Respublika taʼlim markazi direktori lavozimi boʻyicha OTM rektoriga tenglashtiriladi

    Ta'lim 26 Fevral 2021 14121

    Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika taʼlim markazi faoliyatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika taʼlim markazining asosiy vazifalari etib belgilanmoqda:

    – umumiy oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standarti, tayanch va variativ oʻquv rejalari hamda dasturlarini ishlab chiqish;

    – Xalq taʼlimi vazirligi buyurtmasiga asosan tuzuvchilarni tanlash hamda darsliklar va oʻqituvchilar uchun metodik qoʻllanmalarning yagona maketlarini yaratish;

    – yaratilgan darsliklar va oʻqituvchilar uchun metodik qoʻllanmalarni ekspertizadan oʻtkazish, ularni taʼlim tizimida qoʻllash boʻyicha xulosa berish;

    – oʻquv rejasi, dasturlari, yaratilgan darsliklar va oʻqituvchilar uchun metodik qoʻllanmalarni tajriba-sinovdan oʻtkazish ishlariga rahbarlik qilish;

    – fanlarni oʻqitish metodikasi va oʻquvchilar bilimlarini baholashning zamonaviy uslublarini ishlab chiqish, shuningdek, taʼlim dasturlarining integratsiyalashuviga asoslangan oʻqitishning fanlararo yondashuvini joriy qilish va bu boradagi ijobiy tajribani umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida ommalashtirish;

    – umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻqitiladigan fanlarni, ayniqsa, birinchi bosqichda matematika, informatika, kimyo, biologiya va oʻzbek tili (ona tili va davlat tili sifatida) fanlari uchun oʻquv-metodik taʼminotni yaxshilash hamda darsliklarning sifatli tayyorlanishini taʼminlash;

    – oʻquv-tarbiya jarayoniga “STEAM” fanlarini (Science - tabiiy fanlar, Teshnology - texnologiyalar, Yengineering - texnik ijodkorlik, Art - sanʼat, Mathematics - matematika) oʻqitish boʻyicha ilgʻor pedagogik texnologiyalar va boshqa maqbul metodikalarni joriy etish;

    – Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan baholash mezonlari (KRI) asosida tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari fan metodistlari faoliyatining samaradorligini tahlil qilish va ularning reytingini shakllantirish.

    2021-yil 1-apreldan boshlab Markaz direktorining mehnatga haq toʻlash shartlariga koʻra bazaviy lavozim maosh miqdorlari oliy taʼlim muassasasi rektoriga, direktorning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari - oliy taʼlim muassasasi prorektoriga, tarkibiy boʻlinmalar boshliqlari - oliy taʼlim muassasasining fakultet dekaniga, metodistlarining ish haqi miqdori - oliy toifali oʻqituvchining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga tenglashtiriladi.

    Markaz taʼlim sifatini oshirish maqsadida qoʻshimcha ravishda ishga jalb qilish boʻyicha yuqori malakali mutaxassislar, shu jumladan, xorijiy ekspertlar va xorijda yashaydigan vatandoshlar bilan fuqarolik-huquqiy shartnomalar imzolashi mumkin.

    Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari uchun darsliklar va oʻquv-metodik majmualarni yaratish, ekspertizadan oʻtkazish va taqriz berish hamda ekspertlar va taqrizchilarga haq toʻlash xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasi byudjet va aylanma mablagʻlari hisobidan Respublika taʼlim markazi uchun ochilgan maxsus shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari orqali moliyalashtiriladi.

    Markazga shartnoma asosida quyidagi xizmatlarni koʻrsatish huquqi ega boʻladi:

    – xalqaro taʼlim platformalarida mavjud boʻlgan elektron resurslarni, shu jumladan, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining pedagog kadrlari uchun oʻquv-metodik resurslar, maktab yoshidagi bolalarga moʻljallangan videodarslar, taʼlim bilan bogʻliq oʻyinlar va boshqa mahsulotlarni mahalliylashtirish yoʻnalishida bepul va pulli xizmatlar koʻrsatish;

    – nodavlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalari tomonidan tavsiya etilgan oʻquv rejasi va dasturlari, darsliklar hamda oʻquv-metodik resurslarni amaliyotda qoʻllash yuzasidan ilmiy xulosalar berish.

    Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Markaz xodimlarining tarkibini tanqidiy koʻrib chiqib, Markazga yuqori malakali va ilmiy salohiyatli kadrlarni jalb qiladi, bunda besh yildan kam boʻlmagan pedagogik yoki taʼlim sohasidagi boshqaruv organlarida ish stajiga ega boʻlgan mutaxassislarni ishga qabul qilish amaliyotini yoʻlga qoʻyiladi.

    Umumiy oʻrta taʼlimning milliy oʻquv dasturi, darslik va oʻquv-metodik majmualar, oʻqitish metodikasi va baholash, zamonaviy taʼlim muhitini tatbiq qilish boʻyicha tajriba-sinov ishlarini tashkil etish maqsadida Toshkent shahridagi umumiy oʻrta taʼlim maktablaridan biri Markazga biriktiriladi.