Sahnaga baxshida umr

    Fikr 31 Dekabr 2020 5763

    Oʻzbekiston xalq artisti, “Doʻstlik”, “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari sohibi, Oʻzbekiston Qahramoni Zikir Muhammadjonov jiddiy qiyofasi, baquvvat, ildam qadam tashlashi, samimiy soʻrashishi va dadil soʻzlashuvi bilan xotiramda qolgan. Bu insondagi suhbatdoshga hurmat, yoshidan, kasb-koridan qatʼi nazar, sanʼat ixlosmandlariga eʼtiborni tuyganman.

    Har bir yangi kitobi chiqqanida bizga yetkazishga shoshilardi. Ilm ahlini juda qadrlaganidan edi bu. U vaqtlarda ancha yosh, teatrshunos sifatida tajribasizroq ham edim. Lekin biz, tanqidchilarning fikriga eʼtiborli edi. Sanʼat va sanʼatkor taqdiriga befarq emas edi bu inson.

    Zikir Muhammadjonov keng qamrovli aktyor edi. Umrining deyarli 75 yilini Oʻzbek milliy akademik drama teatri sahnasida oʻtkazdi. Sahnada, kino va televideniyeda yaratgan yuzdan ziyod obrazlarining har biri katta mahorat va mehnat natijasidir. Aktyor ijodiy biografiyasida eʼtiborga molik obrazlar juda koʻp. Ferdinand (“Makr va muhabbat”), Jaloliddin (“Jaloliddin Manguberdi”), Ivan (“Sepsiz qiz”), Dehqonboy (“Shohi soʻzana”), Abdulatif (“Mirzo Ulugʻbek”), Boris (“Momaqaldiroq”), Goratsio (“Hamlet”), Kassio (“Otello”), Hamza (“Hamza”), Furqat (“Furqat”), Beruniy (“Abu Rayhon Beruniy”), Edigey (“Asrga tatigulik kun”), Samandar (“Samandar”), Sintaro (“Oʻgʻirlangan umr”), Oktaviya, Sezar (“Yuliy Sezar”), Jabborov (“Parvoz”), Mirzakarimboy (“Qutlugʻ qon”), Yusufbek hoji (“Oʻtkan kunlar”), Navoiy (“Alisher Navoiy”) kabi rollarida Muhammadjonovning oʻziga xos ijod nafasi, ovozdagi joʻshqin ehtiros, fikran teranlik va vazminlik, aktyorning oʻzigagina monand imkoniyat kuchi namoyon boʻlgan. Bir soʻz bilan aytganda, Zikir Muhammadjonov yaratgan obrazlar kuchli psixologik dramatizmi, romantik koʻtarinkiligi bilan ajralib turardi.

    Zikir Muhammadjonovning teatrga kirib kelishi juda ogʻir yillarga toʻgʻri keldi. 1937-yildagi qatagʻonning sovuq shamoli madaniyat va sanʼat arboblarini ham chetlab oʻtmagan. Xususan, Abdulla Qodiriy, Fitrat, Choʻlpon, Bosit Qoriyev singari millatning buyuk oʻgʻlonlari qatagʻon qurboniga aylangan... Shu bilan birga, ogʻir davrlarda ham teatr sanʼati bir qator yutuqlarga erishayotgan, mamlakatdan chetda ham eʼtirof etilayotgandi. Xususan, “akademik teatr” maqomini olib ulgurgan jamoa tomonidan tayyorlangan “Hamlet” (Shekspir), “Makr va muhabbat” (Shiller), “Farhod va Shirin” (Xurshid), “Halima” (Gʻ.Zafariy), “Revizor” (Gogol), “Momaqaldiroq” (A.Ostrovskiy) singari postanovkalar omma orasida katta shuhrat topgan.

    Odatda aktyor ommaviy sahnalarda sinab koʻriladi, mahorat oshiradi. Zikir Muhammadjonovda bu holat uzoq davom etmadi. Urush uning intilishlarini boshqa oʻzanga burib yubordi. Endi u faoliyatini zavodda, stanoklar oldida davom ettirdi. Urushning oʻrtalariga kelib, ishlab chiqarishda band boʻlgan qator aktyorlarni teatrga qaytarish taklifi kiritilganda, zavod rahbariyatini koʻndirish oson boʻlmadi, markazning aralashuvi bilangina u teatrga qaytarildi.

    Oʻsha yillarda teatrda sahnalashtirilgan “Jaloliddin Manguberdi” spektaklida aktyorga Temur Malik obrazining topshirilishini taqdirning tuhfasi deyish mumkin.

    Zikir Muhammadjonovning eng katta omadi unga ulugʻ aktyorlarning mehri tushgani boʻldi. Ularning oʻgitlari aktyorga sahna sirlarini anglashda muhim omil vazifasini oʻtadi. Toshkentda urush tugagan yili ochilgan Teatr va rassomlik instituti talabalari orasidan oʻrin olgan Zikir yoshi eng katta talaba boʻlgani sabablimi, oʻqishga masʼuliyat bilan yondashib, uni ish bilan birga olib bordi. Kunduzi oʻqidi, darsdan boʻsh vaqtlarda teatrga — ishiga oshiqdi. Ayniqsa, jahon klassik asarlarida ijro etgan rollari uning aktyor boʻlib shakllanishiga xizmat qildi. Xususan, A.Ostrovskiyning oʻzbek sahnasida koʻp bora sahnalashtirilgan “Momaqaldiroq” asaridagi Boris obrazi uning ijrosida qahramon xarakteridagi bir-biriga qarama-qarshi xususiyatlar toʻgʻri ilgʻangan. Bu, avvalo, Katerinaga nisbatan rahm-shafqat hissi boʻlsa, ikkinchidan, oʻzi botgan qorongʻilik saltanatidan chiqib keta olmaganlikda koʻzga tashlanadi. Aktyorning ijrosi samimiyligi bilan oʻziga tortib, qahramonga nisbatan achinish hissini uygʻotadi. Bu kabi murakkab xarakterli obrazlar talqini aktyorning shakllanishida muhim ahamiyat kasb etdi.

    Oʻquv yurtidagi taʼlim oʻzining ijobiy natijalarini berdi. Abdulla Qahhorning “Shohi soʻzana” asaridagi bosh qahramon Dehqonboy obrazi yosh aktyorga ishonib topshirildi. Aktyor talqinidagi Dehqonboy yoshlik shijoati, gʻayrati tufayli yangi hayotning, yangi yerlarning haqiqiy egasi. Bu obrazga xos chapdastlik, oddiylik, fikrdagi sobitlik, har qanday murakkab vaziyatda undan chiqib ketishga kuch topa olish vatanga boʻlgan muhabbatning natijasi hamdir. Aktyor oʻz qahramoniga xos ushbu sifatlarni sahnada ishonarli talqin etdi. Taʼkidlash lozim, aktyor ijrosidagi bu obraz oʻzbek yigitining yangicha namunasi edi.

    Bu kabi zamondoshlar qiyofalari aktyor ijodiy biografiyasida keyinchalik ham alohida oʻrin tutdi. Asqad Muxtor asarlari asosida rejissyorlar X.Apponov va B.Yoʻldoshev tomonidan sahnalashtirilgan “Samandar” spektaklidagi Samandar Saidov va “Sahro tor”dagi Zargarov qiyofalari bir-birini toʻldiradi, deyish mumkin. Bu obrazlar talqini aktyor ijodida besh yillik tanaffus bilan ijro etilgan boʻlsa-da, har ikki xarakter oʻrtasida oʻziga xos ichki munosabat va evolyutsiyani sezish mumkin.

    Xususan, Samandar Saidovdek hayotda hamma narsaga oʻz mehnati bilan erishgan, oʻzining haqligini mehnat bilan isbotlashga bel bogʻlagan shaxs obrazini yaratar ekan, aktyor qahramonning holatini tushunib ijro etadi va uning mehribonligi, samimiyligini ifodalashga intiladi. Bunga aktyor hayotda qiyinchiliklar girdobiga tushib qolgan Samandarning ichki dunyosiga eʼtibor qaratish orqali erishadi. Natijada tomoshabinga bu kabi insonlarga hayotda ehtiyoj mavjudligini koʻrsatadi. Bunda qahramon axloqiy qarashlarini emas, balki uning atrofida yuzaga kelgan vaziyatni oʻzgartirish kerak, degan xulosa kelib chiqadi.

    Zargarov qiyofasida aktyor yirik rahbar obrazini yaratar ekan, unda ham ishchanlik fazilatlarini qahramon xushmuomalaligi va odamoxunligidan ajratmaslikka intiladi. Zargarov barcha narsani tez anglaydigan, qatʼiyatli, bir soʻzli, shu bilan birga, hazilkash inson ham. Aktyor ijrosida Zargarov — noyob shaxs, oʻz qadr-qimmatini chuqur his qiladi, keskin qarorlarga kelishga tayyor.

    Har ikki holda ham bosh rolga Z.Muhammadjonovning tanlanganiga sabab aktyorga xos oʻychan psixologizmga moyillik, ziyolilarga xos xatti-harakatlar, tashqi bichim, ijodiy jihatdan fikri bir nuqtaga yoʻnaltirilganlik, oʻz ishiga sadoqat va bularning bari zamonaviy qahramon haqidagi tasavvurlarga mos kelganidan edi. Tilga olingan holatlar aktyor umri davomida yaratilgan qator qahramonlari xarakterida koʻzga tashlanadi. Shu oʻrinda Oʻ.Umarbekovning “Kuzning birinchi kuni” dramatik asari asosida tayyorlangan spektakldagi Shokir Sultonov obrazi yodga keladi. Hali-hanuz oʻz burch va masʼuliyatini anglab yetmagan yoshlarga bagʻishlab yozilgan ushbu asarda oilada bola tarbiyasi masalasi, yoshlarning hayotga munosabatini koʻrsatish maqsad qilingan. Asar voqealarini yoshlar bilan bogʻliq birgina hayotiy fojia harakatga keltirar ekan, turli axloqiy qarashlar oʻrtasidagi ziddiyat dramatik harakatga hayotiylik bagʻishlaydi. Asar konfliktini tashkil etgan ikki bir-biriga zid tushuncha — axloqiy poklik va tubanlik orqali teatr insonlar oʻrtasidagi munosabatlarni ochishga intiladi.

    Aktyor sahnada yaratgan har bir obraz, u bosh qahramon boʻladimi yoxud ikkinchi darajalimi, qahramon tabiatini chuqur oʻrganish, xatti-harakatlar natijalarini mulohaza etib, bunda mantiqqa yondashgan holda ijro etilgan. Bu kabi sifatlar Zikir Muhammadjonov teatr sahnasida ijro etgan tarixiy shaxslar obrazlari ijrosida ham koʻzga tashlanadi.

    Uygʻun va Izzat Sulton qalamiga mansub “Alisher Navoiy” dramasi Milliy akademik drama teatri sahnasida bir necha bor sahnalashtirilgan. Pyesada Alisher Navoiy va Husayn Boyqaro oʻrtasidagi munosabatlar hayotdagidan koʻra keskin, murakkabroq qilib berilgan. Natijada Husayn Boyqaro obrazi oʻz tarixiy prototipidan koʻra, salbiyroq qiyofada gavdalangan. Bunga sabab esa asar yaratilgan davr hukmron mafkurasi talablaridan kelib chiqib, mualliflar oʻttiz yildan ziyod hukmronlik qilgan ulkan salohiyatli davlat arbobi, hukmdor obrazini tarixan haqqoniy koʻrsatib berishga imkoniyatlari boʻlmaganida edi.

    Bosh qahramonlarning yoshlik va keksalik davrlarini turli aktyorlar ijro etgan. Navoiyning yoshlik yillarini S.Umarov va B.Muhammadkarimov, keksalik davrini esa Z.Muhammadjonov va Yo.Ahmedov, navqiron Boyqaroni M.Abduqunduzov va M.Ismoilov, keksaligini esa T.Azizov va T.Karimov gavdalantirgan. Shu asno spektaklda ulkan hayot yoʻli bosib oʻtilgani koʻrsatildi. Zikir Muhammadjonov rol ijrosiga kirishar ekan, buyuk shoir isteʼdodi qanchalar koʻp qirrali ekaniga, ayni paytda feʼl-atvoridagi olijanoblik va nazokatga alohida eʼtibor berdi. Natijada aktyor ijrosida Navoiy ulkan madaniyat sohibi, yuksak maʼnaviy gʻoyalar targʻibotchisi sifatida koʻzga tashlanadi. Bunday ijro sabab Navoiy uchun asarda ilgari surilgan insonparvarlik gʻoyalarining ulugʻvorligi va beqiyosligini spektakldagi personajlarning barchasi his etib turadi.

    Navoiyning feʼl-atvori sahnama-sahna izchil rivojlanib, komillik kasb etadi. Navoiy — Zikir Muhammadjonov xunrezlikni toʻxtatish va mamlakat butunligini saqlab qolish uchun qayta-qayta safarga chiqib, Boyqaro — T.Azizov muxoliflarini murosaga chaqirishga majbur boʻladi. Astroboddagi zerikarli oʻtgan kunlar Navoiy siymosida kuchaygan hayajonlar va tashvishlar qanchalar shoirona koʻtarinkilikka ega ekanini yana bir karra namoyish qiladi. Bu lavhada Navoiy davlat arbobi va shoir sifatida namoyon boʻladi. Ushbu koʻrinishda Navoiyning oʻz xalqi va hukmdor doʻsti Husayn Boyqaro toʻgʻrisida mulohaza yuritib, muxoliflik qilayotgan ijtimoiy kuchlarni murosaga keltirish yoʻlidagi xatti-harakatlari ishonarli talqin topgan.

    Spektaklning soʻnggi sahnasidagi ijro, ayniqsa, eʼtiborli. Keksayib qolgan ikki qadrdon — Navoiy va Boyqaro bir-birini avaylab, bagʻriga bosadi. Biroq Boyqaroning nevarasi Moʻmin Mirzo qatl etilgani toʻgʻrisidagi xabar adovat, qonunsizlik, adolatsizlik, xunrezlik saroyda hamon davom etayotganidan dalolat beradi. Navoiy esa oʻzining ezgu gʻoyalariga avvalgidek sodiq, Husayn Boyqaro esa birodarkushlik urushlari va saroydagi fitna-fasodlar holdan toydirgan hukmdor sifatida koʻrinadi. Sulton Husayn Boyqaro — Turgʻun Azizov tiz choʻkib, iltijo bilan tikilib qolar ekan, Navoiy — Zikir Muhammadjonov oʻz doʻsti va hukmdorini tark etib, sevgan xalqi va ijodi tomon, yaʼni mangulikka yoʻl oladi. Bu kabi yondashuv aktyor ijodiy biografiyasida buyuk tarixiy shaxslar siymolarining eʼtiborli qiyofalari yaratilganini koʻrsatadi.

    Zikir Muhammadjonov ijodiy bio­grafiyasida Chingiz Aytmatovning “Asrga tatigulik kun” romani asosida yaratilgan spektakldagi Edigey obrazi alohida oʻrin tutadi. Asarning bosh qahramoni Edigey Jongeldin halol, mehnatkash odam. U urushda qatnashib, uning qiyinchiliklarini koʻrgan. “Boʻronli” bekatida temir yoʻl ishchisi boʻlib ishlaguncha boshidan ne-ne koʻrguliklarni oʻtkazgan, bariga chidagan. Edigey misolida jamiyat tarixining muayyan sahifalari tilga olinadi.

    Publitsistik ruhda spektakl yaratishni niyat qilgan rejissyor R.Hamidov asosiy eʼtiborini Edigey taqdiriga qaratadi va bu borada keng urf boʻlgan usulni tanlaydi. Boshqa personajlar bilan muloqotlar, qahramonning mulohazalari, monologlari, shuningdek, muallifning qahramonga munosabatidan Edigey obrazi shakllanadi. Mazmuni va hajmiga koʻra, nihoyatda keng koʻlamli bu rolga bir necha aktyor jalb qilindi. Asosiy ijrochi Z.Muhammadjonovga eng yorqin va taʼsirli koʻrinishlar toʻgʻri keldi.

    Edigey — quvonch va qaygʻular, zafar va magʻlubiyatlarni boshidan kechirgan oddiy odam. “El qatori oddiy mehnatkashman. Har bir narsaga diqqatvozlik qilib, tashvishlanishimning hojati bormikan”, deydi oʻziga-oʻzi Edigey. Bu obrazning qudrati, alohida oʻziga xosligi, yangiligi va zamonaviyligi shundaki, u oʻzini mana shu kurrai zaminning bir zarrasi sifatida his qiladi, jahonda roʻy berayotgan har bir voqeaga daxldor va masʼul ekanini sezib turadi. Poytaxtda istiqomat qilasanmi yoki ichimlik suv chetdan keltiriladigan olis temir yoʻl bekatida yashaysanmi, bu dunyoda hammaning qismati bir-biri bilan chambarchas bogʻlangan. Shu maʼnoda, aktyor ijrosida Edigeyning oʻz taqdiri, qarindosh-urugʻlari va ona xalqi haqidagi teran mulohazalari nihoyatda qiziqarli ifodalangan.

    Bitta maqolada Zikir Muhammadjonovning uzoq ijodiy yoʻli davomida yaratilgan barcha sahnaviy obrazlariga toʻxtalishning iloji yoʻq. Aktyor har xil xarakterdagi qahramonlar qiyofalarini yaratar ekan, asocan, obrazining kuchli jihatlarini koʻrsatishga erishdi. Shu sabab uning qahramonlari ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, oʻz insoniy burchiga sodiq insonlar edi. Mana shu xislatlari sabab ham aktyor tomoshabinlar eʼtiboriga tushib, ularni doimo oʻziga jalb etib kelgan boʻlsa, ajabmas. Balki shu unga umrining oxiriga qadar suygan ishida ardoqlagan xalqi uchun xizmat qilishiga kuch bergandir.

    Dilfuza RAHMATULLAYEVA,

    OʻzFA Sanʼatshunoslik instituti direktori oʻrinbosari, sanʼatshunoslik fanlari doktori, professor