Bryusselda 2024-yilgi parlament saylovlari muhokama qilindi

    Belgiyaning poytaxti Bryussel shahrida joylashgan Yevropadagi yirik axborot platformalaridan biri bo'lgan “Euractiv”da O'zbekistondagi bo'lajak parlament saylovlariga tayyorgarlik, Yevropa ittifoqi va Markaziy Osiyo o'rtasidagi hamkorlik istiqbollariga bag'ishlangan panel sessiyalar tashkil etildi.

    Panel sessiyalarning dastlabkisi “2024-yilgi Parlament saylovlari – demokratik kelajak sari yo'lda” mavzusida bo'lib o'tdi. Munozaralarda Yevrokomissiya, Yevropa tashqi harakatlar xizmati, mintaqaning siyosiy va biznes doiralari, tahliliy markazlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari, shuningdek, o'zbekistonlik siyosatchilar hamda fuqarolik jamiyati instituti vakillari qatnashdi.

    Jumladan, mazkur panel sessiyada “Taraqqiyot strategiyasi” ijrochi direktori Eldor Tulyakov ishtirok etib, O'zbekistondagi demokratik islohotlar, saylov qonunchiligidagi o'zgarishlar va fuqarolik jamiyatini qo'llab-quvvatlash bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma'lumot berdi.

    Xususan, Markaz rahbari so'nggi 6-7 yil ichida O'zbekistonda siyosiy islohotlarga jamoatchilikni jalb qilish mexanizmlari joriy etilib, “Xalq bilan muloqot” tamoyili asosida ish olib borilayotganligi, natijada islohotlarni amalga oshirishda fuqarolar faolligi ortib borayotganligini alohida ta'kidladi.

    Shuningdek, spikerlar munozaralarda bu yilgi Parlament saylovi nomzodlar uchun teng sharoitda va yangilangan Konstitutsiyada belgilangan me'yorlar, milliy qonunchilik va xalqaro huquq normalariga muvofiq ravishda o'tkazilayotganiga e'tibor qaratdi. Saylovoldi targ'ibot-tashviqot davrida O'zbekistondagi siyosiy partiyalarning dasturiy maqsad va g'oyalari haqida ham axborot berildi.

    Yana bir panel muhokamasi O'zbekiston va Yevroittifoq o'rtasidagi hamkorlik istiqbollariga bag'ishlandi. So'nggi yillarda mintaqa davlatlari yetakchilarining yurtimizga rasmiy tashriflari muntazamlik kasb etgani, munosabatlarni yanada rivojlantirishga doir salmoqli hujjatlar imzolangani hamda o'zaro aloqalardagi ijobiy dinamika tilga olindi. Shuningdek, xorijlik ekspertlar Yevroittifoq va Markaziy Osiyo o'rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo'nalishlariga to'xtalib to'xtalib o'tishdi:

    Ditmar Krissler – Yevropa tashqi harakatlar xizmati Markaziy Osiyo bo'limi rahbari:

    Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik qilish – Yevropa Ittifoqining strategik maqsadi. Buning uchun oxirgi yillarda ko'p tashkiliy asoslar yaratildi, muhokamalar o'tkazildi. Ushbu hamkorlik savdo, investitsiya, transport, raqamlashtirish, ta'lim va boshqa sohalarni o'z ichiga qamrab olgan bo'lib, hozirgi geosiyosiy chaqiruvlar fonida biz yanada yaqinroq hamkorlik qilishimiz maqsadga muvofiq deb o'ylayman.

    Fabien Bossyu – Xalqaro va Yevropa tadqiqotlari bo'yicha Gent institutining professori, doktor:

    – Ekspert sifatida bu sohada ancha yillardan beri ishlab kelmoqdaman. Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo bo'yicha ko'plab tadqiqotlar o'tkazdim. O'n besh yil oldin Toshkentga birinchi marta borganman, yaqinda yana O'zbekistonda bordim. U yerda ulkan yangilanishlarga guvoh bo'ldim. Butun mamlakat, ayniqsa, Toshkentdagi o'zgarishlar hayratlanarli. Ochig'i akademik sifatida emas oddiy inson sifatida ham O'zbekiston qanchalik rivojlangani meni hayron qoldirdi. 2008-yildan buyon o'tgan davr ichida O'zbekiston mutlaqo yangi qiyofaga kirgani shaxsan menda katta taassurot qoldirdi. O'zgarishlar davlatning tashqi siyosatida ham aks etayotgani diqqatga sazovor. Oxirgi yillarda O'zbekiston haqiqatdan dunyoga ochildi va o'zining ulkan salohiyatidan samarali foydalana boshladi. Katta islohotlarga yo'naltirilgan bu siyosat ortga qaytmas ekani bugun yaqqol tasdig'ini topmoqda va mamlakat izchil rivojlanishda davom etishi aniq.

    Munozaralarda Yevroittifoq va Markaziy Osiyo o'rtasidagi hamkorlik ikki tomon uchun ham manfaatli bo'lib, mintaqada barqarorlik va farovonlikka munosib hissa qo'shishi ta'kidlandi.

    “Taraqqiyot strategiyasi” markazi

    Axborot xizmati