Bu markazlar orqali ko'rsatilayotgan xizmat turlari to'rt yil davomida 4,5 barobar ortib, 37 tadan 176 taga etdi. Ushbu xizmatlarning 10 tasi joriy yilning 6 oyi davomida yo'lga qo'yildi. Ahamiyatlisi, ko'rsatilayotgan xizmatlarning 52 tasi tekin. Hozir markazlarda 2 ming 250 dan ziyod xodim mehnat qilmoqda.
Davlat xizmatlarini ko'rsatish va ushbu sohani rivojlantirishda aholiga yanada qulaylik yaratishga alohida e'tibor qaratiladi. So'nggi 3 yilda Prezidentning davlat xizmati ko'rsatishni sifat jihatidan yaxshilash va modernizatsiya qilish bo'yicha 30 dan ortiq hujjati qabul qilindi. Natijada 200 dan ortiq davlat xizmati qayta ko'rib chiqilib, soddalashtirildi, talab etiladigan hujjatlar soni 2 barobar (221 tadan 95 taga), xizmat ko'rsatish muddatlari 499 kundan 271 kunga (46 foiz) qisqartirildi.
Davlat xizmatlari markazlari orqali 2018-2022 yillarda jami 40 milliondan ortiq xizmat ko'rsatildi. Bugungi kunda mamlakatimiz bo'yicha bir kunda o'rtacha 45-50 ming aholi Davlat xizmatlari markazlari xizmatlaridan foydalanmoqda. Xususan, birgina joriy yilning olti oyi davomida 5,5 milliondan ortiq davlat xizmati ko'rsatilgan.
Olis va chekka hududda yashovchi fuqarolarimizga engillik yaratish, ularning vaqtini tejash maqsadida 900 mingdan ortiq sayyor (mobil) davlat xizmati ko'rsatilgan. SHundan joriy yilning 6 oyi davomida ko'rsatilgan sayyor xizmatlar soni 270 mingdan ortiqni tashkil qildi.
Fuqarolar ovoragarchiligining oldini olish maqsadida tuman (shahar) markazidan 50-100 kilometr uzoq hududlarda 141 ta filial faoliyati yo'lga qo'yildi. Davlat xizmatlari markazlarining 170 ta zamonaviy binosi foydalanishga topshirildi. Qisqa muddatlarda barcha markazlarni zamonaviy bino bilan ta'minlash choralari ko'rildi va bu jarayon davom etmoqda.
Byurokratiyaning oldini olish maqsadida qabul qilingan 4 ta “paket” hujjat aholi va tadbirkorlardan 73 turdagi hujjat va ma'lumotnoma talab etilishini bekor qilish, 400 tadan ortiq tartib-taomilni soddalashtirish imkonini berdi. Natijada yiliga o'rtacha 20 milliondan ortiq fuqaroning ovoragarchiligiga chek qo'yildi va ularning qariyb 300 milliard so'mdan ortiq mablag'i tejaladigan bo'ldi.
Aholining davlat xizmatlaridan foydalanishini osonlashtirish maqsadida bugungi kunda shaxsni identifikatsiyalashning Mobil-ID tizimi ishlab chiqilmoqda. Ushbu tizim fuqarolarga elektron raqamli imzosiz ham barcha davlat xizmatlaridan foydalanish imkonini yaratadi.
Masalan, hozir 3,1 milliondan ortiq faol elektron imzo mavjud bo'lib, ularning amal qilish muddati 2 yilni tashkil etadi. Mobil-ID tizimi esa mobil aloqa xizmatlaridan foydalanayotgan 24 million aholi uchun alohida flesh-kartani olib yurmasdan xizmatlardan foydalanish imkonini beradi.
Davlat xizmatlari markazlari orqali ko'rsatiladigan barcha xizmatlarni eksterritorial tamoyil asosida ko'rsatish yo'lga qo'yildi. YA'ni aholi va tadbirkorlarimiz doimiy ro'yxatdan o'tgan joyidan (propiskaga) yoki yashash joyidan qat'i nazar, istalgan yoki o'ziga qulay joydagi Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilib, xizmatlardan foydalanishi mumkin.
Davlat organlari ish uslubini o'zgartirib, faoliyatini raqamlashtirish choralarini ko'ryapti, bekor bo'lgan hujjatlarni aholidan talab qilmaslik uchun o'z axborot tizimini shakllantirmoqda. Natijada aholining elektron (masofaviy) davlat xizmatlaridan foydalanish ulushi 15 foizdan oshdi. YUzdan ortiq xizmat to'lovi qisqartirildi, 2 turdagi xizmat uchun to'lov undirish bekor qilindi, 50 ta xizmat bepul ko'rsatilmoqda.
Aholiga qulaylik yaratish va tadbirkorlik sohasini rivojlantirishda muhim yo'nalish — litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish. Bir yil oldin “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to'g'risida”gi qonun qabul qilinishi munosabati bilan 100 ga yaqin qaror o'z kuchini yo'qotgan, deb topildi va yagona tartib belgilandi.
Litsenziya va ruxsat berish hujjatlari 30 foiz qisqartirildi. 102 ta litsenziya bekor qilindi (68 ta litsenziya, 34 ta ruxsatnoma). Qonun bilan 49 ta litsenziya, 120 ta ruxsat berish hujjati, 33 ta xabarnomaning yakuniy ro'yxati tasdiqlangan. Sohada ilk marotaba xabardor qilish instituti joriy etildi.
Bitta hujjat bilan barcha nizomlar tasdiqlandi, shu sohani tartibga soluvchi 250 dan ortiq hujjat bekor qilindi. endi aholi avvalgidek 200 dan ortiq hujjatga murojaat qilib yurmaydi.
“Litsenziya” axborot tizimi yaratildi va jarayon elektronlashtirildi. Natijada litsenziya va ruxsatnomalardagi mavjud 15 mingdan ortiq talab va shart 2 barobar, litsenziya va ruxsatnomalarni rasmiylashtirib berish muddatlari 2-3 barobar qisqartirildi. Litsenziya va ruxsatnomalarni maxsus blankalarda chop etish uchun har yili sarflanadigan 13 milliard so'm mablag' va qariyb 1,2 million pachka qog'oz tejalishiga erishildi. Fuqarolarning 5-10 ta idoraga borib kelishiga chek qo'yildi.
To'liq elektron tizim orqali 80 dan ortiq litsenziya berish yo'lga qo'yildi. 32 mingta elektron litsenziya berildi. Natijada 40 ming fuqaroning litsenziyalovchi organlarga ovora bo'lib kelishi, 100 ming marotabadan ortiq kelishish uchun boshqa organlarga borishining oldi olindi. Ularning borish-kelishi bilan bog'liq 2 milliard so'mga yaqin mablag'i tejaldi.
Shu bilan birga, davlat xizmatlari ko'rsatish sohasini rivojlantirishdagi qilinadigan ishlar talaygina. Xususan, bugungi kunda barcha davlat xizmatlarini kompleks rivojlantirish va raqamlashtirish bo'yicha dasturiy hujjat mavjud emas. Barcha davlat idoralari xizmatlarini o'ziga mos tarzda ko'rsatmoqda. Vaholanki, davlat xizmatini ko'rsatishda, birinchi navbatda, aholi manfaatlari va ularga qulaylik nuqtai nazaridan yondashish lozim.
Aholiga davlat xizmatlarining aksariyati hamon an'anaviy shaklda ko'rsatilmoqda. Masalan, 750 ta davlat xizmatidan 325 tasi YAgona interaktiv davlat xizmatlari portali, shundan 172 tasi Davlat xizmatlari markazlari hissasiga to'g'ri keladi.
Ko'rsatilayotgan xizmatlar ulushida elektron davlat xizmatlaridan foydalanish juda kam. SHu sababli elektron davlat xizmatlari ko'rsatish ko'lamini kengaytirish bo'yicha ham davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari belgilab berilgan. Bu esa mamlakatda qulay ishbilarmonlik muhitini yanada rivojlantirish, foydalanuvchilarga sifatli va tezkor davlat xizmatlarini taqdim etish imkonini beradi.
Tizimdagi bu kabi islohotlar aholining davlat xizmatlariga talabini samarali qondirish, mustaqil ravishda masofadan turib foydalanish imkoniyati oshishi, davlat xizmatlarining barcha hududlarga kirib borishi, aholi va tadbirkorlarga qator yo'nalishlarda qulayliklar yaratilishiga xizmat qiladi.
Ruslanbek DAVLETOV,
adliya vaziri