Xususan, tadbirda “Sogʻlom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmonida davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari va xodimlari, ularning oila aʼzolarining ham jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishlarini taʼminlash, ular oʻrtasida musobaqalar tashkil etish koʻzda tutilgani taʼkidlandi.
Respublikada aholi oʻrtasida ommaviy sportni rivojlantirish va sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishda — yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol, “Workout” (mahalla va koʻcha fitnesi) sportning ustuvor turlari etib belgilandi.
Har chorakda har bir tuman (shahar)da “Sogʻlom turmush tarzi rivojlangan mahalla” tanlovi tashkil etiladi. 2021-yilda 50 ta sport zali, 48 ta sport inshooti qurilib foydanishga topshiriladi.
2021/2022 oʻquv yilidan boshlab umumiy oʻquv soatlari doirasida jismoniy tarbiya fanini barcha sinflarda haftada 2 soatdan oʻqitish tashkil etiladi.
Davlat organlari va tashkilotlarining ish kuni davomida ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlari bajarishi uchun ish vaqtiga kiritiladigan maxsus tanaffuslar belgilanadi.
2021-yil 1-iyuldan boshlab, vazirlik, idora, korxona, tashkilot, mahalliy davlat hokimiyati organlarida faoliyat olib borayotgan rahbar va xodimlarning antropometrik koʻrsatkichlarini (semizlik darajasini, vazn indeksini), boshqa oʻtkir kasalliklarni keskin kamaytirish, salomatlikni mustahkamlash boʻyicha baholash mezonlarini ishlab chiqib, reyting asosida tahlil qilish hamda natijalarni onlayn kuzatib borish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
2021-yil 1-sentyabrga qadar respublika hududlarida ekspeditsiya tashkil qilgan holda milliy sport turlari hamda xalq oʻyinlari tarixini oʻrganish asosida “Oʻzbekiston Respublikasi milliy sport turlari va xalq oʻyinlari ensiklopediyasi”ni tayyorlanadi va chop etiladi.
“Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 3-noyabrdagi Prezident qaroriga koʻra, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Fargʻona filiali, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Sportchilarning texnik-taktik, psixofiziologik holatini oʻrganish va tahlil qilish boʻyicha maxsus ilmiy laboratoriyasi negizida Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti tashkil etiladi.
2020-yil 1-dekabrdan boshlab Universitet respublikadagi barcha jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat tashkilotlari hamda sport federatsiyalari (uyushmalari) faoliyati ustidan oʻquv va ilmiy-uslubiy rahbarlikni amalga oshiradi.
Universitet huzurida jamoatchilik asosida doimiy faoliyat yuritadigan Respublika ilmiy-uslubiy kengashi tashkil etiladi.
2021-yildan boshlab har yili jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirishga va sohadagi muammolarning ilmiy yechimini taʼminlashga qaratilgan loyihalar tanlovlari muntazam tashkil etiladi.
2021/2022 oʻquv yilidan boshlab Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent farmatsevtika instituti va boshqa oliy taʼlim muassasalarida sport tibbiyoti, farmakologiyasi, reabilitologiyasi, psixologiyasi va diyetologiyasi mutaxassisliklari yoʻlga qoʻyiladi.
2020-yilning yakuniga qadar sport-taʼlim muassasalari hamda sport turlari boʻyicha federatsiyalar (uyushmalar) uchun bosma nashrlarni chop etish maqsadida Universitetda “Jismoniy tarbiya va sport” nashriyoti va bosmaxona faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.