Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari 2022-yilda sanoatning asosiy tarmoqlari faoliyatida qayd etilgan natijalarni Markaziy Osiyo mintaqasining ayrim mamlakatlarida qayd etilgan natijalar bilan taqqoslagan holda tahlil qildi.
2022-yilda sanoat ishlab chiqarishi 2021-yildagiga nisbatan 5,2 foiz oʻsdi. Bu esa Oʻzbekistonga Markaziy Osiyo mintaqasidagi mamlakatlar orasida sanoatning oʻsish surʼatlari boʻyicha eng yaxshi oʻrinlardan birini saqlab qolish imkonini berdi. Mamlakat yalpi ichki mahsuloti tarkibida sanoatning ulushi 26,7 foizni tashkil etdi.
Sanoat faoliyatining barcha muhim sohalarida oʻsish tendensiyasi kuzatildi:
- togʻ-kon sanoatida 102,1 foiz,
- ishlab chiqaradigan sanoatda 105,3 foiz,
- elektr va gaz taʼminoti sektorida 112,7 foiz.
Xom neft va tabiiy gaz qazib olishda 101 foiz, koʻmir qazib olishda 102,4 foiz, metall rudasi qazib olishda 104 foiz natijaning qayd etilishi togʻ-kon sanoati rivojlanishida ijobiy dinamikani taʼminladi. Shuningdek, qazib olish tarmoqlariga texnik xizmat koʻrsatishda oʻsish tendensiyasi kuzatildi – 105,2 foiz.
Ishlab chiqarishning koʻp tarmoqli va yetarli darajada diversifikatsiyalangan tuzilmasini oʻz ichiga olgan ishlab chiqarish tarmogʻi ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar umumiy hajmining 83 foizdan ortigʻini tashkil etgan holda sanoatning oʻsish dinamikasiga hal qiluvchi taʼsir koʻrsatdi. Ishlab chiqarish sohasining deyarli barcha tarmoqlarida ijobiy natija qayd etildi.
Oʻsish surʼatlari 10 foizdan sezilarli darajada yuqori boʻlgan tarmoqlar reytingidan avtomobillar, tirkamalar va yarim tirkamalar - 139 foiz, tamaki mahsulotlari - 124 foiz, ichimliklar - 117,6 foiz, qogʻoz va qogʻoz mahsulotlari - 114,6 foiz, mashina va jihozlar – 114,1 foizni ishlab chiqaruvchi tarmoqlar joy oldi. Ichki va tashqi talab omillari taʼsirida toʻqimachilik mahsulotlari – 109,8 foiz, oziq-ovqat mahsulotlari – 106,2 foiz, kiyim-kechak – 105,5 foiz va boshqalarni ishlab chiqarish hajmi ham oʻsdi. Shu bilan birga, farmatsevtika mahsulotlari va preparatlar, kompyuter detallari, elektron va optik mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun katta imkoniyatlar saqlanib qolmoqda.
Jadal oʻsish surʼati energiya taʼminoti tarmogʻiga xos boʻlib, buning zamirida elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini 104,1 foizga oshirish tendensiyasi yotadi. Issiqlik energiyasini ishlab chiqarish boʻyicha erishilgan koʻrsatkichlar Markaziy Osiyo mintaqasidagi tahlil qilingan mamlakatlar darajasiga taxminan toʻgʻri keldi va oldingi davrdagiga nisbatan biroz pastroq boʻldi.
2022-yil yakunlari boʻyicha respublika eksport tushumlari tarkibida sanoatning ulushi 68,9 foizni tashkil etdi (barcha eksportning 2/3 qismidan ortigʻi).