Oʻzbekistonda ham “milliy madaniyat kunlari” oʻtkazilsa...

    Bugungi kunda mamlakatimizda Prezidentimiz boshchiligida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Chunki maʼnaviyat va maʼrifat davlat va xalqning bugungi va ertangi tinch, farovon hayotida muhim ahamiyat kasb etadi. Boshqacha aytganda, maʼnaviyat, maʼrifat, madaniyat daraxtning oʻzak tomirlari kabidir.

    Toʻgʻri, davlat ravnaqida rivojlangan mamlakatlarning ilm-fan, texnika, iqtisodiy jihatdan yutuqlaridan andoza olish mumkin. Biroq madaniyat va maʼnaviyat borasida bu mumkin emas. Oʻzligini saqlab, rivojlantirib borgan xalq chin maʼnoda mustaqil, baxtli boʻla oladi.

    Ayni paytda bu yoʻnalishda oʻz ishimizga tanqidiy nazar tashlash vaqti keldi. Zotan, yoshlar orasida milliy liboslari, milliy qadriyatlari, anʼanalaridan bexabar, ularni mensimaydigan, yot madaniyat unsurlariga koʻr-koʻrona ergashadigan yigit-qizlar ozmuncha emas. Boshlangʻich maktab yoki bogʻcha yoshidagi bolalarga milliy qadriyatlar nima, degan savolni bersangiz, ularning aksariyati Navroʻz umumxalq bayramimiz haqida gapirib berishadi.

    Ulardan xafa boʻlishga haqqimiz yoʻq. Chunki bu oʻzimizning harakat mahsulimiz: bolalarga faqat Navroʻz bayramidagina milliy liboslarni kiydirdik, ular shu bayramdagina milliy qadriyatlar, urf-odatlar, anʼanalarga guvoh boʻlishdi, milliy madaniyat va maʼnaviyatimiz xususida mana shunday kunlardagina gapirib berishga odatlanib qoldik. Natijada yoshlar oʻrtasida milliy liboslarni kiyishdan hatto or qiladigan, uyaladiganlar koʻpaydi...

    Maʼlumotlarga qaraganda, Yaponiya davlatida haftaning har yakshanba kuni davlatning barcha fuqarolari oʻz milliy kiyimlarini kiyib yurishar ekan. Yosh Turkmaniston davlatidagi siyosiy rahbarlar ham rasmiy tadbirlarda ham oʻziga xos milliy kiyimda ishtirok etadi va albatta, bu xalq qalbida milliy gʻurur borasida motivatsiya uygʻotishi tabiiy.

    Biz esa faqat Navroʻz bayrami arafasidagina urf-odatlarimiz, milliy liboslarimizga eʼtibor qaratamiz. Qolgan vaqtlarda esa bu biz uchun ahamiyatsiz masalaga aylanadi. Eʼtibor bersak, aynan Navroʻz bayrami arafasida chet davlatlardan mamlakatimizga turistlar keladi. Ular bizning madaniyatimiz, urf-odatimiz, qadimiy yodgorliklarimiz, bir soʻz bilan aytganda, milliyligimizni koʻrish, oʻrganish, ulardan zavq olish uchun kelishadi. Xuddi oʻzlari kabi yevropacha va zamonaviy uslubda kiyinganlarni ular uchun qizigʻi va ahamiyati yoʻq.

    Milliy madaniyatimiz nihoyatda goʻzal va mohiyatan qimmatli ekanini hech kim inkor etolmaydi. Milliy liboslarimiz ham xalqimizning boy maʼnaviyati, goʻzal qalbi, mashaqqatli oʻtmishidan hikoya qiladi. Shunday ekan, nega ularni doim koʻz-koʻz qilmasligimiz kerak?!

    Men mamlakatimizda “Oʻzbek milliy madaniyati kunlari”ni joriy qilish va anʼanaviy tarzda oʻtkazishni taklif qilaman. “Oʻzbek milliy madaniyati kunlari”da milliy kiyimlarimizni kiyish, milliy taomlarni tayyorlash, oʻziga xos hunarmandchilik mahsulotlari koʻrgazmalarini oʻtkazish, milliy sport oʻyinlari boʻyicha musobaqalar tashkil etish, milliy raqs, qoʻshiq, askiya, aytishuvlar boʻlishi, teatr va boshqa madaniy tomoshalar uyushtirish maqsadga muvofiq.

    Buning natijasida milliy madaniyatimiz yana-da rivojlanadi, har bir viloyatning oʻziga xos urf-odatlari namoyon boʻladi, doʻppidoʻzlik, pichoqchilik, zargarlik kabi noyob hunarmandchilik turlari yana-da rivojlanadi, oʻzbek milliy liboslari dunyo yuzini koʻradi, eng muhimi, oilaviy qadriyatlar yana-da mustahkamlanadi, yoshlar tarbiyasida milliy ruh yana-da barqaror boʻladi. Bir soʻz bilan aytganda, yoshlar qalbida maʼnaviy-axloqiy fazilatlar shakllanadi va sayqallanadi. Shu oʻrinda Prezidentimizning quyidagi soʻzlarini esga olish oʻrinli: «Jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlar qonunlar bilan tartibga solinadi.

    Insonlar oʻzlarini nizolashishdan olib qochadilar, lekin ular or-nomusni oʻzlarida his qilmaydilar, agar maʼnaviy-axloqiy voqealar yordamida tartibga solinsa, odamlar or-nomusni his qiladilar, halol va sofdil boʻladilar». Davlatimiz rahbari balki “halollik vaksinasi” haqida gapirganlarida milliy gʻururi baland va maʼnaviyati boy xalqni nazarda tutgandir?!

    Yer yuzida tobora ozayib borayotgan baʼzi bir millatlar oʻzlarining qadriyatlari va madaniyatini saqlab qolish uchun kurashayotgan bir paytda nima uchun biz haftada bir kunimizni milliy madaniyatimiz uchun sarflamaymiz? “Oʻzbek milliy madaniyati kunlari” “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” borayotgan xalqning eng birinchi qoidasi boʻlishiga ishonaman. Biz butun dunyo havas qiladigan mehmondoʻstlik, oilaviy hamjihatlik, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat nazari bilan qaraydigan, halollikni insoniylikning eng muhim talabi deb biladigan millatmiz. Bunday goʻzal qadriyatlarni jahonga keng yoyish orqali xalqning oʻzligini saqlab qola olamiz.

    Mirabbosxon MIRSAIDOV,
    Namangan viloyati IIB,
    maʼnaviy va maʼrifiy ishlar hamda kadrlar bilan
    taʼminlash xizmati boshligʻi oʻrinbosari,
    podpolkovnik.