Turkiy sheʼriyatda hazrat Amir Alisher Navoiydan soʻng adabiyot maydoniga chiqmoq va bir soʻz ayta bilmoq uchun ijodkordan qaysidir maʼnoda jasorat va jurʼat lozim edi. Zahiriddin Muhammad Boburning adabiy yaratuvchanligini ana shunday jasorat va jurʼatning oʻziga xos koʻrinishi, deya baholasa mubolagʻa emas.

Boburning lirik merosi hajman unchalik katta emasligiga qaramay, jahon adabiyotida oʻziga xos oʻrin egallaydi. U sakkizta mumtoz lirik janrda ijod qilgan (gʻazal, masnuʼ, masnaviy, qitʼa, tuyuq, fard, muammo, ruboiy). Bobur gʻazallari ham gʻoya, ham badiiyat jihatidan yuksak sheʼriyat namunalaridir. Buni his etgan shoir bir gʻazalida faxriya usulida taʼkidlaydi:

Iroqu Fors gar yetsa sening sheʼring, ey Bobur,

Ani hifz etgusi Hofiz, musallam tutqusi Salmon.

Yaʼni shoir aytmoqchiki, agar sheʼring Iroq va Fors taraflarga yetib borsa, uni mashhur shoirlar – Hofiz Sheroziy yod olardi, Salmon Sovajiy taslim boʻlardi. Bu, albatta, faxriya bayt. Lekin unda badiiy va real haqiqat ham mujassamdir. Boburning sheʼrlari koʻp mamalakatlarga tarqaldi va oʻz oʻquvchilarini topdi, ularning qalbiga kirib bordi.

Bobur sheʼrlarida hayot, koinot, inson va jamiyat muammolari haqidagi maʼno-mazmun ufqi nihoyatda keng, badiiyligi hayratomuz darajada yuksak. Ularning mavzusi xilma-xil boʻlsa-da, muhabbat haqidagilari koʻproqdir. Shu oʻrinda uning bir gʻazalini tahlil etish bahonasida yuqoriroqda daʼvo qilingan fikrlarning nechogʻli asosligini koʻrish mumkin boʻladi.

Bobur devonidagi besh baytli gʻazallardan biri “Mushkildur” radifli asardir. Gʻazal sanʼatkorona, sharq mumtoz adabiy anʼanalari qolipida, badiiy yuksak yozilgan. Biz bu oʻrinda gʻazalning faqat semantik, yaʼni maʼno-mazmun qatlamiga diqqat etsak, muallifning mahorati bilan maqsad-muddaosiga quloq tutsak.

Mazkur gʻazal garchand qisqa boʻlsa-da, oʻzida shoir, ayni damda lirik qahramon boshidan kechirayotgan hodisani jonlantira olgani bilan yorqin obrazga va jozibali tasvirga ega badiiyat namunasidir.

Gʻazal aruzning hajazi musammani solim bahrida yozilgan (mafoiylun, mafoiylun, mafoiylun, mafoiylun). Asar bir yorga muhabbat izhoridir. Lekin shu izhor orqali arzi hol ham qilinadi. Oshiq yor-mahbubaga koʻngil dardini ayni voqelikdagi kechinmalarini bayon etish orqali aytadi. Bu xuddiki hamma davrlarda ham ikki sevguvchi koʻngilning bir-biriga talpinuvi, visolga yetishmoqning mashaqqati, yetishganida ham munosib soʻz topolmay qiynalayotgan qalbning kechinmalari tarzida qabul qilinadigan muhabbat nomasidek oʻqiladi.

Aslida muhabbat hamma davrlarda ham chin insoniy yuraklarni chechak yangligʻ ochtiradigan, bulbul kabi sayratadigan yoki xazon singari xor qiladigan his-tuygʻu ekanini Bobur shu birgina kichik sheʼri orqali aks ettirib, oʻquvchini oshiq koʻngli iztiroblariga va kechinmalariga oshno eta olgan.

Ilk baytdayoq biz oshiqning allaqachon ishq girdobiga tushgani, maʼshuqasi bilan “chiqishib ketmogʻi” esa undan-da mushkul boʻlib kelayotganini bilamiz:

Agarchi sensizin sabr aylamak, ey yor, mushkildur,

Sening birla chiqishmoqliq dagʻi bisyor mushkildur.

Shoir muxotabiga (murojaat qilinuvchi – maʼshuqaga) aytmoqdaki, “Ey yor, agar sensiz sabr qilmoqning oʻzi mushkul, (lekin) sen bilan chiqishib ketib (yashash ham) undan mushkul”.

Bu xitob ortidagi voqelik bir-birini sevuvchi, lekin nimadir narsalar sabab yana bir-biridan ranjib qoluvchi juftliklarga juda tanish. Yaʼni kunda yoki kunora yon atrofimizda bu kabi holatlarga va insonlarga duch kelishimiz mumkin.

Sevish ham bir telbalikdir. Mana shu telbalik ortida ham yuragingdan joy berasan, ham undan nafrat qilib qolasan. Biroq yana uni sevaverasan. Mana shu holat – telbalik koʻrinishining bir holati keyingi baytda aks etgan:

Mijozing noziku, sen tundu, men bir beadab telba,

Sanga holimni qilmoq, ey pari, izhor mushkildur.

Shoir muxotabiga aytmoqdaki, “men telba bir adabsizlik qilib qoʻysam, sen nozikmijozligingdan tund boʻlib olasan, ey pari, (shuning uchun) senga holimni izhor qilishim ham juda mushkul”.

Aslida shoirning oʻzi juda noziktaʼb va nozikmijoz. Tasavvur etaylikki, u koʻngil qoʻygan goʻzal qanchalik nozikmijoz ekan?! Har ikki yuqori did meʼyori bir-biriga barobar boʻlganda azbaroyi toʻqnashib ketganidan ularning biri beixtiyor ranjib qoladi. Natijada u tundlashadi. Yaʼni bu oʻrinda biroz gʻazablanadi va yuzining tusi oʻzgaradi. Oqibatda shundoq ham qiyinchilik bilan yetishilgan vasl oni taxirlashadi.

Mana shu misralarda Boburning mirzo yoki keyinchalik oʻzi taʼkid etganidek “podshoh” oʻlaroq emas, aynan oddiy va sodda oshiq sifatida gavdalanayotganiga amin boʻlamiz. Bobur – chin oshiq. Uning maʼshuqasi ham real mahvash. Faqat oʻzgalarning yoridan u oʻn chandon – yuz chandon goʻzal va mijozi oʻta nozik! Mana shuning uchun uning visolga erishuvi ham, vaslga qoniquvi ham juda mushkul...

Biroq Bobur ayni daqiqalik yoxud soniyalik visol onini ham baxt deb biladi. Afsuski, bu baxt “xobolud” (uyqu aralash, uyqusiragandagi)dir:

Ne osigʻ nola-u faryod xobolud baxtimdin,

Bu unlar birla chun qilmoq oni bedor mushkildur.

Shoir endi muxotabiga emas, oʻz-oʻziga aytmoqdaki, “afsuski, uyqudagi baxtimdan nola va faryod qilsam ne foyda?! Bunday (ojiz) ovozlar bilan uni bedor qilish (uygʻotish) ham mushkul”.

Baxt ham uyqusirashi mumkinmi? Bobur nima demoqchi? Bu oʻrinda baxt ikki maʼnoda – birinchisi, toʻla erishilmagan, goh kulib, goh yuz burayotgan, goh ranjishini bildirayotgan mahbubaga yetishmoqlik ahvoli; ikkinchisi, aslida erishgan-u, lekin faqat uning osudaligini istab uyqudan uygʻotishni istamayotgan oshiqning holati.

Har ikkisi ham reallikka ega. Shubhasiz, shoirning qahramoni mushkullikda. Bu mushkullik endi u qadar mashaqqatli koʻrinmayapti. Shunday boʻlsa ham goʻzalning noz uyqusini buzib yubormaslik uchun u unsiz faryod chekmakka majbur.

Gʻazalning zikr etilgan uchinchi baytidan boshlab sharhi hol boshlangan. Toʻrtinchi baytda esa bu kuchayadi.

Manga osondur boʻlsa agar yuz ming tuman dushman,

Vale boʻlmoq jahonda, ey koʻngul, beyor mushkildur.

Shoir oʻz-oʻziga aytmoqdaki, “yuz ming tuman dushman bilan qarshi turish manga osonu va lekin, ey koʻngil, bu dunyoda yorsiz boʻlib qolish undan-da mushkul”.

Soʻnggi – beshinchi baytda endi shoir biroz mavʼiza – pand-hikmat oʻgitiga moyillik qiladi:

Visolinkim tilarsen, nozini xush tortgʻil, Bobur

Ki, olam bogʻida topmoq guli bexor mushkildur.

Shoir oʻz-oʻziga xulosa qilib aytmoqdaki, “Ey Bobur, (agar yoringning) visolini tilasang, uning nozini ham xush (yaxshi) qabul qil, (negaki) dunyo bogʻida tikansiz chechak topishning oʻzi mushkul”.

Baytdagi “guli bexor” va “olam bogʻi” ajoyib istiora. Chamanda gul tikansiz boʻlmaydi. Bu oʻrinda eslatish joizki, oʻrta asrlar Sharq mumtoz adabiyotida gul deyilganda asosan atirgul nazarda tutilgan. Atirgul esa tikansiz emas. Shuni koʻzda tutgan holda gulday yorining “tundlashuvi”ni noz sifatida qabul qilib, uni yaxshilab bagʻriga olishni – “xush tortish”ni Bobur oʻz-oʻziga taʼkidlamoqda.

Bu baytning birlamchi maʼnosi. Ikkilamchi jihati esa majozdir. Yaʼni “olam bogʻi” - bu hayot, “guli bexor” - hayotning neʼmatlari. Ulardan bahramand boʻla olmoqlik uchun esa ranjiga chidam berish darkor.

Boshqa tarafdan esa bu dunyoning eng goʻzal koʻringan jihatlari ham tikansiz emas. Insonga ozor yetkazib qoʻyishi mumkin. Asl visolni tilagan odam dunyodan xush oʻtadi, ranjlarga eʼtibor qilmaydi.

Mana Zahiriddin Muhammad Boburning birgina “Mushkildur” radifli gʻazalidan chiqarilajak mazmunlar va ulgilar. Yoki boshqacharoq aytganda, Bobur “mushkil”ining yechimi!..

Otabek JOʻRABOYEV,

filologiya fanlari nomzodi, dotsent