgan tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilgan 5 mingdan ortiq fermerga 138 ming 953 gektar maydonda ushbu texnologiyalarni joriy etgani uchun davlat tomonidan 1 trillion 44 milliard soʻmdan ortiq subsidiya mablagʻlari ajratildi.

    Zotan, suv taqchilligi sezilayotgan hozirgi sharoitda qishloq xoʻjaligining kelajigi va rivoji tomchilatib sugʻorishdadir.

    Said RAHMONOV