Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga doimiy ravishda turli murojaatlar bo'lib turadi. Shunday murojaatlardan biri agentlikning Namangan viloyati hududiy tuzilmasiga kelib tushdi.

Unga ko'ra, Pop tumanida istiqomat qiluvchi A.U. bir qarorga kelib Namangan shahrida faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkordan 6 mln 600 ming so'mlik eshik va deraza romlarini xarid qilgan. Xonadonga keltirib o'rnatilgan 3 ta deraza romlari va bitta eshik uy egasiga ma'qul keldi. Ammo ikkinchi eshik sifatsiz chiqdi, ya'ni qiyshiqroq kesilgan, yopilganda oralig'i ochiq qolayotgandi.

Bu haqda tadbirkorga murojaat qilganda, ishlab chiqaruvchining vakili xonadonga kelib eshikni ko'rdi va kamchiligini bartaraf etishga va'da berdi. Oradan bir qancha vaqt o'tishiga qaramay, muammo hal etilmadi.

Mazkur murojaat Iste'molchyailar huquqlarini himoya qilish agentligining Namangan viloyati hududiy tuzilmasi tomonidan tadbirkor va iste'molchi bilan birgalikda o'rganib chiqilganda haqiqatan ham shikoyatchining e'tirozi o'rinli ekanligi ma'lum bo'ldi. Hududiy tuzilma tomonidan tadbirkorga O'zbekiston Respublikasi “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida”gi Qonunning 13-moddasi talablariga havola etgan holda iste'molchining qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun so'rov yuborildi.

Ma'lumot o'rnida. O'zbekiston Respublikasining “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida”gi Qonunining 13-moddasiga muvofiq, “Iste'molchi o'ziga sotilgan to'plamlar, komplektlar va komplekslarning mustaqil tarkibiy qismi bo'lgan va mustaqil narxga ega bo'lgan buyumlarda nuqsonlar borligini aniqlagan taqdirda, butun to'plam, komplekt va kompleksga nisbatan ham, ularning nuqsonlari bor mustaqil tarkibiy qismlariga nisbatan ham nuqsonli tovar mahsulotni qaytarish, almashtirish yoki tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etishga haqlidir.

Shundan so'ng ijrochi (ishlab chiqaruvchi) tomonidan 1 mln. 200 ming so'mlik nuqsonli tovar (xona eshigi) o'rniga yangi, sifatli eshik qayta o'rnatib berildi. Iste'molchining murojaatidagi masala yuzasidan huquqlari tiklandi.