Referendum nima?

    Bilasizmi? 13 Mart 2023 55950

    Oʻzbekiston Respublikasining referendumi Oʻzbekiston Respublikasining qonunlarini va boshqa qarorlarni qabul qilish maqsadlarida jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari yuzasidan fuqarolarning umumxalq ovoz berishidir.

    Referendum saylovlar bilan bir qatorda xalq irodasining bevosita ifodasidir.

    Referendumda qabul qilingan qarorlar oliy yuridik kuchga ega boʻladi.

    Agar referendumda qabul qilingan qarorlarda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, referendumda qabul qilingan qarorlar faqat referendum yoʻli bilan bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishi mumkin.

    Referendumda kimlar ishtirok etish huquqiga ega?

    Referendum oʻtkaziladigan kunga qadar yoki referendum kunida oʻn sakkiz yoshga toʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining har bir fuqarosi referendumda ishtirok etish huquqiga egadir.

    Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida istiqomat qilayotgan yoki turgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi referendumda ishtirok etishga toʻla haqlidir.

    Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganligi uchun sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish tarzidagi jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar referendumda ishtirok etish huquqiga ega emaslar.

    Kelib chiqishi, ijtimoiy va mulkiy mavqei, irqiy va milliy mansubligi, jinsi, maʼlumoti, tili, dinga munosabati, mashgʻulotining turi va xususiyatiga qarab fuqarolarning referendumda qatnashish huquqlarini bevosita yoki bilvosita cheklash man etiladi.

    Referendum okruglarini tuzish tartibi qanday?

    Referendum okruglari Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegaralarida tuziladi.

    Referendum okruglarining referendumda ishtirok etish huquqiga ega boʻlgan fuqarolar soni va referendum oʻtkazuvchi okrug komissiyalari joylashgan yer koʻrsatilgan roʻyxatlari referendum tayinlash toʻgʻrisidagi qaror eʼlon qilinganidan keyin kechi bilan besh kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan eʼlon qilinadi.

    Ovoz beruvchi fuqarolarning roʻyxatlarini tuzish tartibi qanday?

    Referendumda ishtirok etish huquqiga ega boʻlgan, roʻyxat tuzilayotgan vaqtda mazkur referendum uchastkasi hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilib kelayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari ovoz beruvchi fuqarolar roʻyxatiga kiritiladi.

    Roʻyxatga ovoz beruvchi har bir fuqaroning familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi va turar joy manzili kiritiladi.

    Har bir fuqaro ovoz beruvchilarning faqat bitta roʻyxatiga kiritilishi mumkin.

    Ovoz beruvchi fuqarolarning roʻyxatlari Oʻzbekiston Respublikasi saylovchilarining yagona elektron roʻyxati asosida tuziladi.

    Referendumda ovoz berish vaqti va joyi

    Ovoz berish referendum kuni soat 8.00 dan 20.00 gacha oʻtkaziladi. Ovoz berish vaqti va joyi toʻgʻrisida uchastka komissiyasi referendum oʻtkaziladigan kunga kamida oʻn kun qolganda fuqarolarni xabardor qiladi.

    Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, harbiy qismlarda, sanatoriylarda, dam olish uylarida, kasalxonalar va boshqa statsionar davolash muassasalarida, shuningdek olis va borish qiyin boʻlgan yerlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan referendum uchastkalarida, agar roʻyxatga kiritilgan barcha fuqarolar ovoz berib boʻlgan boʻlsa, uchastka komissiyasi ovoz berish tugaganligini istalgan vaqtda eʼlon qilishi mumkin.

    Referendumda ovoz berish tartibi qanday?

    Referendumda ovoz berish byulleteni ovoz beruvchi tomonidan yashirin ovoz berish kabinasi yoki xonasida toʻldiriladi. Ovoz berish byulletenini toʻldirish vaqtida ovoz beruvchidan boshqa shaxslarning hozir boʻlishi taqiqlanadi. Byulletenni mustaqil ravishda toʻldirish imkoniga ega boʻlmagan fuqaro oʻz xohishiga koʻra, referendum oʻtkazuvchi komissiya tarkibiga kiradigan shaxslardan, kuzatuvchilardan boshqa biron kishini kabina yoki xonaga taklif qilishga haqlidir.

    Fuqarolar referendumga qoʻyilgan masalaga qarshi ovoz beradigan boʻlsalar, masala taʼrifi matnini oʻchiradilar yoki masalani yoqlab ovoz beradigan boʻlsalar, uni oʻchirmaydilar.

    Toʻldirilgan byulletenni fuqaro ovoz berish qutisiga tashlaydi. Ovoz berish qutilari referendum oʻtkazuvchi uchastka komissiyasi aʼzolariga hamda kuzatuvchilarga koʻrinib turishi kerak.

    Buzib qoʻyilgan ovoz berish byulleteni fuqaroning iltimosiga koʻra yangisi bilan almashtirilishi mumkin. Buzib qoʻyilgan ovoz berish byulletenlari hisobga olinishi, bekor qilinishi va alohida saqlanishi lozim.

    Bu yilgi referendum qachon oʻtkaziladi va Konstitutsiyaga nechta yangi modda kiritilyapti?

    Konstitutsiyaning yangi tahriri toʻgʻrisidagi qonun 132 ta ovoz bilan qabul qilindi. Konstitutsiya toʻgʻrisidagi konstitutsiyaviy qonun loyihasi boʻyicha Referendum 2023-yil 30-aprel, yakshanba kuni oʻtkazilishi belgilandi.

    Referendum byulletenida: «Siz Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunini qabul qilasizmi?» deb yoziladi.

    Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan amaldagi Konstitutsiyaga 27 ta yangi modda kiritilyapti, moddalar soni 128 tadan 155 taga oshadi, Konstitutsiyamizning amaldagi 275 ta normasi 434 taga koʻpayadi, yaʼni amaldagi Konstitutsiyamiz 65 foizga yangilanadi.

    Yangilangan Konstitutsiya jamiyatimiz hayotining barcha yoʻnalishlarini kompleks tartibga solish hamda mamlakatimizni demokratik rivojlantirish yoʻlida eng muhim huquqiy poydevor boʻlib xizmat qiladi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga kiritilgan yangi normalar barcha sohalarni taraqqiy ettirishga, shu jumladan, davlat hokimiyatining yanada samarali tashkil qilinishiga yordam beradi.

    Abdumannop Buriyev,

    Fargʻona viloyat

    Adliya boshqarmasi boshligʻi.