Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abdulla Qodiriy kabi buyuk adiblarimiz asarlarining oʻquvchilari tobora kengayib borayotgani quvonarlidir. Xalqaro miqyosdagi bunday yuksak eʼtiborni Muso Toshmuhammad oʻgʻli Oybek ijodi, xususan, uning “Qutlugʻ qon” romani misolida ham aytishimiz mumkin.
Yaqinda mazkur asarni Turkiyada Yevroosiyo yozuvchilar uyushmasining “Bengü” nashriyoti turk tilida chop etdi. Uni Turkiyada yashab ilmiy izlanish olib borayotgan hamyurtimiz, taniqli tilshunos va tarjimon Zamira Hamidova (Oʻzturk) turk tiliga oʻgirgan. Olima 2014-yildan eʼtiboran Turkiya Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasining Kommunikatsiyalar boshqarmasida tarjimon, ilmiy xodim sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
Aytish mumkinki, ushbu tarjima adabiy, madaniy-gumanitar sohalarda xorijiy mamlakatlar bilan oʻzaro hamkorlik aloqalari yangi bosqichga chiqayotganining yana bir ifodasidir.
“Qutlugʻ qon” romani shu kunga qadar arab, fors va MDH xalqlari tillariga tarjima qilingan. Yevroosiyo yozuvchilar uyushmasi rahbari professor Yoqub Umar oʻgʻli rahbarligida Anqarada nashr etilgan mazkur tarjima 430 betdan iborat. Asarni nashr etish jarayoniga malakali mutaxassislar, muharrir va dizaynerlar guruhi jalb etilgan. Kitobga Turkiyaning taniqli jurnalist-muharriri, ayni paytda Turkiya atrof-muhitni muhofaza qilish, shaharsozlik va iqlim vaziri matbuot kotibi Laylo Gunesh xonim masʼul muharrirlik qilgan. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Naim Karimov ilmiy va adabiy maslahatchisi sifatida “Oybek va uning “Qutlugʻ qon” asari haqida” nomli soʻzboshi yozib, kitob tarjimasining badiiy ahamiyatini yanada oshirgan. Ayni paytda adib hayoti va ijodi, mazkur romanining yozilish tarixi bilan bogʻliq turli voqealar haqida turk kitobxonlariga qimmatli maʼlumotlar ulashgan.
N.Karimovning taʼkidlashicha, Oybek 1963-yilda nashr qilingan “Sheʼrlar” toʻplami uchun yozgan “Tarjimai hol”ida ushbu romanning dunyoga kelish tarixiga oid quyidagicha maʼlumot bergan: “1937-yilda “Qutlugʻ qon” romanini yoza boshladim. Bu romanni yozish uchun material yigʻib oʻtirmadim, bolaligimdan hayotni kuzatishni sevganligimdanmi, koʻngildan, xotiramdan “Qutlugʻ qon” romani quyilib kelaverdi. Romanni qisqa fursatda yozib tugatdim”.
“El xizmatida“ (1965) sarlavhali maqolasida esa Oybek asarning yaratilish tarixi toʻgʻrisida kengroq bayon qilib, shunday yozgan: “...Unda (romanda – N.K.) oʻzbek xalqining revolyutsiyadan oldingi hayoti, xalqning oʻz huquqlari uchun kurashga intilishi va bu kurashning mashhur 1916-yil qoʻzgʻoloniga qoʻshilib, kuchayib borayotganligi toʻgʻrisida hikoya qilmoqchi edim. Garchi men roman voqealari yuz bergan davrda hali bola boʻlsam ham, endi men buni oʻz koʻzim bilan koʻrmaganligimni aytish uchun yetarli hayot tajribasiga egaman, deb ayta olardim. Bolalik chogʻlarimda men xalq turmushini koʻrdim, kambagʻallar va avom xalqning qorongʻi va dim uy-joylarini, boylarning atrofi baland-baland devorlar bilan oʻralgan hashamatli imoratlarini, muzdek hovuzi boʻlgan bogʻlarini koʻrdim. Yoshligimda boy bogʻini koʻrish uchun bir necha marta daraxtlarga chiqqanman. Men boshqalarning turmushini chanqoqlik bilan kuzatdim va keyinchalik romanimda tasvir etilgan ijtimoiy munosabatlarning koʻpgina tomonlarini oʻsha vaqtdayoq tushungan edim... 1938-yilda yozib tugallangan “Qutlugʻ qon” romanim shunday tugʻildi”.
Taʼkidlanganidek, Oybek umrining ilm maxzanini yigʻish fasli ikki tarixiy davr toʻqnashgan yillarga toʻgʻri keldi. U hayotining ilk davrida, oz fursat boʻlsa-da, madrasada oʻqib, arab va fors tillari bilan oshno boʻldi, inqilobiy boʻronlar bilan boshlangan yangi davrda esa eʼtiborini koʻproq shu davrning muhim ijtimoiy masalalariga qaratdi. Adib qattol tizim davrida yashasa-da, sermahsul ijod qildi. Uning nasriy merosi “Qutlugʻ qon”, “Navoiy”, “Oltin vodiydan shabadalar”, “Quyosh qoraymas” va “Ulugʻ yoʻl” kabi besh roman, “Shonli yoʻl”, “Hyp qidirib”, “Bolalik xotiralarim” va “Bola Alisher” nomli toʻrtta qissa hamda bir qancha hikoya va ocherklardan iborat tarzda shakllangan.
Uning roman janridagi dastlabki tajribasi — “Qutlugʻ qon” yozuvchi hayotining eng tahlikali kezlarida, yaʼni 1938-yilda, qisqa muddatda yozilgan va 1940-yilda nashr etilgan. Adibning bolalik xotiralari bilan toʻyingan bu asarida oʻzbek xalqining Birinchi jahon urushi arafasidagi mashaqqatli hayoti qalamga olingan. Bu davrda, bir tomondan, mustamlakachilik siyosati, ikkinchi tomondan, oʻlkaga kirib kela boshlagan kapitalistik munosabatlar tufayli mehnatkashlar ommasi gʻoyat qashshoqlashgan edi. Shunday vaqtda sabr kosasi toʻlgan xalqning norozilik namoyishi bilan chiqishi yoki qoʻzgʻolon koʻtarishi tabiiy edi. Chor hokimiyatining Oʻrta Osiyo aholisini mardikorlikka olish toʻgʻrisidagi farmoni (1916-yil) qoʻzgʻolonining gurullab yonishi uchun bir turtki boʻldi. Oybek romanda Yoʻlchi kabi mehnatkashlar, Mirzakarimboy boshliq boylarning oʻzaro munosabatlarini tasvirlash orqali mazkur qoʻzgʻolonning kelib chiqish sabablarini badiiy tahlil etdi. Jamiyatning shu davrdagi qutblashgan holatini taʼkidlab koʻrsatish maqsadida va sovet mafkurasining talabi bilan boylar obrazini, ayniqsa, Mirzakarimboy obrazini yaratishda qora boʻyoqlardan koʻproq foydalandi.
Kitobdagi adib hayoti va ijodiga doir alohida maʼlumotlar turkiyalik kitobxonlarga Oybek haqida yana ham toʻliq tasavvur beradi. Tarjimada yozuvchi hayoti va ijodi misolida XX asr oʻzbek adabiyoti haqida ham keng tushuncha berib oʻtilgan.
“Qutlugʻ qon”ning turk tiliga tarjima qilinishi bejiz emas. Oybek oʻtgan asrning 20-yillarida Toshkentdagi “Turon” kutubxonasi fondidagi turk shoirlarining majmualari va “Sarvati funun” jurnalida bosilgan asarlarini mutolaa qilish jarayonida sodda uslubi va yoniq tuygʻulari bilan anʼanaviy oʻzbek sheʼriyatidan keskin farq qilgan turk sheʼriyatiga mehr qoʻygan. U hatto Ziyo Koʻkalp taʼsirida mashhur “Oʻzbekiston” sheʼrini yozgan. Sovet mafkurachilari taʼbiri bilan aytganda, panturkizm gʻoyalari bilan sugʻorilgan bu sheʼrning badiiy shakli Oybekka oʻzbek lirikasining goʻzal namunalaridan birini yaratish sevinchini bagʻishlagan. Agar Ziyo Koʻkalp oʻz sheʼrida turk tilini sharaflagan boʻlsa, Oybek oʻz sheʼrida ona Vatani –Oʻzbekistonni koʻklarga koʻtargan.
Oʻylaymizki, “Qutlugʻ qon” asari oʻzbek-turk adabiy aloqalari tarixida Alisher Navoiy, Mirzo Bobur, Lutfiy, Atoyi, Abdulla Qodiriy, Choʻlpon kabi allomalarimiz asarlarining turk tilidagi tarjimalaridan keyingi qimmatli nashr sifatida qadrlidir.
Tarjimon kitobda adib Oybek tili oʻta jozibali ekanligini va bu uning asarlariga yanada fayz va nafosat bagʻishlaganini alohida taʼkidlab oʻtadi. Shu bois tarjima jarayonida oybekona til va uslub goʻzalligini imkon qadar saqlab qolishga intilgan. Bu asar tarjimasi tarjimonning qariyb oʻn yillik mehnatlari samarasidir.
Shuhrat HAYITOV,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori