Qonunning yoshlar bandligini taʼminlashga doir qismi tanqidiy koʻrib chiqildi

    Mamlakatimizda 30 Noyabr 2021 826

    Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tomonidan “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining yoshlar bandligini taʼminlashga doir qismining Toshkent viloyatida ijro etilishi holati oʻrganilib, qoʻmita majlisida muhokama qilindi.

    Bugungi kunda Toshkent viloyati aholisi 2 mln 935 ming 14 nafarni, shundan 18-30 yoshdagi fuqarolar 539 ming 52 nafarni, ish bilan band boʻlmagan yoshlar 37 ming 53 nafarni, “Yoshlar daftari”ga kiritilganlar 41 ming 4 nafarni tashkil etadi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-apreldagi “2021-yilda yangi ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligiga koʻmaklashish boʻyicha davlat dasturi toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan prognoz koʻrsatkichlariga asosan viloyat boʻyicha 42 814 ta yangi ish oʻrinlarini tashkil etish belgilangan.

    Viloyatda joriy yilning 10 oyi davomida 33 777 ta yangi ish oʻrni belgilangan boʻlib, amalda 39 448 ta yangi ish oʻrinlari yaratilgan yoki ijrosi rejaga nisbatan 117 foizga taʼminlangan.

    Shuningdek, dasturga kiritilmagan qoʻshimcha umumiy qiymati 1 trln 900 milliard soʻmlik 347 ta yangi investitsiya loyihalari ishga tushirilishi natijasida 5 966 ta ish oʻrinlari yaratilgan.

    “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 41 ming 4 nafar yoshning 36 ming 173 nafariga amaliy yordam koʻrsatilib, daftardan chiqarilgan.

    Viloyatda amalga oshirilgan ishlar bilan birga ayrim kamchiliklar ham mavjudligi aniqlangan. Xususan, Prezidentning 2021-yil 21-apreldagi “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini tashkil etish hamda yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra 2021-yilning 1-sentyabriga qadar Angren va Bekobod shaharlari hamda Toshkent, Oʻrtachirchiq, Boʻka, Bekobod tumanlarida ishga tushirilishi lozim boʻlgan jami 7 ta yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi faoliyati yoʻlga qoʻyilmagan.

    Bundan tashqari, hududiy investitsiyalarni amalga oshirish orqali aholi bandligini taʼminlash prognoz koʻrsatkichlari ijrosi yetarlicha bajarilmagan. Jumladan, 2021-yilda Angren shahrida 49 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan boʻlib, amalda birorta ham hududiy investitsiya loyihasi ishga tushirilmagan. Oʻrtachirchiq tumanida 163 ta loyihadan 10 tasi, Yangiyoʻl shahrida 52 ta loyihadan 2 tasi, Piskent tumanida 118 ta loyihadan 11 tasi, Yangi yoʻl tumanida 133 ta loyihadan 24 tasi, Toshkent tumanida 149 ta loyihadan 35 tasigina amalga oshirilgan.

    Shuningdek, vazirliklar, idoralar va xoʻjalik boshqaruvi organlari tarmoq investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga yaratilishi rejalashtirilgan 1 491 ta yangi ish oʻrnidan amalda 871 tasigina tashkil qilinib, prognoz koʻrsatkichlar 58 foizga bajarilgan.

    “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturining 147-bandida qayd etilgan ishsiz fuqarolar, ayniqsa, yoshlar, xotin-qizlar, qaytib kelgan mehnat migrantlarini mahalla darajasida kasb-hunarga, tadbirkorlikka oʻqitish koʻlamini kengaytirish maqsadida mahalla kasb-hunarga oʻqitish maskanlari tarmogʻini kengaytirish vazifasi ham yetarli darajada bajarilmagan. Xususan, viloyatda 2021-yilning 25-noyabriga qadar 74 ta mahallada tashkil etilishi belgilangan kasb-hunarga oʻqitish maskanlari zaruriy jihozlar bilan taʼminlanmagan.

    Shuningdek, Oqqoʻrgʻon tumanida joylashgan “Ishga marhamat” monomarkazida kasb-hunarga oʻqitilgan 146 nafar fuqarolarga jumladan, 65 nafar yoshlarga oʻqish jarayonida stipendiya toʻlovlari uchun mablagʻlar ajratilmagan.

    “Ishga marhamat” monomarkazi hamda 4 ta kasb-hunarga oʻqitish markazi faoliyati talab darajasida emas. Ushbu markazlarning aholi yetib borishi qiyin boʻlgan hududlarda joylashgani, jamoat transporti qatnovi yoʻlga qoʻyilmagani, yaqin-atrofda istiqomat qilayotgan yoshlar ular haqida maʼlumotga ega emasligi markazlar faoliyatini samarali tashkil etish imkonini cheklamoqda. Qolaversa, markazlarda oʻquv jarayoni toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmagan, bitiruvchilar bandligi monitoringi olib borilmagan.

    Viloyatda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 4 831 nafar oʻgʻil-qiz bandligi shu kunga qadar taʼminlanmagan.

    Qoʻmita majlisida Toshkent viloyatidagi bu kabi kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar bildirilib, tegishli qaror qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati.