Qonun bilan ijtimoiy xizmatlar va yordam koʻrsatish tizimi takomillashtiriladi

    Joriy yil 19-iyulda Senatning Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi majlisi boʻlib oʻtdi.

    Unda Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibida koʻrib chiqilishi rejalashtirilayotgan “Ijtimoiy xizmatlar va yordam koʻrsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun dastlabki tarzda muhokama etildi.

    Taʼkidlanganidek, aholining ijtimoiy himoya qilinishini kuchaytirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar natijasida ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga davlat tomonidan koʻrsatiladigan ijtimoiy xizmatlar va yordam turlari kengaytirib borilyapti.

    Ushbu Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining zimmasiga dafn etish uchun nafaqani berish vazifasini yuklatishga, uning xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlarini belgilashga, shuningdek fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga va maʼmuriy sudlarga murojaat qilishda davlat bojini toʻlashdan ozod etishga taalluqli oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

    Bundan tashqari, oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan 80 yoshga toʻlgan keksalarga qarab turilgan vaqt ish stajiga qoʻshib hisoblanishi uchun davolash muassasasining xulosasi talab etilmasligi belgilanmoqda.

    Shuningdek, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalar, yolgʻiz yashovchi keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar yoʻqolgan yoxud yaroqsiz holga kelgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining identifikatsiyalovchi ID-kartasini yoki biometrik pasportini almashtirishda davlat bojini toʻlashdan ozod qilinishini nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilyapti.

    Senatorlarning fikricha, Qonun aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularni joriy etish mexanizmlarini takomillashtirish, davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat koʻrsatish koʻlami va turlarini kengaytirish, jamiyatda aholiga ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatishda muammo va toʻsiqlarni bartaraf etishga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish, inson huquqlari hamda ularning qonuniy manfaatlarini ishonchli tarzda huquqiy muhofaza va himoya qilishga, huquqiy mexanizmlarni milliy qonunchiligimizda mustahkamlashga xizmat qiladi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Majlis soʻnggida Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.