30-avgust kuni Toshkent shahridagi BMT ofisida BMTning Uy-joy huquqi boʻyicha maxsus maʼruzachisi Balakrishnan Rajagopal va OAV xodimlari ishtirokida matbuot anjumani oʻtkazildi.
Mamlakatga rasmiy tashrifi yakunida qilgan bayonotida janob Rajagopal soʻnggi yillarda oʻzboshimchalik bilan olib qoʻyish va uylarni buzishda huquqiy himoyani yaxshilash va shaharsozlikda ishtirok etishni taʼminlashga qaratilgan yangi qonunlar, shu jumladan, yangi Konstitutsiya qabul qilinishini olqishladi.
“Xabardorlik, ijro etishdagi muvaffaqiyatsizliklar va rioya qilishga doir choralar yetishmasligi kabi sabablarga koʻra, ayniqsa, qurilish sektorida bu qonunlar eʼtiborga olinmayapti”, dedi maxsus maʼruzachi.
Oʻzbekiston misli koʻrilmagan keng koʻlamli shaharlarni yangilash loyihalari guvohi boʻlmoqda, baʼzan bu jarayonda butun mahallalar buzib tashlanib yangi shaharlar uchun joy ochish maqsadida daraxtlar ildizi bilan qoʻporilib yuborilmoqda. Bularning aksariyati qonunchilik va shaharsozlikda yetarlicha asoslarsiz sodir boʻlmoqda.
“Quruvchi kompaniyalar va fuqarolar oʻrtasidagi sud ishlarining aksariyati quruvchi kompaniyalar foydasiga hal qilinayotganga oʻxshaydi”, dedi janob Rajagopal.
Maʼruzachi “Yuz.uz” muxbirining “Quruvchi kompaniyalar va fuqarolar oʻrtasidagi sud ishlari quruvchi kompaniyalar foydasiga hal boʻlayotganini taʼkidladingiz, bu borada qanday takliflar berasiz, ayni vaziyatda muammolarning ildizi nimada deb oʻylaysiz?” degan savoliga quyidagicha javob berdi:
Quruvchi kompaniyalarning majburiyatlarini oshirish kerak. Bu kompaniyalar ish sifati boʻyicha reyting tuzilgani yaxshi, ammo faqat sifat asos qilinishi kerak emas, fuqarolar foydasiga kompensatsiyalar ham joriy etilishi lozim. Qurilish haqida oddiy odamlardan fikr olish kerak va albatta, javobgarlikni oshirish shart deb oʻylayman».
Shuningdek, uy-joylarni buzish va majburiy koʻchirishlar hatto Samarqand va Buxoro kabi madaniy meros hududlarida ham sodir boʻlmoqda», dedi janob Rajagopal. U UNESCOning 2025-yilda Samarqandda boʻlib oʻtadigan Bosh Assambleyasiga tayyorgarlik koʻrilayotgan bir paytda uy-joy boʻyicha huquq toʻliq himoyalanishini taʼminlash uchun zarur choralar koʻrishga chaqirdi.
Maʼruzachi Oʻzbekiston hukumatiga keng qamrovli hamkorlik uchun minnatdorlik bildirdi va ilgari surilgan “Osh pishiring, urush qilmang” nomli oʻzgacha shiorni olqishladi.
“Dunyodagi notinch bir vaziyatda Oʻzbekistonning tinchlik tarafdori ekanini qoʻllab-quvvatlayman, tinchlik boʻlsa, inson huquqlari himoya qilinadi”, dedi u.