Qoraqalpog'istonda tomorqachilik qo'shimcha daromad manbaiga aylanmoqda

    Hududda 342 mingdan ortiq fuqaro o'z tomorqasiga ega.

    Davlatimiz rahbari joriy yil fevral oyida hududlardagi bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar va aholi hayoti bilan tanishish maqsadida Qoraqalpog'istonda bo'ldi. Ushbu tashrifning avvalgilaridan farqli jihati, bu gal barcha hokimlik, vazirlik, tashkilot, agentlik, qo'mita, aktsiyadorlik jamiyatlari rahbarlari keldi. Ular zimmasiga muayyan vazifalar yuklatildi.

    Orolbo'yida xonadonlar to'kinligi, hayot farovonligini yanada oshirish maqsad qilingan ekan, unga erishishda oziq-ovqat arzonligi, mo'l-ko'lligi muhim o'rin tutadi. Shu bois, mamlakatimizning har qarich tuprog'idan unumli foydalanishni yo'lga qo'yish maqsadida tomorqachilarga qator imtiyoz va yengilliklar yaratib berilayotir.

    Hozirgi kunda Qoraqalpog'istonda 342 mingdan ortiq fuqaro o'z tomorqasiga ega. Sektor rahbarlari va hokim yordamchilari bilan birgalikda joriy yil bahor oylarida 41,9 ming gektar aholi tomorqalarida qishloq xo'jaligi ekinlari ekish bo'yicha “mahallabay” dasturlar ishlab chiqilib, tasdiqlandi. Mazkur maydonlarda 615 ming tonna qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirish rejalashtirilmoqda.

    Mutaxassislar bu yil suv taqchilligi yuz berishi mumkinligidan ogohlantiryapti. Bu omil ham hisobga olinib, aholi tomorqalari bilan “mahallabay” tizimi asosida ish olib borilmoqda. O'tgan yillarda mahallalarning muayyan ekin turiga ixtisoslashuvining afzalliklari yaqqol namoyon bo'ldi. Chunki 2022-yil poyoniga qadar 298 ta mahalla “Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyili asosida ixtisoslashtiriladi.

    Dehqonchilik qilish uchun sharoit og'ir bo'lgan va tomorqachilik rivojlanmagan 101 ta mahalla alohida nazoratga olingan. Ularning har biri bilan tomorqalarga ekinlarni to'liq ekish va hosildorlikni oshirish bo'yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Masalan, joriy yilning yanvar, fevral oylarida Kengash ko'magida Nukus shahridagi Chimboy guzari mahallasida suv ta'minotini yaxshilash uchun 3 ta kichik hajmli quduq qazildi. Yana 1 ta quduq qazish rejalashtirilgan.

    Shuningdek, 241 ta xonadonning tomorqasi shudgorlandi. 351 ta xonadonga issiqxonalar qurib berildi. Tomorqalar sohiblariga salkam 2 tonna piyoz, sarimsoqpiyoz, kartoshka, rediska va ko'kat urug'lari yetkazildi. Hovlilarga 950 tup mevali daraxt, 350 tup uzum ko'chati ekildi.

    Eng muhimi, bu yerda suv muammosi ham hal etilyapti. Qishloq xo'jaligi va Suv xo'jaligi vazirliklari tomonidan 64 ta mahalladagi tomorqalarni sug'orish uchun artezian quduqlari qazib beriladi. Bu ishlar ekin turlari joylashuvidan kelib chiqgan holda bajariladi.

    Tomorqachilarni moliyaviy qo'llab-quvvatlash, ixcham issiqxonalar qurish, tomorqa xizmati korxonalarini rivojlantirish uchun Kengash huzuridagi jamg'arma hisobidan 67 mlrd.so'm yo'naltiriladi. Xususan, Amudaryo, To'rtko'l, Beruniy va ellikqal'a tumanlarining har birida, tomorqa xo'jaliklarida kamida 1 mingta ixcham issiqxonalar qurilishi uchun 30 mlrd.so'm mablag' ajratiladi. Ushbu jamg'arma sabzavotchilik rivojlangan Beruniy va Ellikqal'a tumanlarida tomorqa xizmati klasterlari faoliyati yo'lga qo'yilishiga moliyaviy madad beradi.

    Bugun kaftdek yerda rizq undirayotganlar “Tomorqa xizmati” MCHJlar faoliyatidan mamnun. Qoraqalpog'iston Respublikasi bo'yicha ana shunday korxonalar soni joriy yilda 100 taga yetkazildi. “Tomorqa xizmati” tomonidan 240 mln. so'mlik mevali va manzarali daraxt ko'chatlari olib kelinib, aholiga xonadonlariga tarqatilmoqda.

    Bu borada Kengash huzuridagi jamg'arma tomorqachilik rivojlanmagan hududlardagi tomorqa xizmati korxonalariga ustuvorlik berib, ularga 300 mln. so'mgacha imtiyozli kreditlarni garov ta'minotisiz ajratmoqda. Imtiyozli kreditlar hisobiga mazkur korxonalar mini traktorlar, motokultivatorlar, tashish texnikalari, inkubatorlar, doripurkagichlar, quritish va qadoqlash uskunalari xarid qilyapti.

    Qishloq xo'jaligi sohasida olib borilayotgan sa'y-harakatlar ijobiy natija bermoqda. Misol uchun, Amudaryo, Beruniy, Ellikqal'a tumanlarida aholi tomorqalaridan yiliga ikki, uch marotaba hosil olmoqda. Bu hududlarda o'rtacha 8 sotix maydonda 1,5-2 tonnagacha sabzavot yetishtirilyapti.

    Ushbu hududlardan yuzlab tajribali dehqonlar mahallalarda uyushtiriluvchi seminarlarga jalb qilinib, ular tomorqachilik nisbatan rivojlanmagan mahallalardagi fuqarolar bilan o'z bilim va tajribalarini o'rtoqlashyapti. Bu orqali o'tgan yili Qoraqalpog'istonning tomorqachilik yaxshi rivojlanmagan mahallalarida sezilarli yutuqlarga erishildi.

    Agar har bir oila o'z tomorqa xo'jaligidan samarali foydalansa, ekin ekish bilan birga uy hayvonlarini ham parvarishlasa, qishloq xo'jaligi mahsulotlari bilan o'zini-o'zi ta'minlaydi. Eng muhimi, tomorqada sifatli mahsulotlar yetishtirish, ko'plab yangi ish o'rinlari yaratish imkonini ham beradi.

    Bir so'z bilan aytganda, respublikada tomorqachilikning hali ishga solinmagan ulkan salohiyati mavjud. Uni yuzaga chiqarishda xalqimizning ishtiyoqi ham, xohish-istagi ham yetarli. Bu yo'nalishda olib borilayotgan barcha sa'y-harakatlar aholini arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash, odamlarning yashash sharoitlarini yaxshilashga xizmat qiladi.

    Aktam HAITOV,

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

    Spikeri o'rinbosari