Qurilish vazirligi huzurida Qurilishda texnik meʼyorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi. Davlat muassasasi shaklida faoliyat olib boradigan mazkur institut qurilish va shaharsozlik sohasida ilmiy-tadqiqotlar asosida texnik jihatidan tartibga solish, meʼyorlash va standartlashtirish ishlarini olib boradi.
Milliy klassifikator va elektron katalogni yuritish, bino va inshootlarni axborot modellashtirish, yaʼni, BIM-texnologiyalarini joriy etish kabi vazifalar ham shular jumlasidan.
Eʼtiborli tomoni, qurilish sohasida narxlarni shakllantirish va uning mexanizmlarini aniqlash masalalari boʻyicha mazkur institut vakolatli davlat muassasasi hisoblanadi. Fundamental tadqiqotlarga asoslangan ilmiy ishlarni olib borish maqsadida institutda doktorantura hamda mustaqil izlanuvchi ilmiy kadrlarni tayyorlash ham yoʻlga qoʻyiladi.
Bu borada mahalliy hamda xorijiy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik qilinadi. Mazkur taʼlim maskanida sohaga oid xorijiy tajribalar, standartlar, normalar va qoidalar oʻrganiladi.
Qurilishda narxlarni shakllantirish boʻyicha meʼyoriy-texnik hujjatlar tahlil qilinib, ular asosida texnik jihatdan tartibga solishga doir milliy normativ hujjatlar takomillashtirib boriladi. Normalar va qoidalarning yagona reyestri, elektron bazasi va fondini shakllantirish va yuritish ishlari ham amalga oshiriladi.
Qurilishda BIM texnologiyalarini tatbiq etishda implementator, yaʼni joriy etuvchi funksiyani bajarish ham koʻzda tutilgan. Institutda BIM-server va axborotlarni qayta ishlash markazi faoliyatini yoʻlga qoʻyiladi. Axborot modellarining markazlashgan banki shakllantiririladi va yuritib boriladi. Umuman olganda mazkur sohada ilmiy va amaliy faoliyatni qamrab oladi.