Oʻzbek adabiyoti tarixida Husayn Boyqaro huzurida oʻtkazilgan “Oliy majlislar” (Xurosonda sheʼriy majlislar shunday nomlangan) haqida maʼlumotlar uchraydi. Xuddi shu kabi sheʼriyat kechalari shoirlar sultoni Alisher Navoiy dargohida ham tashkil etilgan va adabiyotga daxldor dolzarb masalalar va qiziqarli mavzular haqida soʻz yuritilgan.
Navoiyshunos Suyima Gʻaniyeva bu adabiy majlislarning nomlanishi va mazmun-mohiyati toʻgʻrisida shunday yozadi: “Husayn Boyqaro huzurida, uning bevosita ishtirokidagi “Oliy majlis”larda asarlar, sheʼriyat namunalari muhokama qilinar, adabiy mavzularda qizgʻin suhbatlar oʻtkazilardi.”
Tarixchi Xondamirning yozishicha, Alisher Navoiy huzuridagi “Oliy majlislar”da qatnashish hammaga ham nasib etavermagan. Olimlarning ulugʻlari qachonki, uning oliy darajadagi yigʻinlarida qatnashish imkoniyatini qoʻlga kiritsa, uning samimiy qalb sirlari sahifalaridan foydali marvaridlar yigʻar, fozillarning mashhurlari qachonki, ul hazrat oʻtirgan muborak gilamning bir chetida oʻtirish sharafiga ega boʻlsa, nozik fikrlar va nafis soʻzlar gavharlarini terardi.
Davlatshoh Samarqandiy ham yuqoridagi fikrlarni tasdiqlagan holda, “...fozillarning maqsadi uning oliy majlisiga yetishishdir. Uning hamsuhbatlari xushtaʼb, fozil kishilardir. Uning maqbul xotiri ahli dildan boshqasini istamas, ogʻir tabiatlilar uning nazariga yengiltak boʻlib koʻrinar, balki noahillar uning latif majlislariga kirolmasdilar...” deb taʼkidlagan. Davlatshoh Samarqandiy haq. Oʻz davrining ziyolilari, adabiyot ahli Navoiy huzuridagi yigʻinlarda qatnashishga harakat qilgan. Amir Alisherning adabiyot ahliga homiylik qilishi, barcha uchun ilm maskanlari eshigini ochib qoʻyganligi natijasi oʻlaroq, butun Movarounnahr va Xurosonning ilm shaydolari, talabadan tortib, donishmandgacha uning atrofida jam boʻldilar. Uzoq-yaqindan toʻplangan shoirlar uning majlislarini bezata boshladilar.
“Mahbub ul-qulub” asarida Navoiyning oʻzi ham bu haqda shunday degan: “...goho izzat va maʼmurlik boʻstonida majlis qurdim... Ulugʻ kishilarni va yuqori mansab egalarini hurmat va taʼzim yuzasidan mehmon qildim, baʼzan shodlik bogʻida ziyofat tuzib, xonanda va sozandalarning bazmu taronalaridan bahramand boʻldim”. “Oliy majlislar”ning mazmun-mohiyati Zayniddin Vosifiyning “Badoye ul-vaqoye”sida keltirilgan quyidagi hikoyatdan maʼlum boʻladi: “Mir(Navoiy) ovoz berdilar:
— Azizlar, kiringlar. Hech eshitmagan va xayolingizga kelmagan maqolatlardan eshitinglar!
Hamma jim boʻldi. Mir(Navoiy) Hofiz Gʻiyosiddin Dehdorga dedi:
— Lofu daʼvo qilding. Endi izhorini qil!
Hofiz avval Qurʼondan ashara oʻqidi. Majlis ahlining hushini oldi. Keyin gʻazal oʻqidi. Ashula boshladi — doʻstu dushmani uning ovoziga ofarinlar oʻqidi. “Amir Hamza” qissasini boshladi. Keyin oʻzi aytgan bir dostonni oʻqidi va majlis ahlining hushi yoʻqoldi. Uni tugatib, “Abomuslim” qissasini oʻqidi — hammani sehrlab qoʻydi. Majlis oxirida “Dorob” qissasini boshladi. Bogʻbon bilan uning gʻulomi shu yerda turgan edi. Ularning taqlidini qilib, hammani kuldirdi, baʼzilarga shunday taʼsir qildiki, kulaverib yumalab qoldilar... Har kim har ilmdan bahs qildi. Bularga ham javob qildi. Hammadan gʻolib keldi.”
Bundan tashqari, Alisher Navoiyning topshirigʻiga binoan, Mavlono Sohibdoro kunduzi Hirotda yurib, adabiy yigʻinga kelganda shaharda oʻz koʻrgan-kechirganlari, gʻaroyib va ajoyib voqea-hodisalar, yangi isteʼdod sohiblari, shoirlar haqida maʼlumot berib borgan, imtihonidan oʻtgan iqtidorli yoshlarni esa oʻz oʻrnida oliy majlisga olib kelgan. Alisher Navoiy undan har kuni “Neni uchratdingiz va nima gaplar eshitdingiz”, deb soʻragan. Sohibdoro esa bir safar shunday javob bergan: “Bir kishini uchratdim. Oʻzi 16 yoki 17 yoshda. Nomi aytilmay oʻqilgan har qanday mushkul muammoni topadi. Tolibi ilmlikda, hofizu shoirlikda katta iqtidori bor”. Navoiy taajjub bilan Sohibdorodan, “Vosifiyni imtihon qildingmu”, deb soʻragan. Sohibdoro, sinash uchun bir mushkul muammoning nomini aytmay oʻqiganligini, u esa qiynalmay yechganligini aytgan. Shundan soʻng Navoiy Sohibdoroga Vosifiyni olib kelishni buyurgan. Bu voqea borasida “Badoye ul-vaqoye”da aytib oʻtilgan.
Zayniddin Vosifiy “Badoye ulvaqoye”da Navoiyning “oliy majlislari”da ishtirok etganligi haqida shunday yozgan: “U yerda hozir boʻlgan birinchi yigit muammo sanʼatida Husayn Nishopuriyga tenglasha oladigan Muammoiy, ikkinchisi qasidagoʻylikda shuhrat topgan isteʼdod sohibi, uchinchisi esa masnaviyni yaxshi ayta oladigan tolibi ilm bilan birga “Oliy majlis”ga kirib bordik. Majlis ahli va hazrati Mir (Navoiy) oʻz nadimlari (hamsuhbatlari) bilan hozir ekan. Janobi Mir (Navoiy) biz tomon qaradilar. Faqir (Vosifiy)ga ishora qilib, nomini aytmay oʻqilgan muammoni yecha oladigan doʻstimiz shu kishimi, dedilar. Mavlono Sohibdoro: “Bali, oʻsha maxdum”, deb javob berdilar. Mavlono Muhammad Badaxshiy suhbatga aralashdilar: “Maxdum, xudovandigoro, muammo yechishda Sizdan oʻtadigani yoʻq-ku?..”. Mir (Navoiy) dedilar: “Men uning muammo yechishini koʻzidan bildim. Zero, uning fikrlari koʻzlarida zohir boʻlib turibdi. Keyin ushbu muammoni oʻqidilar:
Bogʻro bin az xazon befarru, sarv az jo shuda,
Bulbulash barham zada minqoru, nogoʻyo shuda.
(Tarjimasi: “Bogʻini koʻr, xazonrezlikdan koʻrki qolmabdi, sarv oʻrnida yoʻq, bulbulning tumshugʻi yoʻq boʻlib, kuylashdan qolibdi”). Navoiy oʻqigan muammoni Vosifiy yod bilardi. U oʻylanib qoladi: nomini aytib, oʻzimni goʻllikka solib, majlisni oʻtkazaversammi yoki toʻgʻrisini aytayinmi, deydi oʻziga-oʻzi. Oqibatda rostini aytishga ahd qiladi. Shunda Navoiy boshini egib turdi-da, yonidagilarga, “Azizlar, bilasizlarmi, buning soʻzi ne maʼnoni bildiradi. Oʻz qudratini izhor etib, bunisini bilaman, boshqasini ayting, demoqchi... biz buning daʼvosini qabul qilurmiz”, dedilar. Gʻiyosiddin Xondamir “Xulosat ulaxbor”da uning oʻzi ham Navoiy “oliy majlislar”ida hikoyatlar aytganini yozib qoldirgan: “Ulugʻ amir, hidoyatpanoh, karomatli Ruhning muayyidi(aksi), soʻfiysifat, sof niyatli roʻzgʻor pokizasi, musulmon marosimlarini ulugʻlovchi, saltanat ustuni va mamlakat tayanchi, xoqon davlatining ishonchli kishisi, sultonning yaqini, ulkim, saxovat dasturxonidan barcha muhtoj toʻq, haq va haqiqatu din nizomi Amir Alisher (Navoiy)ning sharif majlisida hikoyatlar soʻylar edim. Ul janob mening hikoyatlarimdan zavqlanar edilar va hazratning turli inoyatlari bu qanoti siniq banda (Xondamir) ahvoli ruhiyatiga issiqlik baxsh etardi. Kundan-kunga bu hol koʻpayar va soat sayin yuksaklikka koʻtarilar edi”.
Xulosa qilib aytganda, oʻtmish adabiy jarayonida mushoiralar muhim oʻrin tutadi, yana ham aniqrogʻi, oʻtmishda adabiy jarayon koʻproq sheʼr majlisi yoki shoirlar anjumani shaklida kechgan. Mushoiralarda shoirlar oʻz asarlarini taqdim etish, ular haqidagi oʻzgalar fikrini bilish, shuningdek, boshqa shoirlar bilan ijodiy fikr almashish, hamkorlik qilish imkoniga ega boʻlgan. Mumtoz adabiyotimizdagi bir qator janrlar, ayrim sheʼr sanʼatlarining yuzaga kelishi bevosita mushoiralar bilan bogʻlanadi: ularning bir qismi mushoira ishtirokchilarining bir-birlariga javob aytishi (tazmin, taxmis), boshqa bir qismi sheʼriy musobaqa (muammo, chiston, badiha) ruhi bilan bogʻliq holda vujudga kelgan. Xususan, Husayn Boyqaro saroyi va Navoiy xonadonida oʻtkazib turilgan mushoiralar davr adabiyoti taraqqiyotining muhim omillaridan biri boʻldi.
Sherxon QORAYEV,
Alisher Navoiy nomidagi
Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti
universiteti tadqiqotchisi