Qoʻshilgan qiymat yaratish vaqti keldi

    Bugungi kunda xususiy sektor tomonidan kimyo tarmogʻida 2 milliard dollarlik 15 ta loyihani amalga oshirmoqda. Ularning 5 tasi yaqinda ishga tushdi.

    Keyingi yillarda mamlakatimiz iqtisodiyotining deyarli barcha tarmoqlarida ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va sohalarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida islohotlar faol amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan kimyo sanoatida ham ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, yuqori qoʻshilgan qiymatli eksportbop kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarishga qaratilgan investitsiya loyihalar ijrosi taʼminlab kelinmoqda.

    Davlatimiz rahbarining 2018-yil 25-oktyabrdagi ”Oʻzbekiston respublikasida kimyo sanoatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori tarmoq kelajagiga zamin yaratdi, desak mubolagʻa qilmagan boʻlamiz. Unda, eng avvalo, uglevodorod xomashyosini va mineral resurslarni chuqur qayta ishlash asosida iqtisodiyot tarmoqlarida va jahon bozorida talab katta boʻlgan kimyo mahsulotlari turlarini kengaytirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish va faoliyat yuritayotganlarini modernizatsiya qilish vazifalari belgilab berildi.

    Oʻtgan yil 13-fevral kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Kimyo sanoati korxonalarini yanada isloh qilish va moliyaviy sogʻlomlashtirish, yuqori qoʻshilgan qiymatli kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida esa, tarmoqni transformatsiya qilishning uzoq muddatli asosiy muhim yoʻnalishlariga eʼtibor qaratildi. Unga muvofiq, 2021-yildan yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishda asosan xususiy, shu jumladan, xorijiy investorlar va texnologik sheriklarni jalb qilishni nazarda tutuvchi “Kimyo va gaz-kimyo sanoatida texnologik klasterlarni yaratish boʻyicha ochiq hamkorlik dasturi” joriy etildi. Umumiy qiymati 1 176 million AQSH dollarga teng, shundan 700 million dollari toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hisobidan moliyalashtiriladigan 2021–2025-yillarda kimyo korxonalarida ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, mavjud xomashyo bazasidan samarali foydalanish orqali yuqori qoʻshimcha qiymatga ega boʻlgan mahsulotlar tayyorlashga qaratilgan 16 ta yangi investitsiya loyihasini amalga oshirish koʻzda tutilgan.

    Davlatimiz rahbari oʻtgan yil bahorida tarmoqda amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimoti bilan tanishish jarayonida oldinda turgan vazifalarni tahlil etar ekan, ”Kimyo sanoatiga juda katta mablagʻ berdik. Energiya samaradorligi jihatidan texnologiyalar yangilandi. Endi bu tarmoq qoʻshilgan qiymat beradigan vaqt keldi. Juda katta imkoniyatlar bor. Agar har bir yoʻnalish boʻyicha miqdorini, sifatini, narxini joy-joyiga qoʻysak, eksport 5-6 barobar oshadi”, — degan edi.

    Haqiqatan, mazkur vazifalarning bosqichma-bosqich amalga oshirilishi asosiy maqsad-marralarga erishishni tobora yaqinlashtirib kelmoqda. Xususan, oxirgi 3 yilda ishlab chiqarish 1,5 baravar, eksport esa 2 baravar oshdi. Jumladan, 2021-yilda “Oʻzkimyosanoat” AJ tomonidan umumiy qiymati 58,6 million dollarlik 8 ta yangi ishlab chiqarish quvvati barpo etilib, 11 ta yangi turdagi kimyo mahsulotiini oʻzlashtirish evaziga yiliga qoʻshimcha 450 milliard soʻmlik tovar mahsuloti ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyildi. Asosiysi, ilgari surunkali zarar bilan ishlagan bu tarmoq oʻtgan yilni 1,6 trillion soʻm sof foyda bilan yakunlagan.

    Joriy yilning 8 oyida 1 million tonnadan ziyod mineral oʻgʻit ishlab chiqarildi. Eksport qariyb 2 baravar koʻpayib, 330 million dollarga yetdi. Yana bir muhim jihati, sohaga investorlarning ishonchi ortib, sarmoya kiritishni boshladi. Bugungi kunda xususiy sektor tomonidan kimyo tarmogʻida 2 milliard dollarlik 15 ta loyihani amalga oshirmoqda. Ularning 5 tasi yaqinda ishga tushdi.

    Prezidentimiz shu yil 21-sentyabr kuni kimyo sanoatida erishilgan asosiy koʻrsatkichlar va rejalashtirilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishar ekan, sohani yuqori qiymatli mahsulot ishlab chiqaradigan tarmoqqa aylantirish boʻyicha hali qilinadigan ishlar koʻpligini, korxonalarni xomashyo bilan taʼminlash va texnologik yangilash, kimyo klasterlari tashkil etish, ishlab chiqarishni yanada kengaytirish zarurligini taʼkidladi.

    Agar raqamlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, Ayni kunda umumiy qiymati 2,1 milliard dollor boʻlgan 17 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Joriy yil yakunigacha 403,2 million dollarga teng boʻlgan sarmoyalarni, shundan 363,6 million dollari toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilib, 9 ta loyihani ishga tushirishimiz lozim. Bu, oʻz navbatida, eksportni 450 million dollarga yetkazishni, 347 ta yangi ish oʻrni yaratilishini taʼminlaydi.

    Umuman olganda,“Oʻzkimyosanoat” AJ tomonidan hozirda ellikka yaqin yangi loyihani amalga oshirish ustida ish olib bormoqda. Bu jarayonda ularni xususiy investitsiyalar ishtirokida amalga oshirish ustuvorlik kasb etadi.

    Maʼlumki, davlatimiz rahbari oʻtgan yil 27-avgust kuni “Navoiazot” AJda polivinilxlorid korxonasining ikkinchi bosqichi qurilishiga taʼmal toshi qoʻygan edi. 400 million dollar qiymatga ega boʻlgan ushbu loyiha polivinilxlorid ishlab chiqarish quvvatini yiliga 220 ming tonnaga, kaustik sodani esa 165 ming tonnaga yetkazish imkonini beradi. Shu tariqa elektrotexnika, mebelsozlik, qurilish materiallari sanoati, maishiy kimyo va boshqa sohalarda yiliga talab yuqori boʻlgan 210 million dollarlik mahsulotlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi. Uni 2023-yilda ishga tushirish moʻljallangan.

    Kelgusida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent, Navoiy va Fargʻona viloyatlarida yuqori qiymatli tovarlar ishlab chiqarishga qaratilgan 4 ta texnologik kimyo va gaz-kimyo klasterlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan. Ulardan birinchisi “Navoiyazot” AJda umumiy qiymati 5,3 milliard dollar boʻlgan 31 ta loyiha tatbiq etiladi. Klaster doirasida 36 turdagi yuqori qiymatli mahsulotlar ishlab chiqariladi. Xususan, kimyo, charm, mebelsozlik va qurilish materiallari sanoati uchun gidroksipropil-metil sellyuloza, polipropilen, vinilatsetat, akrilonitril tola, metil xlorid, kaliy gidroksid, polioksimetilen va kalsiy nitrat kabi mahsulotlarini ishlab chiqarish oʻzlashtiriladi.

    “Fargʻonaazot” AJ negizida ishga tushiriladigan ikkinchi klasterda lak-boʻyoqlar, mebel uchun melamin, toʻqimachilik sanoati uchun sunʼiy tolalar ishlab chiqarish koʻzda tutilgan.

    Uchinchi klaster Qoraqalpogʻiston Respublikasida, Ustyurt hududida oltita loyiha joylashtiriladi. Umumiy qiymati 1,5 milliard dollordan ortiq mablagʻ sarflanadigan bu quvvatlarda kalsiylangan va kaustik soda, polivinilxlorid va boshqa mahsulotlar ishlab chiqariladi.

    Toʻrtinchi klaster Toshkent viloyatida tashkil etiladi. Unda monoammoniy fosfat, oltingugurtli karbamid, boshqa fosforli va azotli mineral oʻgʻitlar, protein hamda yuvish vositalari tayyorlanadi.

    Yetakchi korxonalardan biri hisoblangan “Qoʻngʻirot soda zavodi” masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qoʻshma korxonada 2022-2025-yillarda kalsiylangan soda ishlab chiqarishni yiliga 450 ming tonnaga yetkazish boʻyicha yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha ishlar boshlab yuborilgan. Oʻtkazilgan tender yakuniga koʻra, Rossiyaning “Salyus” kompaniyasi gʻolib, deb topilgan edi. Pudratchi ayni kunda qurilish maydoning gidrogeologiya ishlarini yakuniga yetkazdi.

    Loyihaning ishga tushirilishi bilan korxonada ishlab chiqarish koʻlami kengayishi, sof foydaning oshishi, 250 ta yangi ish oʻrni yaratilishi nazarda tutilgan. Korxonaga tutash joyja ishchilar uchun yangi turar joy binolari, tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, avtomobil yoʻllari qurilib, ishchi-xodimlar uy-joy bilan taʼminlanadi.

    Qoʻngʻirot tumanida yana bir loyiha qiymati 3 million dollar boʻlgan kimyo logistika markazini tashkil etish ishlari ham olib borilyapti. 7,1 gektarni egallaydigan markazda 9 ta ombor qurilyapti. Ularda 60 tonna xlorli kaliy, 50 ming tonna karbamid, 25 ming tonna selitra saqlash imkoniyati mavjud boʻlib, Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlariga eksportni amalga oshirish uchun platforma maydonchasi vazifasini oʻtaydi.

    Yaqinda Samarqand shahrida boʻlib oʻtayotgan SHHT sammiti doirasida “Oʻzkimyosanoat” AJ va Xitoyning “China CAMC Engineering Co., LTD” kompaniyasi bilan mamlakatimiz hududida kimyo sanoati sohasida qator istiqbolli loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish toʻgʻrisida bitim imzolash marosimi boʻlib oʻtdi. Erishilgan kelishuvlarga koʻra, tomonlar sirka kislotasi va uning hosilalari, vinil-atsetat, monoxloratsetik kislota va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish nazarda tutilgan 120 million dollarlik loyihalarini birgalikda amalga oshirish boʻyicha hamkorlik qilinadi.

    Oldimizda turgan vazifalar koʻlami katta. Eng avvalo, qishloq xoʻjaligi uchun zarur boʻlgan mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish va ularni eksport qilishga katta eʼtibor qaratishimiz lozim. Shu bois Chirchiqdagi “Ammofos-Maksam“ AJni qoʻshimcha xomashyo bilan taʼminlash evaziga rejadigidan koʻra, sof holda 5 ming tonna koʻp fosforli oʻgʻitlar ishlab chiqarish, ”Indorama Fertilizer“ korxonasida mineral oʻgʻitlar tayyorlashni 190 ming tonnaga, “NPK” zavodida bu miqdorni 75 ming tonnaga yetkazish, ”Dexqonobod kaliy zavodi" AJda mukammal taʼmir ishlarini yakunlash hisobiga kunlik ishlab chiqarishni 350 tonnaga oshirish choralari koʻrilyapti.

    Ayni paytda yurtimiz bozorida hamisha talab yuqori boʻlgan maishiy kimyo vositalarining katta qismi import hisobidan qoplanmoqda. Mahalliy mahsulotlarning oʻrnini oshirish uchun xomashyoni koʻpaytirishimiz va mahsulotlar sifatini oshirishimiz kerak. Shu bois bu yoʻnalishda xususiy sektorga keng oʻrin berilib, ularni xomashyo bilan taʼminlash, xalqaro brendlarni olib kelish boʻyicha ham ishlar koʻlami tobora kengayib boradi.

    Tabiiyki, har bir yoʻnalishdagi loyihalarda mahsulotlar sifati va tannarxi zamonaviy texnologiyalar orqali taʼminlansa, turgan gapki, eksport hajmi ham 5−6 barobar oshadi, unda asosiy oʻrinni yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar egallaydi.

    Joʻrabek MIRZAMAHMUDOV,

    “Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi