Brifingda qayd etilganidek, qish faslida isitish moslamalariga bo'lgan ehtiyojning oshishi yong'in xavfini ortishiga sabab bo'ladi. Yong'inlar bilan bog'liq baxtsiz hodisalarning oldini olish yurtimizda joriy yilning 15 noyabridan 15 dekabriga qadar "Yong'in xavfsizligi oyligi" o'tkazilmoqda.Tadbirdan ko'zlangan asosiy maqsad iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob'ektlari, shuningdek, aholi turar joylarining yong'in xavfsizligini ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni jadallashtirish va bu ishlarda fuqarolarning ishtirokini ta'minlashdan iborat.
Oylik doirasida aholi turar joylari, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlari ob'ektlarida profilaktik tadbirlar o'tkazilmoqda. Tadbir boshidan buyon “Hududgazta’minot” AJ, uy-joy mulkdorlari shirkatlari hamda pech` va dudburonlarga xizmat ko'rsatishga ihtisoslashgan tashkilotlar mutaxassis (usta)laridan iborat tashkil etilgan 350 ta ta'mirlash-tiklash otryadlari tomonidan turar joylarda o'tkazilgan tekshiruvlar davomida aniqlangan kamchiliklarni joyida bartaraf etish choralari ko'rilmoqda.
Shu kunga qadar yong'in xavfsizligi qoidalari talablarini targ'ib qilish hamda bu borada fuqarolarning bilim ko'nikmalarini oshirish maqsadida qator uchrashuv va yig'ilishlar o'tkazildi.
Aholiga isitish pechlari va gaz moslamalaridan foydalanish qoidalari, gaz va havo aralashmasining chaqnashi, fuqarolarni is gazidan zaharlanishi va boshqa noxush holatlarni oldini olishga qaratilgan tushuntirish ishlarini kuchaytirish maqsadida 445 ta turda ishlab chiqilgan 682 ming 449 tirajda eslatma, yo'riqnoma va plakatlar tarqatildi.
Bundan tashqari, bugungi kunda yong'in va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida, hududiy Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari boshliqlari va ularning o'rinbosarlari sektorlarga biriktirilib, grafik asosida tunu-kunlik navbatchiliklari tashkil etilgan.