Qarorga ko‘ra, 2024-yil 1-yanvardan tajriba-sinov tariqasida yuqori hosildor xorijiy g‘o‘za navlari va duragaylarini olib kirish hamda paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari tasarrufidagi paxta ekiladigan maydonlarning 10 foizigacha joylashtirishga ruxsat beriladi.
Hududlarda har 2 yilda ekilayotgan navni to‘la almashtirish, har yili tegishli nav urug‘ini boshqa hududlardan olib kelish orqali urug‘ almashtirish va yillik qo‘shimcha urug‘ zaxirasini yaratish bilan kelgusida bosqichma-bosqich “tindirilgan urug‘” ekish amaliyoti joriy qilinadi.
Shuningdek, 2024-yildan:
paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari tomonidan xorijdan keltirilgan g‘o‘za urug‘larining genetik tozaligini molekulyar-genetik tahlil qilish bo‘yicha mahalliy vakolatli laboratoriyalar xulosasi olinadi hamda barcha import qilinadigan g‘o‘za urug‘larining ekinboplik sifat ko‘rsatkichlari baholanadi;
paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari tomonidan xorijdan olib kelingan g‘o‘za navlari va duragaylari 2 yillik yetishtirish natijalariga ko‘ra ko‘rsatilgan talablarga mos kelgan hollarda O‘zbekiston hududida ekish uchun tavsiya qilingan qishloq xo‘jaligi ekinlarining davlat reyestriga kiritiladi.
Gʻo‘za urug‘chiligida erkin raqobat muhitini shakllantirish va bozor munosabatlarini rivojlantirish bo‘yicha:
paxta xomashyosi yetishtiruvchilarni sifatli urug‘lik bilan ta’minlash maqsadida sertifikatlangan urug‘lik tayyorlash vazifasi bosqichma-bosqich paxta-to‘qimachilik klasterlari va xususiy urug‘chilik korxonalariga o‘tkaziladi;
2024-yil hosili uchun urug‘lik chigitni Paxtachilik kengashining xulosasiga asosan qo‘shimcha tarzda xususiy urug‘chilik korxonalari tomonidan yetkazib berish amaliyoti joriy etiladi;
xalqaro standartlarga muvofiq akkreditatsiyadan o‘tish sharti bilan xususiy sertifikatsiya idoralarini tashkil etishga ruxsat etiladi.
2024-yil paxta hosilidan har bir hududda kamida 500 gektar maydonda yuqori agrotexnologiyalarga asoslangan tajriba maydonlarini tashkil qilib, paxta yetishtiruvchilar uchun amaliy dala seminarlari o‘tkazib boriladi.
2024-yil paxta yetishtirish mavsumi oxirigacha Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integrasion platformasi tarkibida “ye-urug‘” platformasi ishga tushiriladi.