“Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali yakunlandi

    YUNESKO va AYSESKO shafeligida oʻtkazib kelinayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali oʻn uchinchi marta yer yuzining sayqali Samarqandga oʻzgacha fusun, bayram shukuhini ulashdi.

    Markaziy Osiyodagi eng katta festivallardan biri sanalgan bu yirik tadbir xalqlarning milliy musiqa sanʼatida erishgan yutuqlarini keng ommaga tatbiq qilish, millatlararo doʻstlik va oʻzaro bagʻrikenglik gʻoyalarini targʻib qilishi bilan ahamiyatli. Minglab xorijlik va mahalliy sayyohlarga hayot zavqini ulashajak azim Samarqand tarixi zarvaraqlariga yana bir “Sharq taronalari” taassurotlari muhrlandi. 26-avgust kuni davlatimiz rahbari boshchiligida tantanali ochilgan festival kecha oʻz nihoyasiga yetdi.

    Toʻrt kun davom etgan xalqaro tadbirda yana koʻplab sanʼat yulduzlari Registon osmonida porladi. 300 dan ziyod sanʼat vakillari turfa ellarning turfa taronalari oʻz muxlislari qalbiga kirib borgani quvonarli. Alohida tayyorgarlik bilan oʻziga xos kutib olingan festival mehmonlari yaratilgan qulayliklar uchun tashkilotchilarga cheksiz minnatdorlik bildirdi 14 xorijiy tilda soʻzlasha oladigan 183 nafar volontyorlarimiz oʻzlariga biriktirilgan ilmiy konferensiya ishtirokchilari, hakamlar, OAV vakillari va boshqa qatnashchilarga yurtimizga kirib kelganidan tortib, oʻz yurtlariga joʻnab ketgunicha hamrohlik qildi. Mehmonlarning Samarqand tarixi, madaniyati, turizm salohiyati bilan yaqindan tanishishi uchun viloyatdagi madaniy meros obyektlariga tashriflar tashkil etildi. Zero, bu respublikamizning iqtisodiy jozibadorligini, investorlar oqimini, turistik salohiyatimizni oshirishda gʻoyat muhim.

    — Biz boqiy shahar Samarqandda ekanligimizdan benihoya xursandmiz. Bu yerda Gretsiyaning 5 ta milliy qoʻshigʻini ijro etdik. Tadbirda turli xil davlat vakillaridan tashrif buyurgan sanʼatkorlar oʻzlarining madaniyatini namoyish etdi. Biz ham koʻrib turganingizdek oʻzimizning milliy liboslarimizdamiz, — dedi gretsiyalik Konstantinosh Forlanosh. U bilan sahnada birga kuylagan Elen Forlano ham Oʻzbekistonda ekanidan gʻoyatda baxtiyorligini aytdi. Xilma xil taronalar madaniy birlik hissini berayotgani muhimligiga urgʻu berdi. Unutilmas taassurotlarga ega boʻlgani uchun festival tashkilotchilariga alohida minnatdorlik bildirdi. Germaniya Madaniyat agentligi rahbari Maxidi Layn esa 2003-yildan buyon “Sharq taronalari”ga qatnashib kelayotgani va dunyoning koʻplab mamlakatlaridan ayol musiqachilarni olib kelayotganini quvonch bilan tilga oldi. Juda koʻplab xorijlik sayyohlar bilan hamsuhbat boʻldik. Iliq taassurotlarning barchasini bir maqolaga sigʻdirib boʻlmaydi. Shu maʼnoda davlatimiz rahbarining festival koʻlami jahoniy miqyosda boʻlishi kerakligi haqidagi taklifi gʻoyat oʻrinli. Oʻzbekiston xalq artisti Munojot Yoʻlchiyevaning quyidagi fikrlari ham fikrimizni buni tasdiqlaydi: “Festival nufuzi va tashrif buyuruvchilar soni ham kundan kunga ortib bormoqda. Bu bejizga emas. Gʻarbga oʻrin bermaylik, degan gapni biz aytmasligimiz kerak. Musiqaga tarjimon kerak emas, musiqa millat tanlamaydi. Amerika boʻladimi, Yaponiya boʻladimi, qaysi millat boʻlishidan qatʼiy nazar uning milliy yoʻnalishdagi asarlarini tavsiya qilyapmiz”.

    Tantanali yopilish marosimi ham ayni taklif va fikrlar shunchaki aytilmayotganini yana bir karra isbotladi. Muhtasham maydon tadbir soʻngida ham eng goʻzal navolar, dilbar ohanglarga toʻldi. Jozibador, nafis raqslar koʻzlarni quvnatdi. Maqomu martabani bir chetga surib, sanʼati orqali doʻstlik oʻrnatishga xizmat qilgan qatnashchilar bir-birini olqishladi, keyingi festivalga qadar xayrlashdi.

    Xalqaro tadbir hayʼati aʼzolari festival mezonlaridan kelib chiqib, mamlakatlar chiqishlarini ikkita yoʻnalish boʻyicha baholab bordi. Xalqaro hayʼatga yuqori malakali xorijiy va mahalliy musiqashunos olimlar, taniqli sanʼatkorlar, kompozitorlar va bastakorlar, xorijiy davlatlardagi xalqaro sanʼat festivallari tashkilotlarining vakillari taklif etildi.

    Baholash jarayonida qoʻshiqlarning milliyligi, sheʼrlarning ohang bilan mutanosibligi va mazmundorligi, qatnashchining ijro saviyasi, kiyinish madaniyati va sahna harakati tanlovning asosiy mezonlari hisoblandi. Professional (klassik) darajadagi xalq musiqasi va qoʻshiq yoʻnalishi hamda zamonaviy kompozitorlar tomonidan yaratilgan musiqa va qoʻshiq yoʻnalishi boʻyicha tanlov gʻoliblari tashkiliy qoʻmita tomonidan diplom, statuetka va quyidagi miqdorlarda pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

    Festival “Gran-pri”si — 10 000 AQSH dollari miqdoridagi mukofot Ozarbayjonning “Semurgʻ” musiqa guruhiga nasib etdi. I oʻringa Turkmaniston davlatidan kelgan ishtirokchilar chiqishlari munosib koʻrildi. Bu jamoaga 5 ming AQsh dollari berildi. II oʻrin Qozogʻistonning “Atamaken” musiqiy guruhi, oʻzbekistonlik sanʼatkorlar Alisher Ahmedov va Fazilat Ahmedova juftligiga berildi. Gʻoliblar 3 ming 500 AQSH dollari va esdalik sovgʻalar bilan mukofotlandi.

    3-oʻrin esa Yaponiya, Moʻgʻuliston va Rossiya sanʼatkorlariga munosib koʻrildi. Uchinchi oʻrin gʻoliblariga 2 ming dollardan mukofot belgilandi. Tanlovda qatnashgan va sovrindor boʻlmagan ishtirokchilarga ham “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali diplomanti diplomi taqdim qilindi. .

    Bu galgi tadbirning mohiyati, umuman festivalning ahamiyatini “Sharq taronalari” bizga nima beradi, degan savolga javob berish bilan izohlashni joiz bildik. Zero, dastlabki festivaldayoq Oʻzbekiston xalq artisti Munojot Yoʻlchiyeva faxrli 1 oʻrinni qoʻlga kiritgan boʻlsa, 1999-yilgi tadbirda hakamlar bosh sovrin — Gran prini Oʻzbekistonga (Nasiba Sattorova) munosib koʻrdi. Keyingi festivallarda esa Sohibjon Niyozov, Abdunabi Ibrohimov, Dilnura Mirzaqulova, Nodira Pirmatova, Matluba Dadaboyeva, Mohichehra Shomurodova kabi sanʼatkorlarimiz faxrli 1 oʻringa sazovor boʻldi. 2019-yilgi festivalda esa Gran pri yana bizga nasib etgani koʻnglimizni togʻdek koʻtardi. Ilk bor ishtirok etishiga qaramay, hamyurtimiz Mehrinigor Abdurashidova oʻzining betakror sanʼati bilan barcha ishtirokchilarni lol qoldirdi. Oʻzbek musiqa sanʼatining qudrati yer yuzining sayqali Samarqand nufuziga uygʻunlikda dong taratdi. Eng muhimi, jonajon yurtimiz zaminida oʻtkazib kelinayotgan ushbu anjuman chindan ham turli sivilizatsiyalar, xalqlar va millatlar oʻrtasida oʻziga xos madaniy hamkorlik hamda muloqot maydoniga aylandi.Xorijlik sayyohlardan birining quyidagi fikrlari esa festivalning jahon taronalariga aylanishi lozimligiga yana bir ishora desak xato boʻlmaydi:

    — Taxminan 25-yil ilgari Oʻzbek maqomini ilk bor tinglaganimda, uning qudratini butun tanam bilan his etib hatto yigʻlab ham yuborganman. Orziqib kutganim — Oʻzbekistonga kelish baxtiga muyassar boʻldim. Shashmaqom toʻgʻrisida koʻplab maʼlumotlarga ega boʻldim. Bu yerdagi ijrochilar iqtidori bilan faxrlansa arziydi. Bugungi kunda oʻzbek yoshlar ajoyib sanʼat namunalarini yaratishmoqda. Albatta, bunda davlatingiz mamlakat rahbarining sanʼatni rivojlantirishga qaratgan eʼtibori muhim oʻrin tutadi. Tadbirga keladigan boʻlsak, bu juda katta sanʼat maydoni. Tadbir gʻoyat yuqori saviyada tashkil etilgan. Bagʻrikenglik bundan ortiq boʻlmasa kerak. Hammasi uchun Oʻzbekistonga, Samarqandga rahmat!


    Munojat MOʻMINOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri