Qum va tuz boʻronlariga qarshi kurashish uchun atlas yaratildi

    Yashil sayyora 8 Fevral 2021 2529

    Tuz va qum boʻronlari iqlim oʻzgarishida muhim oʻrin tutadi. Oʻzbekiston, jumladan, Orolboʻyi va boshqa qum zonalarida qum boʻronlari tez-tez kuzatiladigan hodisa. Buning sababi tuproqdagi mayda chang va qum zarralari va ularni uchiruvchi 10-14 m/s tezlikdagi shamollardir. Qum va tuz boʻronlarini Gidrometeorologiya xizmati ham bashorat qilolmaydi.

    Orol dengizi qurishi va uning oqibatlari sayyoramizdagi ekologik falokatli zonalardan hisoblanadi. Bu yerda tez-tez takrorlanib turgan tuz va qum boʻronlari koʻplab noyob hayvonlar, qushlar, baliqlar va oʻsimliklarning yoʻqolib ketishiga sabab boʻladi. Bu esa agroekotizim holati, suv taʼminoti va aholi yashashini qiyinlashtiradi.

    Ana shunday salbiy holatlarning oldini olish maqsadida muammoni ilmiy va innovatsion yechimlar orqali hal etish choralari koʻrilmoqda. Oʻzbekistonda qum, chang va tuz boʻronlariga qarshi kurashish, ularning salbiy oqibatlarini yumshatish milliy harakatlar rejasida aks etgan geoaxborot tizimlari va masofadan zondlash maʼlumotlari asosida tayyorlangan atlas ulardan biri.

    Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasida yaratilgan ushbu atlas taqdimoti boʻlib oʻtdi.

    – Ushbu atlas maʼlumotlarni keng fazoviy oʻlchamlarda toʻplash, birlashtirish va raqamlashtirishda qoʻl keladi, – deydi Oʻzbekiston Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi mutaxassisi Abrorjon Nozimov.

    – Bu esa qum va chang boʻronlari manbalari jarayonlarini tahlil qilish uchun ancha qulaylik yaratadi. Vizual maʼlumotlarni tahlil qilish asosida har xil turdagi axborotlarning fazoviy indekslangan toʻplamlaridan foydalaniladi va talqin etiladi. Masalan, biz qum va chang boʻronlarining potensial manbalari qayerda joylashgani, ularning tuproq tarkibiga yoki boshqa oʻzgaruvchan manbalarga bogʻliqligini aniqlash uchun yerning degradatsiyasi xaritasini tuproq tuzilishi va tarkibini namunaviy xarita bilan taqqoslashimiz mumkin.

    Qum va chang boʻronlarining manbalarini aniqlashda va xaritalashda, relyefini, tuproq tarkibini, tuproq harorati va namligini, tuproq qoplamini, shamolning tezligini va yoʻnalishlari maʼlumotlari asosida GAT programmalari yordamida ustma-ust qoʻyish usuli va indekslash algoritmlaridan foydalangan holda tahlil qilish uchun kirish maʼlumotlaridan foydalanishimiz mumkin.