“Uzbekistan GTL”: yoqilgʻi importi kamayib, eksport oshadi

    Fikr 30 Dekabr 2021 2689

    Bugungi kunda mamlakat eksporti hajmida salmoqli oʻrinni egallagan paxta xom ashyosi va tabiiy gazni eksport qilish hajmi yildan-yilga kamaytirilib, ularni qayta ishlashdan olinadigan tayyor mahsulotlar ulushi ortyapti.

    Yurtimizda tabiiy gazni qayta ishlash tarixiga nazar tashlasak, 1972-yilda Qashqadaryo viloyatida qurib foydalanishga topshirilgan Muborak gazni qayta ishlash zavodi ishga tushirilib, tabiiy gazdan faqat oltingugurt ajratib olish yoʻlga qoʻyilgan. 2001-yilda esa mamlakatimizdagi birinchi neft-kimyo korxonasi boʻlgan Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi va keyinchalik Ustyurt gaz-kimyo majmuasi qurib foydalanishga topshirilishi natijasida tabiiy gazdan sanoat xom ashyolari (polietilen, polipropilen va boshqa)ni ajratib olish yoʻlga qoʻyildi.

    Ushbu majmualar ishga tushirilishi natijasida mamlakatimizda gaz-kimyo va polimer mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasi rivojlandi, minglab tayyor plastmassa mahsulotlari ishlab chiqaradigan kichik sanoat korxonalari tashkil qilindi. Tabiiy boyliklardan, shu jumladan tabiiy gazdan yanada samarali foydalanish, uni chuqur qayta ishlash orqali talab yuqori boʻlgan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish maqsadida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2021-yil 25-dekabr kuni Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumanida “Uzbekistan GTL” zavodi ochildi.

    Mazkur korxona, oʻzining noyob texnologik ustunliklari va yuqori ishlab chiqarish quvvati bilan alohida ajralib turadi. Bu inshoot nafaqat mamlakatimizda, balki mintaqamizdagi neft-gaz-kimyo sanoati sohasidagi eng yirigi, desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Korxonada eng zamonaviy texnologiyalar asosida tabiiy gazni chuqur qayta ishlash natijasida uglevodorod xom ashyosi importini qisqartirish, neft-gaz tarmogʻining eksport salohiyatini oshirishga erishiladi.

    Xususan, yangi korxona ish boshlashi bilan yiliga 3,6 milliard metr kub tabiiy gaz qayta ishlanib, qiymati 1 milliard dollardan ziyod boʻlgan 1,5 million tonna tayyor suyuq mahsulotlar ishlab chiqariladi. Jumladan, 307 ming tonna aviakerosin, 724 ming tonna dizel yoqilgʻisi, 437 ming tonna nafta, 53 ming tonna suyultirilgan gaz tayyorlanadi. Bu korxona mahsulotlarining mamlakat iqtisodiyotidagi tengsiz ahamiyatini quyidagilarda koʻrishimiz mumkin.

    Yoqilgʻi importi kamayib, eksport oshadi

    Korxona mahsulotlari hisobiga, yiliga 500 million dollarlik import oʻrni qoplanadi, 200 million dollarlik eksport va 2 trillion soʻmlik soliq bazasi oshishiga imkoniyat yaratiladi. Shuningdek 300 million dollarlik tabiiy gaz qayta ishlanib, uni qiymati 3 barobar yuqori va dunyo bozorida talab katta boʻlgan tayyor mahsulotlarga aylantirishga erishiladi.

    Aviakerosinga boʻlgan talab toʻliq qoplanadi

    Bu noyob korxonada aviakerosin ishlab chiqarishning boshlanishi mamlakatimizda talab yuqori boʻlgan ushbu mahsulotning narxi sezilarli arzonlashishiga, shuningdek mavjud aviakerosin muammosini bartaraf etishga xizmat qiladi. Yanada ahamiyatlisi, bu yerda ishlab chiqariladigan aviakerosin eng zamonaviy samolyotlarga moʻljallangani, yaʼni aviakompaniyalarga atmosferaga chiqariladigan zararlarni kamaytirishning xavfsiz va daromadli usulini taklif etish orqali kelgusida Oʻzbekistonda ushbu mahsulotlar hisobiga aviatsiya xablarini tashkil qilish hamda yuk tashishda xizmat qiladigan yirik logistika kompaniyalarini rivojlantirishga imkoniyat yaratadi.

    Ekologik toza dizel

    Ishlab chiqariladigan dizel yoqilgʻisi yuqori texnik tavsifga ega va tarkibida oltingugurt miqdori deyarli boʻlmagani sababli atmosferaga aytarli chiqit chiqmaydi. Bu esa, GTL dizelini toza holda dizel dvigatellarida qoʻllash, anʼanaviy dizel mahsulotlari bilan aralashtirish uchun xomashyo sifatida foydalanish ham mumkin. Uning toza va toʻliq yonishi esa dvigatellarning foydalanish muddatini uzaytirib, yonilgʻi-moylash materiallarini almashtirish oraligʻini oshirish imkonini berishi bilan ahamiyatlidir.

    Elektr taʼminotidagi innovatsion yechim

    Ishlab chiqarish jarayonlarini elektr energiyasi bilan taʼminlashda ham innovatsion yechimlar qoʻllanilmoqda. Yaʼni, texnologik jarayonlarda hosil boʻladigan bugʻ hisobidan, yiliga 650 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, korxona toʻliq oʻzini oʻzi energiya bilan taʼminlaydi.

    Toʻliq avtomatlashtirilgan boshqaruv

    Korxona boshqaruv markazi toʻliq avtomatlashtirilgan boʻlib, bu yerda ishlab chiqarish, monitoring va xavfsizlikni taʼminlovchi butun tizim boshqarib boriladi. Bu kabi muhim jarayonlarga inson omili taʼsiri juda kam darajani tashkil qiladi.

    Yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishga imkoniyat

    Korxonada ishlab chiqariladigan nafta mahsuloti hisobidan viloyatdagi “Shoʻrtan gaz-kimyo” majmuasining ishlab chiqarish quvvatini 3 barobarga kengaytirish imkoni yaratiladi. Yaʼni, naftani qayta ishlash hisobidan yiliga 380 ming tonna polietilen va polipropilen tayyorlanadigan yangi ishlab chiqarish quvvatini ishga tushirish va qoʻshimcha mingga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratishga erishiladi. Shuningdek, korxona mahsulotlaridan xomashyo sifatida foydalangan holda, korxona negizida alkil-benzol, buten va geksen, sintetik moylar, malein angidrid, emulsion qoʻshimchalar, katalizatorlar kabi mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha qiymati 620 million dollar boʻlgan 6 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.

    Xulosa qilib aytganda, mazkur mega loyiha yoqilgʻi mahsulotlari importini kamaytirishga, eksportning oshishiga, iqtisodiyot tarmoqlarini ekologik toza yoqilgʻi bilan taʼminlashga, yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishga xizmat qiladi.

    Abdugʻani Umirov,

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.