Bu, bir tomondan poytaxtimiz kommunikatsiya tizimi uchun biroz noqulayliklar paydo qilgan boʻlsada, lekin asosiy tomondan, erta bahorda ekilgan ekinlar hamda chanqagan dalalar, qiru adirlar, boshqacha aytganda, dehqon va chorvadorlar, qishloq ahli uchun juda kutilgan ish boʻldi.
Lekin, bu yil yoz fasli nisbatan issiq, qurgʻoqchil kelishi taxmin qilinmoqda. Xususan, maʼlumotlarga koʻra, 2023-yil vegetatsiya davrida suv resurslari hajmi koʻp yillik meʼyorga nisbatan Sirdaryo havzasida 10 — 15 foiz, Amudaryo havzasida esa 15 — 20 foizga kam boʻlishi kutilmoqda. Qolgan daryolarda ham suv hajmi bilan bogʻliq bashorat qilinayotgan raqamlar barqaror emas. Bu bir tomondan, bu yilgi qishloq xoʻjaligi ekinlaridan moʻl hosil yetishtirishda jiddiy sinov boʻlsa, boshqa tomondan, vegetatsiya davrida suvdan yanada maqsadli va tejamkorlik bilan foydalanish, umuman olganda esa, bu boradagi ishlarni yanada kengaytirishni taqazo etadi.
Prezidentimizning 2023-yil 1-apreldagi “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori esa kutilayotgan jiddiy sinovga puxta tayyorgarlik koʻrish, suv tejamkorligini oshirish hisobiga taqchillikning oldini olishga qaratilgani bilan ahamiyatli boʻldi. Mazkur hujjat bilan joriy yozgi sugʻorish mavsumida kutilayotgan suv tanqisligi sharoitida qishloq xoʻjaligi ekin maydonlari va iqtisodiyot tarmoqlarini suv bilan barqaror taʼminlash hamda mavjud suv resurslaridan samarali foydalanish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Qarorga muvofiq, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishni ragʻbatlantirish tartibi saqlab qolingani holda, 2023-yil 1-apreldan boshlab ushbu tizimni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning yangi tartibi belgilandi. Jumladan, tijorat banklari kreditlarining garov taʼminoti 50 foizgacha, biroq 2,5 milliard soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdorda Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi kafilligi asosida taʼminlanadi. Milliy valyutada ajratiladigan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan kreditlar boʻyicha foiz stavkasining asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan kompensatsiya taqdim etiladi.
Shu bilan birga, 2024-yil 1-martga qadar Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanidagi barcha suv boʻlish nuqtalari boshqaruvini raqamlashtirish va suvni foydalanuvchilarga yetkazib berish boʻyicha tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladi. 2025-yil 1-yanvardan boshlab esa barcha hududlarda “Suv hisobi” AT joriy qilinadi. Yaʼni, qishloq xoʻjaligi yerlarini sugʻorishda ishlatilgan suvdan foydalanganlik uchun soliqlarni hisoblashda “Suv hisobi” AT orqali taqdim etilgan maʼlumotlar asosida soliq organlari tomonidan soliq hisobotlarini avtomatik shakllantirib berish amaliyoti joriy etiladi.
Yana bir eʼtiborli jihati, suvdan foydalanish samaradorligini oshirishning asosiy yoʻnalishlari etib mavjud suv resurslarini isteʼmolchilar orasida qatʼiy taqsimlash, suv tejovchi texnologiyalar joriy etilishini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, irrigatsiya tizimlarida suv yoʻqotishlarni kamaytirish bilan bir qatorda, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni joriy qilish vazifasi ham belgilandi.
Gap sohani raqamlashtirish haqida borar ekan, bu borada Prezidentimizning 2021-yil 24-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021 — 2023-yillarga moʻljallangan strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarorini alohida taʼkidlab oʻtish joiz. Chunki unda sohani raqamlashtirishga doir ustuvor vazifalar belgilangan. Qariyb 1 ming 700 ta nasos stansiyalarida suvni “onlayn” rejimda monitoring qiluvchi hisoblagichlar, 18 ming 600 ga yaqin suv omborlari va irrigatsiya tizimlarida “Aqlli suv” qurilmalari, 6 ming 200 ga yaqin meliorativ kuzatuv quduqlarida avtomatlashtirilgan monitoring tizimiga oʻtkazuvchi “Dayver” qurilmalari oʻrnatish hamda 60 ta yirik suv xoʻjaligi obyektini boshqarishni avtomatlashtirish shular jumlasidan.
Oʻtgan davr mobaynida suv xoʻjaligi obyektlarida 4 ming 180 ta “Aqlli suv”, 1 ming 435 ta nasos stansiyasida suv miqdorini onlayn monitoring qiluvchi hisoblagichlar va 4 ming 224 ta meliorativ kuzatuv quduqlariga sizot suvlari sathini onlayn monitoring qiluvchi qurilmalar oʻrnatilib, 44 ta yirik suv xoʻjaligi obyektining boshqaruv jarayonlari avtomatlashtirildi.
Rejaga binoan, joriy yilda 10 ming 937 ta obyektda suv resurslarini “onlayn” rejimda kuzatib borish imkonini beruvchi “Aqlli suv” va 2 ming 100 ta meliorativ kuzatuv quduqlarida yer osti sizot suvlari sathi va ularning minerallashganlik koʻrsatkichlarini nazorat qiluvchi “Dayver” qurilmalari oʻrnatilib, 20 ta yirik suv xoʻjaligi obyektining boshqaruv jarayoni toʻliq avtomatlashtirilishi rejalashtirilgan.
Suv xoʻjaligi obyektlarida “Aqlli suv” qurilmalarini joriy etish natijasida suv nazorati va hisob-kitobi onlayn yuritilib, suvni boshqarish va taqsimlashning shaffof tizimi yaratildi.
Meliorativ kuzatuv quduqlarida “Dayver” qurilmalarini oʻrnatish orqali yer osti sizot suvlari sathi va ularning minerallashganlik koʻrsatkichlarining onlayn monitoringi yuritilib, yerlarning meliorativ xolatini baholash aniqligi 20 foizga oshirildi.
Shu bilan birga, yirik suv xoʻjaligi obyektlarining boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish orqali ularni masofadan turgan holda boshqarish va 10 foizgacha suvning texnik yoʻqotilishining oldini olish hamda mazkur jarayonlarda inson omili ishtirokini kamaytirishga erishildi.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda suv resurslarining boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish boʻyicha Qashqadaryo viloyatidagi ikkita kanalda Avstraliyaning “Rubicon Water” kompaniyasi texnologiyalari joriy etildi.
Kezi kelganida taʼkidlash oʻrinliki, “Rubicon Water” kompaniyasi qurilmalari zamonaviy kompozit materiallardan iborat boʻlib, tashqi taʼsirga chidamli hamda oʻlchov va boshqaruv qurilmalari 97 foiz aniqlikka ega hisoblanadi. 4 ming 972 gektar maydonni suv bilan taʼminlaydigan Mirishkor va Qamashi kanallarining boshqaruv jarayoni qiymati 18,22 milliard soʻmlik loyiha doirasida ana shu kompaniya qurilmalari yordamida raqamlashtirildi.
Loyiha doirasida 24 ta suv zatvori va 3 ta nasos qurilmasi avtomatlashtirildi. Natijada ushbu kanallarda suv tejalib, 2021-yildagi 42,3 million metr kub oʻrniga, 2022-yilda 30,8 million metr kub suv yetkazib berildi. Tejalgan 11,5 million metr kub suv hisobiga 3,3 milliard soʻm byudjet mablagʻlari iqtisod qilinishiga erishildi.
“Mirishkor – Qamashi” kanalida 2021-yilda 10 nafar xodim faoliyat olib borgan boʻlsa, hozirda suv miqdorini iqtisodiyot tarmoqlari, maʼmuriy hududlarga yetkazib berish ishlari atigi 4 nafar xodim bilan amalga oshirilyapti.
Davlatimiz rahbari suvni tejashda ijobiy natija koʻrsatgani bois ushbu loyihani respublikaning boshqa hududlarida ham keng joriy qilish boʻyicha alohida topshiriq bergandi. Bugungi kunda ushbu loyihani ommalashtirish hamda texnologiyalarni mahalliylashtirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Fargʻona vodiysidagi Shimoliy Fargʻona va Janubiy Fargʻona magistral kanallari hamda Qashqadaryo viloyatining Qarshi magistral kanalida mazkur texnologiyani joriy etish rejalashtirilmoqda.
Suv xoʻjaligi sohasidagi barcha jarayonlar, jumladan, qishloq xoʻjaligi ekin maydonlarini sugʻorish, manbalardagi suv resurslari monitoringini olib borish va ularni boshqarish, nasos stansiyalar va yerlarning meliorativ holati toʻgʻrisidagi hisob-kitoblar va boshqa hisobotlarni raqamli texnologiyalar asosida yuritish hamda maʼlumotlar bazasini shakllantirish, ularni tahlil qilish imkonini beruvchi “Vaziyatlar markazi” axborot tizimi takomillashtirilmoqda.
Shu bilan birga, suv va energiya resurslari hisobini yuritish imkonini beruvchi bir qator axborot tizimlari, jumladan, davlat suv kadastri avtomatlashtirilgan tizimi, suvning hisobi va hisobotini yuritish tizimi va yerlarning meliorativ holatining elektron portali yaratilib, amaliyotga keng joriy etilmoqda.
Jumladan, suv yetkazib berish uchun shartnomalarni va suvga boʻlgan talabnomalarni rasmiylashtirish, suv isteʼmolchilari kesimida suvning hisobi va hisobotini yuritish, shuningdek, ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish uchun moʻljallangan “Suv hisobi” axborot tizimi ishga tushiriladi.
Suv xoʻjaligi obyektlari va ulardagi gidrotexnik inshootlarning texnik koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yigʻish, umumlashtirish va tahlil qilish imkonini beruvchi “Suv xoʻjaligi obyektlari”, davlat xususiy sheriklik shartlari asosida suv xoʻjaligi obyektlarini xususiy sektorga berish bilan bogʻliq barcha jarayonlarni oʻzida aks ettiruvchi “dxsh.uz” axborot tizimini joriy etish ishlari ham olib borilmoqda. Mazkur ishlarni amalga oshirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga 3 milliard soʻm yoʻnaltirilmoqda.
Bir soʻz bilan aytganda, global iqlim oʻzgarishlari natijasida qurgʻoqchilik muammosi, ayniqsa vegetatsiya davrida suv taqchilligi muttasillik kasb etib, yildan yilga salbiy taʼsiri ortib boraveradi. Buning oldini olish uchun esa harakatni bugundan boshlash, suv tejovchi texnologiyalar yordamida sugʻoriladigan maydonlarni kengaytirish va ommalashtirish, sohani zamonaviy texnologiyalar yordamida “qurollantirish” hisobiga suv yoʻqotilishining oldini olish choralari koʻrishimiz shart boʻladi. Ayni kechiktirib boʻlmas vazifalarga kirishish va jadallashtirishda esa Prezidentimizning yuqorida qayd etib oʻtilgan qarorlari muhim ahamiyatga egadir. Zero, hujjatlarda ayni jihatlarni jadallashtirish va ragʻbatlantirishning huquqiy asoslari mujassam.
Abdulla ABDULLAYEV,
Suv xoʻjaligi vazirligi bosh mutaxassisi