Inson salomatligi – eng buyuk neʼmat. U shunchalik bebahoki, hech qanday mezonga tenglashtirib boʻlmaydi. Yurtimizda keyingi yillarda sogʻliqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish, uni rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylangani sababi ham shunda. Shavkat Mirziyoyev Prezidentlik faoliyatining dastlabki davridayoq aholi salomatligini asrash, sifatli tibbiy xizmat koʻrsatishni takomillashtirish masalasini ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilab berdi. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami, shoshilinch tez tibbiy yordam va ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat tarmogʻini oʻz ichiga oluvchi tibbiyotning uch bosqichli milliy modeli yaratilib, aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish samaradorligi, sifati va qulayligini oshirish taʼminlanmoqda.
Prezidentimiz har safar hududlarga borganida, u yerdagi tibbiy muassasalarga ham kirishi, mahalliy aholini oʻylantirayotgan masalalar bilan qiziqishi oʻz natijasini bermay qolmadi. Xususan, oʻtgan olti yilda hududlarda ixtisoslashgan tibbiyot markazlari filiallari oʻz faoliyatini boshladi. Natijada ilgari poytaxtda bajarilgan murakkab operatsiyalarni mahalliy shifoxonalarda oʻtkazish imkoniyati yaratildi.
Quvonarli tomoni, zarur moddiy-texnik baza va malakali mutaxassisga ega xususiy klinkalarga murakkab turdagi jarrohlik amaliyotini oʻtkazishga ruxsat berilishi xorijga davo izlab ketayotgan yurtdoshlarimiz safini sezilarli darajada qisqartirdi. Izchil islohotlar tufayli Markaziy Osiyoda birinchi boʻlib, bosh miya qon tomirlari nuqsonlarini diagnostika qilish va xirurgik davolashning eng zamonaviy yuqori texnologik usullari hamda yuqori texnologik koʻp tomirli aorto-koronar shuntlash operatsiyasi yoʻlga qoʻyildi.
Yana bir hayotiy misol. Yaqin-yaqingacha aksar fuqarolarimiz imtiyozli yoʻllanma (order) asosida davolanish uchun ne-ne qiyinchiliklarga duch kelardi. Yurtdoshlarimiz order olish uchun mutasaddi vazirliklar eshigi oldida kunlab, oylab navbatda turardi. Prezidentimiz tashabbusi va tegishli qarorlari bilan bularga chek qoʻyildi. Bunday amaliyotdan toʻliq voz kechilib, ehtiyojmand aholi uchun respublika tibbiyot markazlarida xizmat koʻrsatishning ochiq va shaffof yangi tizimiga oʻtildi. 2016-yilgacha yurak sohasidagi murakkab operatsiyalar faqat Toshkent shahrida qilingan boʻlsa, ayni vaqtda 12 ta hududda rentgenendovaskulyar boʻlimlar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Inson manfaatlarini taʼminlash, odamlarni rozi qilishga qaratilgan bunday oʻzgarishlar haqida koʻplab gapirish mumkin.
Taassufki, keyingi paytlarda bemor oʻlimi yoki sogʻligʻi yomonlashishida biror aybi boʻlmasa-da, shifokorni ayblash va unga noqonuniy tajovuz qilish holatlari koʻpaymoqda. Oʻz yaqinining salomatligidan xavotirga tushgan insonlar shoshilinch va tez tibbiy yordam xizmati xodimlariga najot koʻzi bilan qaraydi. Baʼzida kech murojaat qilingani sababli bemor hayotini saqlab qolishga shifokorlar ham ojiz boʻlib qoladi.
Biroq bemorning stress holatida boʻlgan, eng achinarlisi, koʻp holatlarda spirtli ichimlik ichgan yaqinlari oʻzini idora qila olmay, tibbiyot xodimlariga tajovuz qiladi. Afsuski, bunday koʻngilsiz holatlar illatga aylanib bormoqda. Tez yordamni asossiz chaqirish, muolaja qilib qoʻyish yoki chaqiriqqa kelgan shifokordan boshqa oila aʼzolarini ham koʻrib qoʻyishni talab qilish, xodimlarga koʻrsatmalar berib, xalaqit qilish, toʻsqinlik qilish koʻp uchrab turibdi. Masalan, 2019-2022-yillarda 285 dan ortiq holatda tibbiyot xodimlariga nisbatan turli shaklda tajovuz qilingan.
Shu bois, jamiyatimizda koʻpayib ketayotgan bunday illatga qarshi turish, xususan, bunday xatti-harakatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish kerak. Chunki tibbiyot xodimiga qoʻl koʻtargan shaxs oʻz nojoʻya xatti-harakatlari bilan jamoat tartibini buzib, jamiyatga nisbatan ochiqdan-ochiq hurmatsizlik qilyapti. Amaldagi qonunchilikda esa xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimiga nisbatan tajovuz qilganlik, tibbiy yordam koʻrsatish bilan bogʻliq faoliyatga toʻsqinlik uchun toʻgʻridan-toʻgʻri javobgarlik belgilanmagan. Bu kabi omillar amaliyotda turli muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Jamiyatimizda koʻpayib ketayotgan bunday illatning oldini olishda eng asosiy va samarali yoʻllardan biri sifatida yuqoridagi kabi noqonuniy xatti-harakatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish lozim.
Prezidentimiz 2022-yil 18-mart kuni sogʻliqni saqlash sohasi vakillari bilan oʻtkazilgan ochiq muloqotda shifokor kasbining maqomi va nufuzini oshirish, ijtimoiy-huquqiy himoyasini kuchaytirish vazifasini qoʻygan edi. Uning ijrosini taʼminlash maqsadida tibbiyot xodimlari faoliyatiga toʻsqinlik qilish va ularga nisbatan zoʻravonlik holatlarining oldini olishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqildi. Loyihani ishlab chiqishda Rossiya, AQSH, Hindiston, Qozogʻiston kabi davlatlar amaliyoti inobatga olingan.
Prezidentimiz shu yil 27-mart kuni imzolagan “Tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga toʻsqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimchalar kiritish haqidagi”gi qonun soha vakillariga eʼtiborning yana bir namunasi boʻldi.
Qonun bilan “tibbiy faoliyat”, “tibbiy yordam”, “tibbiy xizmat” kabi tushunchalar mazmun-mohiyati ochib berildi. Shuningdek, tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga toʻsqinlik qilish bilan bogʻliq holatlarda javobgarlikni, mazkur ishning taalluqliligi va uni koʻrib chiqish muddatlarini belgilash nazarda tutildi. Shuningdek, ushbu hujjatda tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga toʻsqinlik qilish bilan bogʻliq holatlarda javobgarlik, mazkur ishning taalluqliligi va uni koʻrib chiqish muddatlari oʻz aksini topgan.
Xususan, tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga turli shaklda qonunga xilof ravishda taʼsir oʻtkazish uchun maʼmuriy javobgarlik fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 7 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 7 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olish belgilandi.
Bir soʻz bilan aytganda, ushbu qonun tibbiyot xodimlari huquqlarini himoya qilish va ularning kasbiy faoliyatiga turlicha aralashuvlarning oldini olish, shifokor kasbining maqomi va nufuzini oshirish, fuqarolarga oʻz vaqtida sifatli tibbiy yordam koʻrsatilishiga xizmat qiladi.
Qizilgul Qosimova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati