Gap shundaki, BMT Jahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash tashkiloti o‘tgan yili e’lon qilgan bayonotida 2050 yilga kelib qurg‘oqchilik dunyo aholisining to‘rtdan uch qismidan ko‘prog‘iga ta’sir qilishi mumkinligini ma’lum qildi. Jahon tabiiy resurslar instituti (World Resources Institute) va Britaniyaning “Economist Intelligence Unit” tashkiloti esa 2040 yilga borib suv tanqisligiga eng ko‘p uchrashi taxmin qilinayotgan 33 ta davlat nomini e’lon qildi. Ular orasida Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan O‘zbekiston ham bor.
Boshqa manbalarda esa Markaziy Osiyoning baland tog‘li hududlaridagi muzliklarning katta qismi asr oxiriga kelib erishi mumkinligi bashorat qilinmoqda. Olimlarning bunday xulosaga kelishiga muzliklar maydoni har yili bir foizga qisqarayotgani sabab sifatida ko‘rsatilgan. Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: haqiqatdan ham 20–30 yildan keyin mintaqamizda ana shunday jiddiy muammo kuzatiladimi?
Albatta, dunyo olimlarining prognozlari bugungi kundagi yog‘inlar miqdori, tabiiy muzliklar hajmining o‘zgarib borish dinamikasi, mavjud ekologik holat va suv iste’moli asosida hisob-kitob qilingan. Demak, mintaqa, umuman olganda esa, dunyo mamlakatlari ayni paytdan boshlab vaziyatni o‘nglash, ya’ni atmosferaga zararni kamaytirish orqali ekologiya barqarorligiga erishish, suvdan tejamkorlik bilan foydalanish choralarini ko‘rmasa, bu prognozlar ma’lum ma’noda o‘zini oqlashi mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi. Shu boisdan ham ertangi kuni, kelajakni o‘ylagan barcha davlatlar bunga jiddiy kirishmoqda.
O‘zbekistonda ham ekologik tabiiy muvozanatni tiklashdan tortib suvdan tejamkorlik bilan foydalanishga bo‘lgan barcha yo‘nalishlarda tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Buni “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tabiatni yashillashtirish maqsadida barpo etilayotgan yangidan yangi bog‘lar, suv yo‘qotilishining oldini olish maqsadida ariq va kanallarning betonlashtirilishi, qor va yomg‘ir suvlaridan samarali foydalanish maqsadida bunyod etilayotgan suv omborlari misolida ko‘rish mumkin.
Ayni paytga kelib qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda keng joriy etilayotgan birgina suv tejovchi texnologiyalarni olaylik. Mamlakatimiz agrar sektorida bunday texnologiyalarni qo‘llash nafaqat suvni sezilarli darajada tejashi, balki hosildorlikni oshirishi, sarf-xarajatlarni keskin kamaytirishi bilan katta ahamiyatga ega. Ekinlarni zamonaviy yondashuvlar – tomchilatib, yomg‘irlatib, umuman olganda, suv tejovchi texnologiyalar yordamida sug‘orishning samarali jihatlari haqida quyiroqda fermerlarimiz qo‘lga kiritayotgan aniq natijalar misolida to‘xtalib o‘tamiz.
Gap suv sarfini tejash, uning har tomchisidan samarali foydalanish to‘g‘risida borar ekan, bu borada Prezidentimizning 2022 yil 1 martdagi “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga alohida to‘xtalib o‘tish joiz.
Negaki, ushbu qarorga asosan 2022 yilda respublika bo‘yicha 89,8 ming gektarda tomchilatib, 16,2 ming gektarda yomg‘irlatib, 5,7 ming gektarda diskret, 72,9 ming gektar maydonda egiluvchan quvurlar orqali va 36 ming gektar maydonda egatga plyonka to‘shab sug‘orish tizimlari joriy qilindi. Qariyb 243 ming gektar ekin maydoni lazer uskunasi yordamida tekislandi. Natijada suv sarfi tejaladigan maydonlar 1 million gektardan oshib, qishloq xo‘jaligi umumiy ekin maydonining 25 foizi qamrab olindi.
Ushbu tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun suv xo‘jaligi tizim tashkilotlarining 6 ming nafardan ortiq ishchi-xodimlaridan iborat 300 ta servis-montaj guruhi tashkil qilinib, ular texnologiyalarni montaj qilish va foydalanish bo‘yicha fermer va dehqonlarimizga yaqindan amaliy yordam ko‘rsatib kelmoqda.
Qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlarda mineral o‘g‘itlar, yoqilg‘i-moylash materiallari va mexanizatsiya xarajatlari bilan bir qatorda, 2022 yilda 1,6 milliard suv iqtisod qilindi. Hosildorlik o‘rtacha 30–35 foizga oshishiga erishildi. Jumladan, To‘rtko‘l tumanidagi “Qo‘shnazar Paxtakor” fermer xo‘jaligi 10,6 gektar paxta maydonida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish orqali 81 sentner, Kasbi tumanidagi “Ergash bobo Bekbodov” fermer xo‘jaligi esa 22 gektar paxta maydonidan ushbu texnologiya orqali birinchi terimning o‘zida 50 sentnerdan hosil olishga erishdi.
Xuddi shunday, Sayxunobod tumanidagi “Shomirzaboy” fermer xo‘jaligi 2020–2021 yillar davomida jami 100 gektar paxta maydonida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilib, hosildorlikni 25 sentnerdan 35 sentnerga oshirishga erishgan bo‘lsa, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Dil Alisher” fermer xo‘jaligi 2021 yilda 14 gektar paxta dalasida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish orqali birinchi yilda 44 sentner, 2022 yilda esa 61 sentner hosil oldi.
Suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga subsidiyalar berish tizimi takomillashtirilib, “Agro-subsidiya” yagona axborot tizimi ishga tushirildi va bugungi kunda klaster va fermer xo‘jaliklariga subsidiya ushbu tizim orqali onlayn tarzda ajratib berilmoqda.
2023 yilda ham bu boradagi ishlar tizimli davom ettirilib, suv tejovchi texnologiyalar qo‘llanilgan maydonlar hajmi va uning ijobiy samaralari ko‘lamini yanada oshirish maqsad qilingan. Jumladan, joriy yilda 1,9 milliard kub metr suv, 100 ming tonna mineral o‘g‘it, 13 ming tonna yoqilg‘i moylash materiallari iqtisod qilinishi rejalashtirilgan, o‘z navbatida, hosildorlik o‘rtacha 15–20 sentnerga oshishi kutilyapti.
Suv tejovchi texnologiyalardan foydalanishni ommalashtirish ko‘p jihatdan ushbu uskunalar ishlab chiqarilishini mahalliylashtirishni taqazo etadi. Negaki, birinchidan, import texnologiyalar qimmatga tushadi. Ikkinchidan, yaxlit tizimning biror qismi ishdan chiqsa, butlovchi qismini chet elga buyurtma qilish va kutishga to‘g‘ri kelishi mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, har saoati butun mavsum samaradorligiga bog‘liq bo‘lgan qishloq xo‘jaligi sohasi uchun to‘g‘ri kelmaydi. Shuning uchun ham bunday qurilmalarni o‘zimizda ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu boradagi sa’y-harakatlarning amaliy natijasi o‘laroq, bugungi kunda respublikamizda suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarining uskuna va butlovchi qismlarini mahalliy sharoitda ishlab chiqaruvchi korxonalar soni 50 taga yetkazildi.
Mahalliy ishlab chiqarish sanoati kengayishi natijasida texnologiyaning narxi 15–20 foizga arzonlashishi bilan bir qatorda, hududlarda o‘tgan yillarda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilingan maydonlarda foydalanilgan bir yillik tomizg‘ichli shlanglarni utilizatsiya qilish hamda bunday texnologiya joriy qilingan maydonlarga servis xizmat ko‘rsatish markazlari va savdo shoxobchalari tashkil qilindi.
Suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini keng joriy qilish, ulardan foydalanish bo‘yicha tumanlararo tajriba almashish hamda belgilangan imtiyozlar bilan fermerlarni yaqindan tanishtirish maqsadida vazirlik tomonidan joylarda amaliy ko‘rgazmali seminarlar tashkil qilinib, jamoatchilik o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.
Joylarda olib borilgan targ‘ibot-tashviqotlar va o‘qitish kurslari davomida fermer xo‘jaliklari tomonidan sho‘rlangan tuproqlarda paxta yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish bo‘yicha ko‘plab murojaatlar va e’tirozlar yuzaga keldi. Shu bois, 2022 yilda sho‘rlangan, turli mexanik tarkibli tuproqlar sharoitida g‘o‘zaning “Buxoro-102” navini tomchilatib sug‘orishda maqbul sug‘orish texnikasi elementlarini aniqlash, ularning g‘o‘zani o‘sishi, rivojlanishi va hosildorligi hamda paxta tolasining sifat ko‘rsatkichlariga ta’sirini baholash hamda g‘o‘zani tomchilatib sug‘orishning sug‘oriladigan yerlarning meliorativ rejimiga ta’sirini aniqlash bo‘yicha dala maydonida kuzatuvlar olib borildi.
Tajriba maydonida yanvar – fevral oylarining birinchi va ikkinchi o‘n kunliklarida sho‘r yuvish tadbirlari o‘tkazildi. Mart oyining ikkinchi o‘n kunligida tuproqdagi namlik zaxirasini saqlash maqsadida ikki tomonlama borona o‘tkazildi.
Aprelning boshida yer yuzasi bo‘ylab har gektar maydon hisobiga 100 kilogrammdan ammofos o‘g‘iti solinib, borona-mola bosildi. 7 aprel kuni esa Buxoro viloyati sharoiti uchun rayonlashtirilgan “Buxoro-102” g‘o‘za navi ekildi. Chigit aniq uyalarga maxsus ekish seyalkalari yordamida ekilib, ekish me’yori 28 kilogramm/gektarni tashkil etdi. Chigit ekilgandan 8–9 kun o‘tib, urug‘lar to‘liq unib chiqdi.
G‘o‘za qator oralariga birinchi marta chigit unib chiqqandan 10–12 kun o‘tib birinchi ishlov berildi. Kultivatsiyadan so‘ng birinchi marta begona o‘tlarga qarshi chopiq qilindi.
Tajriba dalalarida chigit aniq uyalarga maxsus seyalkalar yordamida ekilgani sababli yagona qilish talab qilinmadi, lekin shunga qaramasdan har bir daladagi ortiqcha ko‘chatlar olib tashlandi. Natijada tajriba dalasida gektariga 95–100 ming tup g‘o‘za ko‘chati undirildi. Bu ko‘chatlar soni Buxoro viloyati sharoiti uchun “Buxoro-102” navida maqbul hisoblanadi.
G‘o‘zani oziqlantirish tajriba maydonida azotli o‘g‘itlar 2 marta berilib, dalaga berish muddati ekishdan oldin va shonalash fazalarida amalga oshirildi. Fosforli o‘g‘itlardan esa ammofos o‘g‘iti qo‘llanilib, bunda o‘g‘itning yillik me’yori gektariga 175 kilogrammni tashkil qildi.
Tajribalar davomida mexanik tarkibi og‘ir qumoq tuproqlarda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilinganda tomizg‘ichning suv sarfi 1,8 hamda 2 litr/soatni, tomizg‘ichlar orasidagi masofa 20 santimetrni tashkil qildi.
Tajriba natijalari tahlilidan shunday xulosaga kelish mumkinki, turli mexanik tarkibli tuproqlarda g‘o‘zani yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilinganda daladan olinadigan hosildorlik an’anaviy usulda egat orqali sug‘orilgan maydonlarga nisbatan yuqori bo‘ladi.
Hosildorlikning oshishiga asosiy sabablardan biri bu o‘simlikka o‘z muddatlarida suv va ozuqa moddalarini yetkazib berish bo‘lsa, ikkinchi tomondan, texnikalarning egatlab sug‘orilgan dalalarga nisbatan kamroq kirishi hisobiga tuproqning zichlashishining oldi olinadi. Natijada o‘simlikning ildiziga hech qanday shikast yetkazilmaydi, yaxshi rivojlanadi. Bu esa, o‘z navbatida, g‘o‘za tuplari soni to‘liqligi va yuqori hosildorlikni ta’minlaydi.
Umuman olganda, mamlakatimizda qishloq xo‘jaligida hosildorlikni oshirish, bu borada yerlarning meliorativ holatini yaxshilashdan tortib sohaga eng so‘nggi ilm-fan yutuqlari, xususan, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishgacha bo‘lgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Birgina ayni mavzu – suvni tejash masalasini oladigan bo‘lsak, ushbu ne’matdan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilayotgani, xususan, 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida 7 milliard kub metr suvni tejash vazifasi belgilangani diqqatga sazovordir.
Zero, ushbu turdagi texnologiyalar manzilli oziqlantirish, ya’ni suvning barcha o‘simliklarga teng va bir xil miqdorda oqishi hisobiga bug‘lanish, shimilish tufayli kuzatilishi mumkin bo‘lgan katta yo‘qotishlarning oldi olish, boshqacha aytganda, suv sarfini 70 foizgacha tejash, qolaversa, mineral o‘g‘it, ishchi kuchi, yoqilg‘i sarfini ham sezilarli darajada qisqartirishga zamin yaratishi bilan yanada ahamiyatlidir. Eng asosiysi esa, hosildorlikni ikki baravar oshirishga imkon yaratishidir.
Farhod QO‘ZIYEV,
Suv xo‘jaligi vazirligi bo‘lim boshlig‘i