Senatning qirq to‘qqizinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vazirining irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axboroti eshitildi.
Taʼkidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021–2023-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi ijrosi doirasida qator natijalarga erishilgan.
Xususan, o‘tgan uch yil davomida suv xo‘jaligi obyektlarida 9 mingga yaqin “Aqlli suv”, 6 mingdan ortiq “Dayver” qurilmalari o‘rnatilib, 58 ta yirik suv xo‘jaligi obyektining boshqaruv jarayonlari to‘liq avtomatlashtirilgan hamda 1,5 mingta nasos stansiyasida suv miqdorini onlayn monitoring qiluvchi qurilma o‘rnatilgan.
2023-yilda 297 km kanal, 41 km lotok, 11 ta gidrotexnika inshooti, 2 ta ko‘prik, 56 ta sug‘orish qudug‘i rekonstruksiya qilinib, qirg‘oqlarni himoyalash ishlari bajarilgan. Melioratsiya obyektlarini tizimli taʼmirlash va tiklash ishlari bo‘yicha 316 mlrd so‘m o‘zlashtirilib (limitga nisbatan 94 foiz), 11 ming km kollektor-drenaj tarmoqlari taʼmirlangan.
Shu bilan birga, muhokama jarayonida senatorlar tomonidan sohada ayrim kamchilik va muammolar mavjudligi taʼkidlandi.
Jumladan, Suv xo‘jaligi vazirligi balansidagi suv xo‘jaligi obyektlarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida xususiy sektorga berish ishlari yetarli darajada amalga oshirilmagan.
Strategiya doirasida Sirdaryo viloyatida 3 ta, Toshkent viloyatida 2 ta, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida 1 tadan yirik gidrouzel va irrigatsiya tizimini raqamli texnologiyalar asosida avtomatlashtirish ishlari bajarilmagan.
Vazirlik tizimidagi meliorativ ekspeditsiyalar sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini ekspress baholash imkonini beruvchi zamonaviy texnikalar, tezkor ko‘chma mobil laboratoriya va o‘lchov vositalari bilan yetarli darajada taʼminlanmagan.
Sug‘orish obyektlariga qurilmalarni sifatsiz o‘rnatish va ulardan to‘g‘ri foydalanilmaslik oqibatida birgina Surxondaryo viloyatida markaziy bazaga integratsiya qilingan 56 ta qurilma nosoz holatga kelib qolgan hamda 2021-yil sentyabrdan buyon markaziy bazaga maʼlumot uzatmagan.
Muhokamalar jarayonida senatorlar tomonidan sohadagi kamchilik va muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qator takliflar bildirildi.
Meliorativ ekspeditsiyalarning moddiy-texnik bazasini zamonaviy texnikalar, tezkor ko‘chma mobil laboratoriya va o‘lchov vositalari bilan to‘liq taʼminlash, suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish, suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarni kengaytirilgan tartibda joriy etishni davom ettirish maqsadida joylardagi rahbar va xodimlarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish shular jumlasidan.
Shuningdek, senatorlar suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish ishlarini samarali tashkil etish hamda har bir hududda ulardan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha yetuk mutaxassislarni jalb qilgan holda ko‘rgazmali seminarlar o‘tkazish hamda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishning manzilli ro‘yxatini shakllantirish, ularni to‘g‘ri joriy etish va samarali ishlatish, mablag‘larni maqsadli o‘zlashtirish borasidagi ishlarning natijadorligini oshirish zarurligiga eʼibor qaratdilar.
Muhokama yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.