– Shanxay hamkorlik tashkiloti xartiyasiga binoan, koʻp qirrali hamkorlikda madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish va hamkorlikni kuchaytirish koʻzda tutilgan. Oʻtgan 20 yil davomida xalqaro tashkilotga aʼzo mamlakatlar oʻrtasida oʻzaro ishonch va yaxshi qoʻshnichilikni, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlashga, sivilizatsiyalararo muloqotni kuchaytirishga koʻmaklashish masalasiga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Birgina misol keltirsam. YUNESKO jahon madaniy merosiga kiritilgan har toʻqqizinchi obyekt SHHT davlatlari hududida joylashgan. Bu tarixiy obida va meroslarning maʼlumot bazasini tuzish, qoʻriqlash, himoyaga olish, bu soha mutaxassislarini tayyorlash, madaniy yodgorliklar noqonuniy olib ketilishiga birgalikda qarshi turish, sanʼat asarlarini restavratsiya qilish, kutubxona-maʼlumot xizmatlari oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish kabi amaliy ishlar amalga oshirildi. Turizm, teatr, musiqa, kino, televideniye, arxiv ishlari, OAVlar oʻrtasida hamkorlik borgan sari rivoj topmoqda.

Bu ishlarni amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi ham faol ishtirok etmoqda. Tili, dili, tarixi, chegaralari bir SHHTga aʼzo mamlakatlar xalqlari ertaklari, maqollari toʻplamining Toshkent shahrida nashr etilishi katta madaniy voqea boʻldi. Jumladan, “Sakkiz elning son-sanoqsiz oʻgiti”, “Sakkiz elning sakson sakkiz ertagi” kabi kitoblar tuzilishini alohida qayd etish lozim.

Qadimiy va anʼanalarga boy oʻzbek adabiyoti doimo umuminsoniy adabiy mezonlarga xizmat qilib kelgan. Soʻz mulkining sultoni Alisher Navoiydan tortib dunyoda oltinchi romanchilik maktabiga asos solgan Abdulla Qodiriygacha, Oybekdan tortib Erkin Vohidovgacha, Oʻtkir Hoshimovdan tortib Nurali Qobulgacha, Abdulla Oripovdan to Muhammad Yusufgacha umuminsoniy qadriyatlarni turli rakurslarda tarannum etib, jahon adabiyotiga oʻz hissalarini qoʻshdilar. Bu buyuk ijodkorlarning adabiy merosi SHHT davlatlari xalqlarining ham madaniy xazinasidir.

Oʻzbek va qirgʻiz adabiyoti namoyondalari oʻrtasidagi adabiy aloqalar yangi Oʻzbekiston sharoitida qaytadan tiklandi va oʻtgan 5-6 yil ichida faol rivoj topdi. “Sharq yulduzi” va “Ala-Too” jurnallarining bittadan sonlari qirgʻiz va oʻzbek adabiyotiga bagʻishlandi. Oʻzbekiston va Qirgʻiziston yozuvchilar uyushmalari oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. “Manas” dostoni oʻzbek tiliga tarjima qilindi. Koʻplab oʻzbek va qirgʻiz adib va shoirlari asarlari ikki qardosh xalq tillarida nashr etildi.

Adabiy hamkorlik rishtalarini mustahkamlash uchun hozirgi paytda doimiy ishlab turuvchi muloqot maydonchasi yaratish maqsadga muvofiq, deb bilaman. Ikki taraflama adabiy aloqalarni koʻp taraflama hamkorlikka aylantirish eng dolzarb masalalardan biridir.

Xususan, SHHT davlatlari adiblari assambleyasini tuzish lozim. Yilda bir bora zamonaviy yetuk adib va shoirlari assambleya maydonida toʻplanib, tarjimalar rejalashtirishlari, tajriba almashishlari, oʻzaro yutuqlaridan bir-birini boxabar qilishlari, oʻzaro ijodiy aloqalar oʻrnatishlari, birgalikda kitoblar yozishni yoʻlga qoʻyishlari darkor. Bu madaniy-adabiy hamkorlikni rivojlantirishga katta turtki boʻladi, deb qatʼiy ishonaman.