Soʻnggi yillarda mazkur tarmoqda iqtisodiy oʻsish, oziq-ovqat xavfsizligi va eksport salohiyatini oshirishda katta ahamiyatga ega.
Shu bilan bir qatorda qishloq xoʻjaligi iqtisodiyotning eng tavakkalchi sohalaridan biri boʻlib, iqlim oʻzgarishi, tabiiy ofatlar, zararkunandalar, bozor konyunkturasidagi oʻzgarishlar va boshqa xavf-xatarlar mahsulot yetishtiruvchilar uchun katta moliyaviy yoʻqotishlarga olib kelishi mumkin.
Tahlillar agrar tizimning ishlab chiqarish uzluksizligi va moliyaviy barqarorligini taʼminlashda xatarlarni boshqarishning eng samarali usuli sugʻurta ekanligini koʻrsatmoqda.
Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilar hosiliga zarar yetkazuvchi (tabiiy ofatlar oqibati) hamda nobud qiluvchi (kuchli yomgʻir, doʻl, suv toshqini, dovul yoki zararkunandalar) omillar sabab jiddiy iqtisodiy zarar koʻrmoqda.
Sohada asosan kreditni qaytarmaslik xavfini sugʻurtalash amaliyoti keng foydalanilayotgan boʻlsada, bunday sugʻurta faqat imtiyozli kreditlarni qaytarilishiga xizmat qilib, yetishtiriladigan hosil sugʻurtasiz qolib ketmoqda.
Mazkur Qonunda qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklarini sugʻurtalash bilan bogʻliq barcha masalalar va toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi normalar qamrab olingan.
Jumladan, ishlab chiqaruvchilarni turli tavakkalchiliklardan himoya qilish va barqaror daromad olishni kafolatlash uchun Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi jamgʻarmasi tashkil etilishi koʻzda tutilmoqda.
Shuningdek, sohaning sugʻurtadagi yoʻqotishlarni baholash, sugʻurta hodisalari boʻyicha yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash mustaqil ekspertlar tomonidan amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklarini sugʻurtalashda davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmi yaratilmoqda.
Xususan, sugʻurta mukofotining 50 foizi davlat tomonidan qoplab berilishi, sugʻurtalangan tabiiy ofatlar va boshqa xatarlardan koʻradigan zararlarni qoplash uchun Qishloq xoʻjaligini sugʻurtalash jamgʻarmasining mablagʻlari yetarli boʻlmagan taqdirda uning qolgan qismi respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanishi nazarda tutilmoqda.
Sugʻurtalash jarayonida ishtirok etuvchi subyektlarining huquq va majburiyatlari belgilanmoqda.
Taʼkidlanganidek, Qonunning qabul qilinishi qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilarining xavf-xatarlar tufayli yetkazilgan zararlarining oʻrnini qoplashda huquqiy asos boʻladi. Bundan tashqari, Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasining davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi yoʻlga qoʻyiladi. Tavakkalchiliklarni sugʻurtalashda sugʻurta munosabatlarini tartibga solish va nazorat qilishning yagona tizimi yaratiladi. Shu tariqa ishlab chiqaruvchilarining iqtisodiy barqarorligi taʼminlanib, turli xavf-xatarlarning moliyaviy taʼsirini kamaytirish imkoni paydo boʻladi hamda investitsiyaviy jozibadorlik ortib, mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligi mustahkamlanadi.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.