Shahar havosi ifloslanishiga togʻlar aybdormi?

    Oʻrmonlar, umuman, daraxtlarning yildan yilga kamayib ketayotgani ham mahalliy, ham global ekologik muammolar sirasiga kiradi. Zotan, davlatlar oʻrtasida chegara boʻlsa ham tabiatlar oraligʻiga chiziq tortib boʻlmaydi.

    Daraxtlarning ayovsiz kesilishi, qurib qolayotgani ekologik vaziyatning buzilishiga olib kelmoqda. Ekologik vaziyat esa shunchaki atama emas. Uni muvozanatda ushlab turish, tabiatni asrash inson salomatligi, tirikligimiz manbai boʻlgan suv va havo, oziq-ovqat xavfsizligi kabi oʻta muhim omillarni muhofaza qilish, demakdir.

    «Odamning tabiatga taʼsir koʻrsatib, uni oʻz ehtiyojlariga moslashtirishga urinishi Yerning beqiyos keng hududlarida fauna va florani oʻzgartiradi. Tabiat qonunlarini chuqur bilmasdan tabiiy muvozanat buzilishiga sabab boʻladigan faoliyat kutilmagan salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin», deya qayd etilgan ilmiy-qomusiy kitoblarda. Necha oʻn yillar avval aytilgan bu fikr yakunini endi “salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin”, deb emas, “olib keldi”, deb bemalol aytish mumkin.

    Zero, antropogen omillar, yaʼni inson va uning xoʻjalik faoliyatidagi notoʻgʻri qadamlar global ekologik muammolarni keltirib chiqarmoqda va uni bartaraf etish oson kechmayapti. Shulardan biri oʻrmonlar, umuman, daraxtlarning hisob-kitobsiz kesilishi, ular oʻrnini toʻldirish uchun qilinayotgan ishlarning yaxshi samara bermayotgani qator muammolarni yuzaga keltirmoqda. Jumladan, atmosfera tarkibida chiqindi gazlar miqdorining oshib borishi, kislorod bilan taʼminlanish darajasi susayishi, tuproq eroziyasining yuzaga kelishi, hayvonot va oʻsimlik olami turlarining keskin kamayishiga sabab boʻlayotir. Xavotirlisi, bular hammasi xuddi zanjir halqalari kabi bir-biriga uzviy bogʻliq..

    ***

    Sayyoramizda hozir 3 trillion daraxt oʻsib turibdi, deya xabar beradi AQSHdagi Yel universiteti tadqiqotchilari sunʼiy yoʻldosh va oʻrmon xoʻjaliklari maʼlumoti asosida tayyorlagan kuzatuvlariga tayanib. Bu har bir kishi boshiga 400 tupdan ortiq daraxt toʻgʻri keladi, degani. Ammo siz “Oʻhoʻoʻ, juda koʻp ekan”, deb, xotirjam tortishga shoshilmang. Chunki bizdan juda olis hududdagi mamlakat oʻrmonlari, daraxtlari oʻzimiz yashayotgan hudud (shahar, qishloq) havosini tozalab, koʻproq kislorod bilan taʼminlab bermaydi. Qolaversa, har yili juda katta maydondagi oʻrmonlar kesilayotgan yetmagandek yongʻinlar sabab yanada siyraklashib bormoqda.

    Albatta, biror-bir mamlakatda daraxtlar koʻpligi, birinchi navbatda, ularning hududi kattaligi, tabiati (yogʻin-sochin), suv zaxiralari, bu boradagi qonunchilikka rioya etilishi, eng muhimi, aholining tabiatni asrashga nisbatan qarashlariga bogʻliq.

    Tabiiy oʻrmon resurslari koʻpligi jihatidan Rossiya, Braziliya, Kanada, AQSH va Xitoy yetakchi mamlakatlar sifatida qayd etilgan. Ayni paytda tabiiy ravishda paydo boʻlgan birorta oʻrmoni yoʻq mamlakatlar ham sanab oʻtilgan. Ammo ular oʻz hududini koʻkalamzorlashtirish, daraxt ekib koʻpaytirishga alohida eʼtibor qaratar ekan.

    ***

    Davlatimiz rahbarining 2021-yil 30-dekabrdagi “Respublikada koʻkalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni avvalida bunday qayd etilgan: «Soʻnggi yillarda aholi punktlarini koʻkalamzorlashtirish, daraxt va butalarni muhofaza qilish hamda yashil maydonlarni kengaytirish borasida tizimli choralar koʻrilmoqda. Qimmatbaho navli daraxt va butalar kesilishiga moratoriy joriy qilinishi, daraxt kesganlik holatlari uchun jarima va kompensatsiyalar miqdorining oshirilishi shular jumlasidandir.

    Biroq masʼul tashkilotlarning amalga oshirilayotgan ishlarga sustkashlik bilan yondashishi hamda ayrim shaxslarning oʻsimlik dunyosi obyektlariga boʻlgan tajovuzkor harakatlari, shu jumladan, daraxtlarni noqonuniy kesish bilan bogʻliq holatlar umumekologik vaziyatning yomonlashishiga sabab boʻlmoqda».

    Shu bilan birga, mamlakat miqyosida daraxtzorlarni koʻpaytirishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi tatbiq etilishi, daraxtlarni ekish va parvarish qilish sohasidagi tizimni takomillashtirish ustuvor vazifa sifatida belgilab oʻtilgan.

    Xoʻsh, bu borada vaziyat qanday?

    Oʻrmon xoʻjaligi agentligi maʼlumotiga koʻra, bugun oʻrmonlarimiz hududi 11,9 million gektardan iborat boʻlib, yurtimiz umumiy yer maydonining 26,4 foizini tashkil etadi. 2023-yilda 235 ming gektar maydonda oʻrmon barpo qilish va qayta tiklash tadbirlari bajarilgan, oʻrmon fondi yerlarining foydalanilmayotgan 7012 gektari oʻzlashtirilgan. Orolboʻyi hududining ekologik barqarorligini taʼminlash maqsadida Qoraqalpogʻistonning Moʻynoq tumanida 127,8 ming gektar, Buxoro viloyatida 40,6 ming, Navoiy viloyatida 43,7 ming va Xorazm viloyatida 10,6 ming gektar maydonda saksovul va boshqa choʻl oʻsimliklaridan yashil qoplam barpo etilgan.

    Ayni maʼlumotlar bu boradagi holat koʻngildagidek ekan, degan tasavvur hosil qiladi. Biroq bajarilayotgan ishlar samarasi yoʻqotishlar, yaʼni qurilishlar, yongʻin, suvsizlikdan qurib qolish va boshqa sabablar bilan sanoqdan chiqib ketayotgan daraxt, yashil qoplamlar oʻrnini qanchalik qoplayapti, oʻrtadagi mutanosiblik buzilmayaptimi, degan savollarni paydo qiladi.

    Jumladan, keyingi yillarda “Yashil makon” loyihasi doirasida ekilayotgan yuz minglab koʻchat turli sabablar bilan qurib qolgani haqidagi tashvishli xabarlar ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilindi.

    Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining joriy yilga oid maʼlumotlariga koʻra, masʼullar eʼtiborsizligi tufayli respublika boʻyicha 608 ming tup, jumladan, Toshkent shahrida 321,7 ming, Samarqand viloyatida 96,4 ming, Toshkent viloyatida 66,9 ming, Qoraqalpogʻistonda 61,2 ming, Buxoro viloyatida 23,7 ming, Navoiy viloyatida 15 ming koʻchat sugʻorish tizimi mavjud boʻlmagan hududlarga ekilgan. Shu sababli ularning katta qismi qurib qolgan.

    Bu ilk xatolar emas. Bundan ikki-uch yillar avval ham bu kabi oʻta noxush holatlar qayd etilgan. Jumladan, 2021-yil kuz va 2022-yil bahor mavsumida Toshkent shahri va viloyatidagi tuman (shaharlar), aholi punktlari, xalq xoʻjaligi obyektlari atrofida yashil hudud barpo etish va 1 million tup daraxt koʻchati ekish rejalashtirilgan edi. Ekilgan 75 ming niholdan 52 ming tupdan ortigʻi qurib qolgan.

    Joriy yilgi bahor mavsumida daraxtlarni sugʻorish va parvarishlash ishlarini tashkil etmagan hamda ekilgan koʻchatlarning koʻkaruvchanligini taʼminlash choralarini koʻrmagan masʼullarga nisbatan 8 856 ta majburiy koʻrsatma berilib, talablarni bajarmagan 1 604 shaxsga nisbatan 1 milliard 649 million soʻm miqdorida maʼmuriy jarima qoʻllandi.

    Koʻchatlarning qurib qolishiga asosan sugʻorish tizimi boʻlmagan yaroqsiz joylarga ekish, qarovsizlik va suvsizlik, koʻchat ekishda belgilangan oraliq masofa saqlanmagani sabab qilib koʻrsatilgan. Lekin qoʻllangan jarima koʻchat ekish uchun sarflangan mablagʻ oʻrnini qaysidir maʼnoda qoplar, ammo vaqtni ortga qaytara oladimi?

    Oʻrmonlar, umuman, daraxtlarning tez va katta koʻlamda kesilishi oʻsha hududdagi oʻsimlik va hayvonot olamining ayrim turlari yoʻqolib ketishiga, ekologiya, birinchi navbatda, oʻzimiz nafas olayotgan havoning kuchli ifloslanishiga olib keladi. Bu, ayniqsa, transport vositalari kun sayin koʻpayib borayotgan bir paytda yanada yaqqol sezilayotir.

    Daraxtni koʻpaytirish, koʻkalamzorlashtirish shahar sharoitida juda ham zarur: atmosferadagi karbonat gazi miqdorini kamaytirib, havoni tozalaydi, harakatdagi koʻp sonli avtomobillar shovqinini pasaytirib, inshootlarni chang va shamoldan himoyalaydi. Havo namligini saqlaydi, ochiq havoda dam olish uchun qulay sharoit yuzaga keltiradi. Yashillikka burkangan atrof-muhit insonning asab tizimiga tinchlantiruvchi taʼsir koʻrsatadi.

    Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Toshkent shahrida atmosfera ifloslanishiga taʼsir etayotgan omillarni sanab oʻtdi. Xususan, Toshkent shahrida atmosfera ifloslanish darajasi ortib borayotganiga tabiiy va antropogen omillar sabab boʻlayotgani qayd etilgan.

    Jumladan, daraxt va butalar kesilishiga qarshi eʼlon qilingan moratoriy davrida 49 mingga yaqin daraxt noqonuniy kesilgan. Shaharsozlik bosh rejalari tasdiqlanmay, qurilish ishlari betartib amalga oshirilmoqda.

    Transport vositalarining ekologik tozalik darajasi foydalanilayotgan yonilgʻi va yoʻl harakatini tashkil etish sifatiga bogʻliq boʻlib qolmoqda, deyiladi vazirlik maʼlumotida. Respublikamiz boʻyicha avtomobillar soni 2021-yilda 3,14 milliontani tashkil etgan boʻlsa, 2023-yilda 4 million 600 mingtaga yetgan.

    Bugun Toshkent shahrida bir kunda oʻrtacha 730 mingta avtotransport harakatlansa, qoʻshimcha ravishda hududlardan 160 mingdan 300 mingtagacha avtotransport kirib-chiqadi. Xalqaro standartlarga toʻgʻri kelmaydigan A-80 markali benzindan foydalanayotgan texnika vositalari esa atmosferaga meʼyoridan ortiq zararli tashlanmalar chiqaryapti, deb qayd etadi vazirlik.

    Shu bilan birga, shaharlarda transport va piyodalar oqimining kesishmalari soni kamaytirilmagan, magistrallardagi yuklama darajasi pasaytirilmagan, transport oqimi tarkibini, tezlik rejimini tartibga solish sikli optimallashtirilmagan, yoʻl harakati toʻgʻri tashkil etilmagan. Natijada Toshkent shahrida tirbandliklar koʻp kuzatilmoqda. Tirbandlikda toʻxtab turgan avtomobil esa harakatlanayotgan transportga nisbatan atmosferaga koʻproq tashlama chiqaradi.

    Muammoning yuzaga kelishi, kuchayishi bir-biriga zanjirdek bogʻlanib ketganligini quyidagi faktlar tasdiqlaydi. Jumladan, iqtisodiyot tarmoqlari va aholining energiya resurslariga talabi ortishi natijasida uglevodlardan, jumladan, koʻmir yoqilgʻisidan foydalanish hajmi ortmoqda. Qiyoslash uchun: 2019-yilda 3,9 million tonna koʻmir ishlatilgan boʻlsa, 2023-yil yakuniga kelib bu raqam 5,3 million tonnani tashkil etdi. Bu faktga alohida eʼtibor qaratishdan maqsad shuki, koʻmir qazib olish, tashish va foydalanish jarayonlarida undan chiqadigan zararli moddalar atmosfera, tuproq va suv resurslari ifloslanishiga olib kelayotir. Tasavvur qilishingiz uchun keltirib oʻtamiz: 10 tonna koʻmir yoqilganda atmosferaga 220 kilogramm qurum, 360 kilogramm oltingugurt oksidi, bundan tashqari, uglerod oksidi va kul chiqindisi ajralib chiqadi. Shu bilan birga, issiqlik markazlari tomonidan qoʻshimcha yoqilgʻi sifatida mazutdan foydalanilayotgani ham havo ifloslanishini kuchaytiradi.

    Poytaxt havosi musaffoligini saqlashda yana bir murakkab jihat bor. Toshkent togʻlar bilan oʻralgani va chuqurlikda joylashgani sababli shamol yaxshi aylanmasligi hisobiga chang oqimi shaharda dimlanib qolayotir, deb taʼkidlanadi maʼlumotda.

    Yurtimiz havosini muhofaza qilish boʻyicha katta maqsadlar belgilangan va dastlabki qadamlar tashlangan. Jumladan, sanoat korxonalarida zamonaviy chang-gaz tozalash uskunalari oʻrnatilib, mavjudlari rekonstruksiya va modernizatsiya qilinadi. Korxonalar joylashgan hududlarda atmosferani ifloslantiruvchi manbalarni kuzatish, nazorat qilish postlari, monitoring yuritish uchun avtomatik stansiyalar oʻrnatiladi. Bu, albatta, muammoni bartaraf etish va ekologik vaziyatni barqarorlashtirish imkonini beradi.

    Respublikamizdagi barcha daraxt raqamlashtirilib, xatlovdan oʻtkazilayotgani, Toshkent shahrida esa sinov tariqasida daraxtlar pasportlashtirilishi ham reja va maqsadlar aniqligidan dalolat beradi. Eng muhimi, ularni oʻz muddatida, sifatli va albatta, samarali amalga oshirishda. Aks holda, yurtimiz tabiatini asrashga oid qarorlar hamda belgilangan vazifalar ijrosi xuddi noqonuniy kesilgan daraxtlar, qurib qolgan koʻchatlar kabi holatga tushib qolmasligiga hech kim kafolat berolmaydi. Ana unda havo ifloslanishi sabablari qatoriga shaharning togʻlar bilan oʻralganini qoʻshish ham oʻzini oqlay olmaydi. Tabiat biz yashayotgan makon, vatanimiz qiyofasi. Zero, hikmatlarda taʼkidlanganidek, “Tabiatni asrash vatanni asrash demakdir”.

    Rustam BOYTOʻRA,

    jurnalist