Quyosh panellari: energetik barqarorlikka erishishning eng maqbul yoʻli

    Bu yil qish fasli soʻnggi yillar dekabrida kuzatilgan ob-havoga nisbatan ancha sovuq keldi. Buni hatto ayrim mutaxassislar, soʻnggi 50 yilda kuzatilgan eng qaxraton sovuqdan biri sifatida baholadi.

    Binobarin, ustma-ust yoqqan yomgʻir-qor va ayniqsa, havo haroratining keskin pasayib ketishi koʻpchiligimizni besaramjom qilgani bor gap. Yanvarning ikkinchi dekadasidagi sovuq esa uzoq yillar mobaynida kuzatilgan oʻrtacha haroratga nisbatan anchagina pastligi bilan bu boradagi noqulayliklarni bir necha chandon oshirdi.

    Bunday sovuq ob-havo sharoitida tabiiy gaz bosimining pasayishi va elektr energiyasi taʼminotida oʻrnatilgan cheklovlar sohada muammolar borligi, aniqroq aytganda, talabga nisbatan taklifning yetarli emasligini koʻrsatdi.

    Shu oʻrinda haqli savol tugʻiladi: bizda elektr energiyasiga ehtiyoj qancha-yu uni qanoatlantirish uchun qancha miqdorda energiya ishlab chiqarilmoqda, umuman, muammoni bartaraf etishning yoʻli qanday?

    Shunday kezlarda aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarida tabiiy gaz bosimining pasayishi, avtotransport vositalariga suyultirilgan gaz quyish shoxobchalaridagi cheklovlar bir tomondan mantiqiy. Chunki, havo harorati keskin tushib ketgan bir paytda elektr energiyasiga talab keskin oshadi. Oʻzbekistonda mavjud elektr energiyasining 90 foizi issiqlik elektr stansiyalarida ishlab chiqariladi. Buning qariyb 85 foizi esa tabiiy gaz vositasida olinadi. Demak bundan koʻrinadiki, muammoning asosiy ildizlaridan biri elektr energiyasi barqarorligiga borib taqaladi.

    Xoʻsh, unda elektr energiyasi taʼminotidagi uzilishlar qanday paydo boʻlmoqda? Maʼlumki, mamlakatimizda “Inson qadri uchun” gʻoyasi asosida aholi farovonligini oshirish choralari koʻrilyapti, tadbirkorlik rivojiga keng yoʻl ochildi. Pirovardida, iqtisodiyot tarmoqlari rivojlanib, yurtdoshlarimiz turmush darajasi yaxshilangani sari energiyaga talab ham oshib boryapti. Xususan, soʻnggi besh yilda yurtimizda elektr energiyasi isteʼmoli 20 foiz, shu jumladan, aholi tomonidan sarflanishi 31 foizga oshgan. Bu koʻrsatkich yiliga 6 foizdan oʻsib bormoqda.

    “Yashil” energiya ulushi sezilarli oshadi

    Mamlakatimizda yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlarda tadbirkorlik rivojlanib, aholining farovonligi oshib borishi evaziga elektr energiyasiga talabning muttasil ortib borishi ham alohida eʼtiborga olingan. Jumladan, 2022-2026-yillarga moʻljallangan yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi 24-maqsadida iqtisodiyotni elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash hamda “Yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish, iqtisodiyotning energiya samaradorligini 20 foizga oshirish, ushbu maqsadga erishish yoʻlida 2026-yilga kelib elektr energiyasi ishlab chiqarish koʻrsatkichini qoʻshimcha 30 milliard kVt soatga oshirib, jami 100 milliard kVt soatga yetkazish, 2026-yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 25 foizga yetkazish evaziga yiliga qariyb 3 milliard kub metr tabiiy gazni tejash vazifasi belgilangan.

    Mamlakatimizda shu munosabat bilan bugungi kunda iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari hamda aholi turar joylarida muqobil energiyadan foydalanish borasida qator ustuvor loyihalar amalga oshirilmoqda.

    Jumladan, 2021-yilda ilk bor Navoiy viloyati Karmana tumanida quvvati 100 MVtlik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi. Samarqand viloyatining Nurobod tumanida quvvati 100 megavattga teng boʻlgan yirik quyosh fotoelektr stansiyasi ekspulatatsiyaga topshirilgan.

    Ayni paytda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Beruniy tumanida quvvati 100 MVt boʻlgan, yiliga 360 million kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarishga hamda 110 mingdan ortiq xonadonni elektr energiyasi bilan taʼminlashga moʻljallangan loyiha qurilishi boshlangan. Buning natijasida 106 million metr kub tabiiy gaz tejalib, atmosferaga 160 ming tonna zararli gazlar chiqarilishining oldi olinadi. Tejalgan gaz bilan 35 ming xonadonni bir yil davomida gaz bilan taʼminlash imkoni vujudga keladi.

    Bundan tashqari, Samarqand va Jizzax viloyatlarida har birining quvvati 220 MVtdan boʻlgan 2 ta quyosh fotoelektr stansiyasi, Buxoro viloyatida umumiy quvvati 1000 MVt boʻlgan 2 ta shamol elektr stansiyasi hamda Navoiy viloyatida quvvati 200 MVt, Surxondaryo viloyatida quvvati 457 MVt boʻlgan boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyalari, 2024-yilda esa Navoiy viloyatida quvvati 500 MVt boʻlgan shamol elektr stansiyasini qurish rejalashtirilmoqda. Jami ishga tushiriladigan yangi quvvatlar evaziga pirovardida umumiy 2 797 MVt elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

    Joriy yil 23-yanvar kuni Prezidentimiz topshirigʻiga asosan Bosh vazir raisligida Oʻzbekistonda davom etayotgan anomal sovuq havo sharoitida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar muhokamasiga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ham muqobil energiya ishlab chiqarish hajmini oshirishga alohida eʼtibor qaratilib, zarur vazifalar belgilangani ham Oʻzbekiston bu yoʻlda katta maqsadlarni koʻzlab, dadil yurishda davom etishidan dalolat beradi. Zero, yigʻilishda Energetika vazirligi va “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ masʼullariga ikki hafta muddatga Xitoyga borib, 2 gigavatt quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish boʻyicha xitoylik hamkorlar bilan muzokaralarni yakunlash hamda 15-fevralga qadar shu boʻyicha tegishli qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi topshirildi.

    Ayni yoʻnalishda chin yurti vakillari bilan hamkorlik aloqalari oʻrnatilgani ham bejiz emas, albatta. Chunki, Xitoy quyoshdan energiya ishlab chiqaruvchi dunyodagi eng yirik davlat hisoblanadi. 2022-yilning dastlabki olti oyida ushbu mamlakatda 30,88 gigavattli quyosh fotoelektr tizimlari joylashtirilgan.

    Xitoy, shuningdek, eng yirik quyosh uskunalari ishlab chiqaruvchisi ham hisoblanadi. Ushbu mamlakat 2011-yildan yangi fotoelektrik tizimlar ishlab chiqarish quvvatlariga 50 milliard dollardan ziyod sarmoya kiritgan. Ushbu raqam butun Yevropa qitʼasi tomonidan huddi shu sohaga kiritilgan summadan oʻn baravar koʻpdir.

    Umuman olganda, dunyoda quyosh panellarini ishlab chiqarishning barcha bosqichlarida Xitoyning ulushi 80 foizdan oshadi. Bundan tashqari, mamlakat 2025-yilga qadar elektr energiyasining 33 foizini qayta tiklanuvchi energiya manbalari orqali ishlab chiqarishni rejalashtirgan. Shuningdek, mamlakat hukumati 2030-yilgacha 1200 gigavattga teng quyosh va shamol energiyasini olish rejasini eʼlon qildi.

    Qariyb 200-yillik tarixga bir nazar

    Bugungacha qilingan, ayni paytda boʻlayotgan va bu borada rejalashtirilgan ishlar yaxshi, albatta. Bu ishlarning salmogʻi, amalga oshirilayotgan loyihalarning pirovard natijasi mamlakatimiz energetika tizimi barqarorligiga xizmat qilishi shubhasiz. Lekin bir narsani unutmaslik kerakki, yuqorida qayd etib oʻtganimizdek, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmiga mos ravishda unga talab ham muttasil ortib boryapti.

    Binobarin, 2022-yil 10-iyun kuni Prezidentimiz raisligida iqtisodiyot tarmoqlari, aholi va ijtimoiy soha obyektlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanish chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ham bunga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, hozirgi kunda aholining kamida 2-3 milliard kVt soat elektr energiyasiga qoʻshimcha talabi mavjudligi, kelgusi besh yilda esa bu ehtiyoj yana 10 milliard kVt soatga oshishi taʼkidlandi.

    Bunday vaziyatda eng samarali yoʻl – muqobil va qayta tiklanuvchi energiya resurslaridan foydalanishni koʻpaytirish hisoblanadi. Oʻzbekiston – yilning deyarli barcha kunlari quyoshi porlab turadan serquyosh diyor. Bu biz soʻz yuritayotgan muqobil, shu jumladan, quyosh energiyasidan foydalanishda katta tabiiy imkoniyat taqdim etadi.

    Kezi kelganida, quyosh nuridan elektr energiyasi olish borasidagi ishlar tarixiga bir nazar tashab oʻtish maqsadga muvofiq boʻladi, albatta.

    Yorugʻlikni elektr energiyasiga aylantirish effekti 1839-yilda fransuz fizigi Aleksandr Edmon Bekkerel tomonidan kashf qilingan. Keyinchalik olimlar yorugʻlikni elektr energiyasiga aylantirishda selendan foydalana boshladi. Quyosh panellarining birinchi prototiplariga esa 1912-yilda italiyalik foto-kimyogar Jakomo Luidji Chamichan tomonidan asos solingan.

    1954-yilda “Bell Laboratories” kompaniyasi kremniyga asoslangan birinchi quyosh paneli yaratganini eʼlon qildi. Ammo bu quyosh batareyasining samaradorligi atigi 6 foizni tashkil etardi.

    Bugungi kunda esa tarmoqqa ulangan quyosh panellari tizimi uyni oʻrtacha bir necha soat davomida toʻliq quvvat bilan taʼminlay oladi. Elektr oʻchirilgan taqdirda ham, batareyalar ishlashda davom etaveradi.

    Quyosh panellarining ishlashi maxsus moddalarni elektr tokiga aylantirish tamoyiliga asoslanadi. Xususan, ikkita kremniy plastinasi erkin elektronlarni hosil qiluvchi turli xil moddalar, asosan bor va fosfor bilan qoplangan. Quyosh nurlari taʼsirida bu elektronlar harakatlana boshlaydi va elektr tokini hosil qiladi. Keyin hosil boʻlgan elektr quvvati quyosh energiyasini yigʻuvchi batareyalarga uzatiladi.

    Umuman olganda, bu boradagi samaradorlik bulutli yoki yogʻinli ob-havoga nisbatan quyoshli kunlarning koʻp boʻlishiga bevosita bogʻliq. Oʻzbekistonda esa quyoshli kunlar yiliga oʻrtacha 300 kundan ziyod boʻladi, bu quyosh elektroenergiyasini rivojlantirishning asosiy omili va afzalliklaridan biridir.

    Yuqorida aytib oʻtganimizdek, quyosh nuridan elektr energiyasi olish tarixi qariyb 200-yilga borib taqalsada, qulay sharoit boʻlishiga qaramasdan bizga quyosh nuridan foydalanish ancha kech kirib keldi. Soʻnggi 10 yil ichida quyosh energiyasi mamlakatimizda ustuvor yoʻnalishlardan biriga aylandi. 2013-yilda muqobil energiya manbalarini yanada rivojlantirishga doir qabul qilingan farmon quyosh energiyasidan ommaviy foydalanishni boshlashga turtki bergan muhim hujjatlardan biri boʻldi.

    Mahalliylashtirish – ommalashtirishga yoʻl ochadi

    Bugungi kunda mamlakatimizda quyosh energiyasi ishlab chiqarishda yangi quvvatlarni oʻzlashtirish, quyosh panellari uchun uskunalarni mahalliylashtirish borasida salmoqli natijalarga erishilmoqda.

    Xususan, quyosh energetikasi borasida yuqorida qayd etib oʻtganimizdek, yurtimizning turli hududlarida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Lekin bu elektr energiyasi tanqisligi mavjud va talab muttasil oshib borayotgan bir sharoitda kam, albatta. Kamligi qaysiki maʼnoda, mavjud ulkan tabiiy imkoniyatga yarasha davlat yirik loyihalarga start berdi, lekin aholi oʻrtasida quyosh panellaridan foydalanish talab darajasida ommalashgani yoʻq. Mana shu birgina masalaga yechim topish orqali elektr energiya barqarorligiga erishish imkoniyati juda katta.

    Shu oʻrinda tabiiy savol tugʻiladi: modomiki shunday ekan, nega aholi oʻrtasida quyosh panellaridan foydalanish ommalashmayapti. Bu, birinchi navbatda, quyosh panellarining narxiga, boshqacha aytganda, aholining xarid qobiliyatiga bogʻliq.

    Eng arzon quyosh panellari 150 Vt quvvatga ega, bu esa ulardan foydalanib, uyning 5-6 xonasini yoritish va bitta televizorni ishlatish imkonini beradi. Energetika vazirligi maʼlumotiga koʻra, bunday panellar narxi ularning quvvatiga qarab, oʻrtacha 11 million soʻmdan 109 million soʻmgachani tashkil etadi. Bundan koʻrinadiki, elektr energiyasi uchun oyiga oʻrtacha 50 ming soʻm toʻlov qilayotgan oilalar uchun ushbu summadagi qurilmalarni xarid qilish ogʻirlik qilishi mumkin. Shuning uchun ham yurtimizda aholining xarid qobiliyatini oshirish maqsadida quyosh elektr stansiyalari xarid qilinganida maʼlum bir miqdorda kompensatsiya toʻlash tizimi yoʻlga qoʻyildi. Bu masalaga keyinroq batafsilroq toʻxtalamiz.

    Gap aholining xarid qobiliyatini oshirish haqida borar ekan, quyosh panellari va ularning ehtiyot qismlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish birinchi oʻrinda turadi. Negaki, bu tannarxni pasaytiradi va oʻz navbatida, mahsulot narxi arzonlashadi. Demak, bu turdagi qurilmalarni mahalliylashtirish quyosh panellaridan foydalanishni ommalashtirishning eng samarali yoʻli.

    2010-yildan boshlab mamlakatimizda quyosh panellarini ishlab chiqarish va oʻrnatish boʻyicha xususiy korxonalar faoliyat boshladi. Biroq ular quyosh panellari va boshqa butlovchi qismlarni toʻliq ishlab chiqarmasdan, aksariyat hollarda ularni import qilish va Oʻzbekistonda yigʻish bilan shugʻullanishi tufayli bozorga arzon mahsulot taklif qila olmadi. Narx va aholining xarid qobiliyati mutanosibligini taʼminlashning birdan bir yoʻli shubhasiz, mahalliylashtirish edi.

    Shuning uchun ham soʻnggi yillarda quyosh panellari uchun uskunalar narxini pasaytirish va aholining xarid imkoniyatini oshirish maqsadida zarur texnologiyalarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

    Bu borada 2019-yil may-aprel oylarida Turkiya bilan hamkorlikda umumiy quvvati 200 megavatt boʻlgan zamonaviy quyosh panellarini ishlab chiqaradigan “Vip Solar Endustriyel Uz” korxonasini tashkil etish toʻgʻrisida Hukumat qarori loyihasi muhokama uchun eʼlon qilindi. Shuningdek, korxona yordamchi uskunalar, jumladan, invertorlar, kollektorlar va boshqa turdagi elektr energiyasini tejovchi uskunalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishi ham koʻzda tutilgan edi.

    Keyinchalik mazkur loyiha Prezidentimizning 2019-yil 30-maydagi “Elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda tarmoqning investitsiyaviy va eksport salohiyatini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori doirasida 2019-2021-yillarda elektrotexnika sanoati sohasida amalga oshirilayotgan va istiqbolli investitsiya loyihalari roʻyxatiga kiritildi.

    2022-yil avgustida Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida yangi mis klasteri tashkil etilib, uning hududida yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar, jumladan, quyosh panellari ishlab chiqarish boʻyicha loyihalar amalga oshirila boshlandi.

    Aholining xarid qobiliyati yaxshilanmoqda

    Mutaxassislarning hisob-kitobiga koʻra, quyosh elektr stansiyalari Oʻzbekistonda jami 600 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Bu mamlakatning bugungi kundagi elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojidan sakkiz baravar koʻp, degani.

    Osiyo taraqqiyot banki mutaxassislarining baholashicha, quyosh energiyasi salohiyati taxminan 51 milliard tonna neft ekvivalentini tashkil etadi. Uni amalga oshirish uchun mamlakatimiz qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga kirishdi. Bu nafaqat quyosh, balki shamol, suv oqimlari, biogaz qurilmalari va boshqalar yordamida olingan energiyadir.

    Oʻzbekistonda quyosh panellarini joriy etish va ulardan foydalanish maqsadida mamlakatimiz aholisi va tadbirkorlarni imtiyozlar va subsidiyalar berish orqali ragʻbatlantirish boʻyicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

    Bu boradagi birinchi qadam Prezidentimizning 2019-yil 22-avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori boʻldi. Ushbu hujjatga koʻra, quyosh panellari ishlab chiqaruvchilari besh yil davomida barcha turdagi soliqlardan ozod qilindi. Bundan tashqari, ishlab turgan energetika resurslari tarmoqlaridan toʻliq uzib qoʻyilgan yashash uchun moʻljallangan joylarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanilgan oydan eʼtiboran uch yil muddatga yer soligʻini toʻlashdan ozod etilishi nazarda tutilgan.

    2020-yil 1-yanvardan boshlab jismoniy shaxslarga quyosh fotoelektrik stansiyalari, quyosh suv isitkichlari, shuningdek, energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalarni sotib olish xarajatlarining 30 foizi miqdorida kompensatsiyalar taqdim etish belgilandi.

    2022-yil sentyabr oyida quyosh energiyasini rivojlantirishni ragʻbatlantirishning yangi tizimi yaratildi, uning doirasida 2019-yilda qabul qilingan imtiyozlar qayta koʻrib chiqildi. Natijada, jismoniy shaxslar tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini sotib olish uchun kompensatsiya miqdori tasdiqlandi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishlaridan biri fuqarolar va korxonalar tomonidan ularni sotib olishni moliyaviy ragʻbatlantirishdir. 2022-yil oxirida Energetika vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamgʻarmasiga ushbu maqsadlar uchun 100 milliard soʻm oʻtkazildi.

    1-oktyabrdan boshlab fuqarolar qayta tiklanuvchi energiya manbalarini 3 yil davomida foizsiz toʻlash orqali sotib olishlari mumkin boʻldi. Ushbu norma Oʻzbekiston tomonidan ishlab chiqarilgan fotoelektr panellar, shamol generatorlari va quyosh suv isitgichlariga taalluqlidir. Agar xaridor qurilmaning toʻliq narxini va uni oʻrnatishni darhol toʻlasa, u yakuniy narxdan chegirma shaklida kompensatsiya olish huquqiga ega. Toʻlovlar miqdori qurilma quvvatiga bogʻliq.

    Oʻzbekistonda quyosh energiyasi va boshqa qayta tiklanuvchi energiya manbalarining keng joriy etilishi har yili 3 milliard kubometrgacha tabiiy gazni tejash imkonini beradi. Tejalgan gazning bu hajmi 1 yil davomida 1 million xonadonni tabiiy gaz bilan taʼminlashga tengdir. Bundan tashqari, tejab qolingan bunday miqdordagi tabiiy gazdan foydalanib, 15 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish mumkin, bu esa bugungi kunda Oʻzbekiston jismoniy isteʼmolchilarining 98 foizini bir yil davomida elektr energiya bilan taʼminlash uchun yetarli boʻladi.

    Dunyo tajribasi va ulardagi holat

    Bulardan koʻrinadiki, iqtisodiy taraqqiyot va aholi farovonligiga bevosita bogʻliq boʻlgan va talab doimiy oshib boradigan elektr energetikasi barqarorligi koʻp jihatdan bugun ham, kelajakda ham qayta tiklanuvchi, shu jumladan, quyosh energiyasidan foydalanishni kengaytirishga bogʻliq. Shuning uchun aksariyat rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar bu masalaga ustuvor ahamiyat qaratmoqda.

    Qayta tiklanuvchi energiya boʻyicha Xalqaro agentlik (International Renewable Energy Agency, IRENA) hisobotida keltirilishicha, global quyosh energiyasi ishlab chiqarish 2021-yilda rekord darajaga, yaʼni 179 teravatt-soatga oshgan. Oʻsish – 22 foiz. Mazkur yilda global quyosh generatsiyasi 849 gigavattni tashkil etdi, bu dunyo boʻyicha elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmining 3,6 foizini tashkil etdi.

    Ayni paytda quyosh energiyasini ishlab chiqaruvchi eng yirik davlatlar beshligiga Xitoy (340 gigavatt), AQSH (102,9 gigavatt), Yaponiya (78,5 gigavatt), Germaniya (62 gigavatt) va Hindiston (57 gigavatt) kiradi. Eʼtiborli jihati, bu boradagi kuchli beshta davlatning uchtasi qitʼaimiz vakillaridir.

    Yuqorida qayd etib oʻtganimizdek, bu borada yetakchilik Xitoyga tegishli. 102,9 gigavatt quyosh energiyasi bilan AQSH dunyoda ikkinchi oʻrinda turadi. Ammo 2008-yilda mamlakat atigi 0,34 gigavatt quyosh energiyasini olgan. Hozirgi vaqtda AQSHdagi elektr energiyasining 3 foizi quyosh elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilmoqda.

    AQSHning quyosh salohiyati juda ulkan. Qayta tiklanuvchi energiya milliy laboratoriyasi hisobotiga koʻra, quyosh panellari bilan qoplangan Michigan koʻli kattaligidagi maydon butun mamlakatni elektr energiyasi bilan taʼminlash uchun yetarli boʻlarkan. Agar panellarning samaradorligi oshirilsa, bu maydonni ikki baravar kichraytirish ham mumkinligi aytilmoqda.

    Mamlakat hukumati 2025-yilgacha elektr energiyasining 40 foizini quyosh energiyasidan ishlab chiqarishni maqsad qilgan.

    Bir necha yil oldin Yaponiya quyosh energiyasi quvvati boʻyicha 4-oʻrinda edi. Bugungi kunda umumiy quvvati 78,5 gigavatt boʻlgan mamlakat 3-oʻrinni egallab turibdi.

    2021-yilda Yaponiyada jami ishlab chiqarilgan elektr energiyasining taxminan 10 foizini quyosh energiyasi tashkil etdi. Bu 2010-yildagi atigi 0,3 foizga qaraganda ajoyib oʻsish, albatta.

    Mamlakat quyosh fotoelektr energiyasi nuqtayi nazaridan eng tez rivojlanayotgan davlat hisoblanadi. Bundan tashqari, kunchiqar yurt dunyodagi fotogalvanik elementlarning 45 foizini ishlab chiqaradi va mamlakat fotogalvanik elementlar bozorida dunyoda yetakchi hisoblanadi.

    Kelgusi 8 yil ichida mamlakat 108 gigavatt maqsadiga erishish uchun quyoshdan energiya olishni 20 gigavattga oshirishni rejalashtirmoqda. Ushbu maqsadga erishish uchun Yaponiya davlati Markaziy hukumat va munitsipal binolarining 50 foizidan koʻprogʻiga quyosh batareyalarini oʻrnatishni rejalashtirmoqda.

    Bu borada Oʻzbekiston ham katta rejalarni maqsad qilgan: 2026-yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi 25 foizga yetkaziladi. Albatta, elektr energiyasi barqarorligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan yirik loyihalar, koʻrilayotgan taʼsirchan choralar mamlakatimizning iqtisodiy barqarorligi, pirovardida esa, aholi farovonligiga xizmat qiladi. Zero, tabiiy zaxiralar kamayib, talab esa karrasiga oshib borayotgan bir sharoitda iqtisodiy taraqqiyotni maqsad qilgan har qanday davlat uchun eng maqbul najot yoʻli bu “yashil” energetikadir.

    Anton KOSTYUChENKO,

    Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari,

    Odiljon NAZAROV,

    Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi