Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi xabar berdi.
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasiga joriy yilning oʻtgan davri mobaynida isteʼmolchilardan umumiy ovqatlanish korxonalarida (restoran kafe, oshxona va bufet) koʻrsatilayotgan xizmatlarda sanitariya-gigiyena talablari buzilayotganligi, narxlarni oshirib qoʻllash hamda taomnomalarning davlat tilida taqdim etilmayotganligi yuzasidan 250 ga yaqin murojaatlar kelib tushgan.
Olib borilgan oʻrganishlarda, umumiy ovqatlanish subyektlari tomonidan isteʼmolchilarga xizmat koʻrsatishda ovqat tayyor boʻlish vaqti, narxi va toʻlash shartlari haqida toʻgʻri tushunarli maʼlumot taqdim etmaslik, taomnomalarda tayyor ovqatlarning hajmlari koʻrsatilmaganligi, yoʻl boʻyida sanitar qoidalariga nomuvofiq joylarda ovqat tayyorlash, tayyor ovqatni yetkazib berish, tashish va saqlashdagi muammolar shular jumlasidandir.
Shuningdek, oʻrganish ishlarida qamrab olingan 700 ga yaqin umumiy ovqatlanish korxonalarining:
524 tasida — (75%) taomnoma davlat tilida emas;
480 tasida — (69 %) ish rejimi koʻrsatilmagan;
449 tasida — (65 %) narxnomalar mavjud emas;
429 tasida — (62%) avtoturargohlar mavjud emas;
519 tasida — (74,6 %) favqulodda vaziyatlari uchun chiqish yoʻlaklari mavjud emasligi aniqlangan.
Raqobat qoʻmitasi tomonidan yuqoridagi aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan vakolatli organlarga (Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi va Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi) tegishli tartibda maʼlumotlar kiritildi.