Samarqandda gʻalla parvarishini kechiktirgan 365 nafar fermer ogohlantirildi

    644 ta fermer xoʻjaliklari tomonidan ekilgan 10 ming gektardan ortiq gʻalla maydoni “qoloq” deb topildi.

    Samarqandlik koʻpni koʻrgan, tajribali dehqonlar tomonidan boshoqli don ekinlaridan moʻl hosil yetishtirish yuzasidan oʻziga xos maktab yaratilgan. Ayni kunlarda 4 ming 470 ta fermer xoʻjaliklari tomonidan 94 ming 230 gektar suvli maydonga ekilgan kuzgi boshoqli don ekinlarini parvarishlash yuzasidan belgilangan agrotexnik tadbirlar oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilmoqda.

    “Oʻzagroinspeksiya”ning markaziy apparati, inspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi va boʻlimlari tomonidan har gektar hisobiga 5 tonnadan mahalliy oʻgʻit jamgʻarish, boshoqli don ekinlarini azotli oʻgʻitlar bilan oziqlantirish hamda kuzgi boshoqli don ekinlarining holati tahliliy ravishda oʻrganildi.

    Oʻrganishlar davomida, viloyatda 86 ming 57 gektar maydondagi boshoqli don ekinlari toʻliq unib chiqqanligi aniqlandi. Ammo boshoqli don ekinlari parvarishida agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan bir qator kamchiliklar ham mavjudligi maʼlum boʻldi.

    Jumladan, viloyatda 644 ta fermer xoʻjaliklari tomonidan ekilgan 10 ming gektardan ortiq gʻalla maydoni “qoloq” deb topilib, 2 ming 534 ta fermer xoʻjaliklarida boshoqli don ekinlari toʻplamaganligi aniqlandi.

    Gʻalla parvarishida yuzaga kelgan muammolarni tezkorlik bilan sifatli bartaraf etish yuzasidan “Oʻzagroinspeksiya”ning markaziy apparati ishchi guruhi tomonidan 365 nafar fermer xoʻjaliklari rahbarlari ogohlantirilib, agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazish yuzasidan tavsiyalar berildi.

    “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat

    boshqarmasi axborot xizmati