Savdo-sanoat palatasi tadbirkorlarga ko'makchi bo'la olyapti(mi)?

    Palataning navbatdagi Qurultoyida shu kabi savollarga javob olindi.

    Unda respublikaning barcha hududlaridan saylangan 297 nafar delegatlar, qator vazirlik, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, tadbirkorlik sub'ektlari ishtirok etdi.

    Tadbirni Oliy Majlis Senatining raisi T.Narbayeva kirish so'zi bilan ochib berib, respublikamizda tadbirkorlik soxasida amalga oshirilayotgan isloxotlar, tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash borasidagi tizimli chora-tadbirlar, soxada yaratilgan shart-sharoitlar xamda Savdo-sanoat palatasi tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan say-xarakatlariga to'xtalib o'tdi.

    Qurultoyda O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining 2017-2021-yillardagi faoliyati bo'yicha hisoboti eshitildi va navbatdagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.

    Xususan, tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish sohasida tizimga malakali kadrlar jalb qilinib, tadbirkorlar manfaatida sudlarga 400 mingga yaqin da'vo arizalar kiritildi.

    E'tiborli jihati, Palata qayta tashkil etilgunga qadar, ya'ni 2013—2016-yillarda bu ko'rsatkich atigi 38 mingta bo'lgan holos.

    Ta'kidlash kerakki, palata tomonidan nizolarni sudgacha hal etish masalasiga alohida e'tibor qaratilib, bugungi kunga qadar tadbirkorlar o'rtasidagi 6 mingta nizoli holat o'zaro kelishuv yo'li bilan hal etilishiga erishildi. Shuningdek, tadbirkorlar ishtirokida xalqaro darajada yuzaga keladigan nizolarni ko'rib chiqish bo'yicha Palata huzurida “Toshkent xalqaro arbitraj markazi” tashkil etilib, xalqaro darajadagi arbitrlar jalb etildi va xozirgi kunda Markaz tomonidan tijorat nizolari ko'rib chiqilishi yulga kuyildi.

    Palata tomonidan ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash sohasida xam kator ishlar amalga oshirilib, vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqilgan 3,3 mingdan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining tadbirkorlik faoliyatiga ta'sirini baholash yuzasidan vakolatli organ sifatida Jamoatchilik ekspertizasi o'tkazildi.

    Ta'kidlash lozimki, ushbu loyihalarning qariyb 58 foizida tadbirkorlik faoliyatida qiyinchilik to'g'diradigan va korruptsiyaga sharoit yaratuvchi normalar aniqlanib, Palataning e'tiroz va takliflari asosida hujjatlar qayta ishlandi.

    Tadbirkorlik faoliyatiga ko'maklashish sohasida Palataning olib borilgan ishlari xakida xam ta'kidlab o'tildi. Jumladan, hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida barcha tuman va shaharlarda 206 ta Tadbirkorlikka ko'maklashish markazlari tashkil etilib, aholi tadbirkorligini qo'llab-quvvatlashning yaxlit tizimi yaratildi. Markazlar tomonidan tadbirkorlarga 600 mingdan ortiq biznes-xizmatlar ko'rsatilgani, ularning 95 foizi bepul xizmatlar hisoblanishi alohida ta'kidlandi.

    Palata faoliyatida axoli o'rtasida biznesni ommalashtirishga alohida e'tibor qaratilib, ularni tadbirkorlikka jalb etish, tadbirkorlik soxasiga o'qitish va o'z ishini boshlash orqali respublikamizda so'nggi to'rt yilda 300 mingdan ortik kichik biznes sub'ektlari tashkil etildi.

    Joylarda ishbilarmonlik muhitidagi o'zgarishlar va tadbirkorlik faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlash maqsadida Palata tomonidan 60 mingdan ortiq so'rovnomalar o'tkazilib, sohada yuzaga kelayotgan muammolar echimi yuzasidan takliflar tayyorlandi.

    Savdo-sanoat palatasi tomonidan tadbirkorlik subyektlarini o'qitish va kadrlar tayyorlash sohasida Palata tizimida 14 ta o'quv markazi faoliyati yo'lga qo'yilib, ular orkali 100 mingdan ortiq aholi tadbirkorlikka o'qitildi.

    Davlatimiz rahbari tomonidan 2020-yil 25-dekabrda yoshlarni tadbirkorlikka o'qitish va biznesga yo'naltirish bo'yicha bergan kursatmalariga muvofik Palata tomonidan tashkil etilgan o'quv dasturlari bo'yicha joriy yilda 140 mingdan ortiq ishsiz yoshlar tadbirkorlik asoslariga o'qitilib, biznesga yo'naltiriladi.

    Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan, Palata huzurida dunyoning nufuzli universitetlaridan biri bo'lgan “Turkiya iqtisodiyot va texnologiyalar universiteti”ning Toshkent filiali tashkil etilib, “xalqaro biznes va tadbirkorlik” va “elektron tijorat va texnologiyalarni boshqarish” yo'nalishlarida kadrlar tayyorlash ishlari boshlab yuborildi.

    Tashqi iqtisodiy faoliyat soxasida xam tizimli ishlar amalga oshirilib, respublikamiz iqtisodiyotini jaxon iktisodiy jarayonlariga integratsiyalashuvini ta'minlash bo'yicha Savdo-sanoat palatasi tomonidan xorijiy Palatalar va xamkor tashkilotlar bilan 89 ta hamkorlik bitimlari tuzildi.

    Ushbu kelishuvlar asosida 250 ta biznes forum, ko'rgazma va yarmarkalar o'tkazilib, shundan, 116 tasi aynan xorijiy mamlakatlarda tashkil etildi. Natijada, 600 dan ortiq tadbirkorlik sub'ektlarining 550 mln. AQSH dollari miqdoridagi mahsulotlarini eksport qilinishiga erishildi. Ta'kidlash lozimki, respublikamizda Palata ko'magida 600 dan ortik xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar tashkil etilib, jalb etilgan investitsiyalar kiymati 847 mln. AQSH dollarni tashkil etadi.

    Shuningdek Palataning yana bir ustuvor vazifalari qatoriga hunarmandchilik sohasini rivojlantirish yo'nalishi kiritildi.

    2017-yilda “Hunarmand uyushmasi” ham tubdan isloh qilindi va bugungi kunga kelib Palata va “Hunarmand” uyushmasi bir tizimga birlashib, hamjihatlikda faoliyat yuritmoqda. Hisobot davri mobaynida hunarmandchilik subyektlarini moddiy qo'llab-quvvatlash, jumladan imtiyozli kreditlar bilan ta'minlash maqsadida qariyb 1 trillion so'm mablag'lar ajratib berildi. Shuningdek, yosh avlodga milliy hunarmandchilik sir-asrorlari va hunar o'rgatishga xizmat qiladigan 34 ta “Hunarmandchilik markazlari”, 41 ta “Uy muzeylari” va 4,6 mingdan ortiq “Hunarmandchilik ustaxonalari” faoliyati yo'lga qo'yildi. Buning natijasida aynan hunarmandichilik yo'nalishida 200 mingdan ortiq aholi bandligi ta'minlandi.

    2019-yil sentyabr oyida Qo'qon shahrida “I Xalqaro hunarmandchilik festivali” o'tkazildi. Ushbu festivalga 5 ta qit'aning 80ga yaqin mamlakatlaridan 600 nafarga yaqin mehmonlar tashrif buyurdi.

    Qolaversa, o'tgan yili dekabr oyida bo'lib o'tgan World Crafts Council Jahon hunarmandlar kengashining yig'ilishida 2021-2024-yillarda Osiyo va Tinch okeani mintaqasidagi 40 ta davlatga rahbarlik qilish O'zbekistonga topshirilgani ham yuqoridagi fikrlarning dalilidir.

    Shu bilan bir qatorda, Qurultoyda O'zbekiston Savdo-sanoat palatasining Prezidiumini saylash, Palata Taftish komissiyasining hisobotini eshitish, Palata Ustaviga qo'shimcha va o'zgartirishlar kiritish masalalari ovozga qo'yilib, delegatlar tomonidan tasdiqlab olindi.

    O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi va uning tizimidagi barcha hududiy boshqarmalar tomonidan kelgusida amalga oshirilishi lozim bo'lgan ustuvor vaziflarni belgilab olindi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

    O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati