Endi sil kasalligini sanoqli soatlar ichida aniqlash mumkin

    Salomatlik 24 Mart 2022 2167

    Robert Kox tomonidan 1882-yil 24-martda sil kasalligi patogeni aniqlangani munosabati bilan shu kun Jahon silga qarshi kurash kuni etib belgilangan. Dunyo boʻyicha kuniga 4 000 nafardan ortiq kishining hayotiga zomin boʻlayotgan bu xastalikning insonlar sogʻligʻi va ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga halokatli taʼsiri hech kimga sir emas.

    Jahon miqyosida bu kasallikning oldini olish, uni barvaqt aniqlash va davolashning zamonaviy usullarini tatbiq etishga jiddiy eʼtibor qaratilyapti.

    Yurtimizda ham bu borada salmoqli ishlar amalga oshirilyapti. Oʻzbekiston JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosiga aʼzo mamlakat sifatida 53 davlat orasida silga qarshi kurashish dasturining bajarilish natijalari boʻyicha 2-oʻrinni egallab turgani ham bu masalaga davlat darajasida eʼtibor qaratilayotganining dalilidir.

    Bugun poytaxtimizda Sogʻliqni saqlash vazirligi, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va JSST mutasaddilari ishtirokida Jahon silga qarshi kurash kuni munosabati bilan tadbir oʻtkazildi.

    Nargiza Parpiyeva,

    Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori:

    — Avvallari yurtimizda tuberkulyozni aniqlash uchun 3-4 oylab vaqt talab etilardi. Hozirgi kunda esa bu kasallikka genno-molekulyar usuli orqali bor-yoʻgʻi 70 daqiqa ichida aniq tashxis qoʻyilyapti.

    Ilgʻor operatsiya usullari joriy etilishi, samarali dori-darmonlar qoʻllanilishi natijasida bemorlarning kasallikdan sogʻayish muddati ham 2 yildan 9 oyga qisqardi. Hozir olimlarimiz xalqaro mutaxassislar bilan hamkorlikda davolanish kursini 6 oygacha qisqartirish va samarali muolaja usullari ustida ilmiy izlanishlar olib boryapti.

    Tibbiyotimizdagi bunday muhim yutuqlar tufayli yurtimizda sil bilan kasallanish koʻrsatkichi 2,5 barobarga, oʻlim koʻrsatkichi 6-8 barobarga qisqardi. Oʻz navbatida, davolash samaradorligi 91,2 foizga yetkazildi. Dunyoda ushbu koʻrsatkich 85 foiz ekanini inobatga olsak, natija koʻlami yanada yaqqolroq koʻzga tashlanadi.

    Bu borada USAID Oʻzbekistonga yaqindan koʻmak berib kelyapti. Xususan, mazkur agentlik tomonidan soʻnggi olti oy davomida mamlakatimizga umumiy qiymati qariyb 700 ming dollarga teng tuberkulyozni tezkor diagnostika qilishga moʻljallangan GeneXpert tizimlarini begʻaraz taqdim etildi. Eʼtiborlisi, bu uskunalar sanoqli soatlar ichida tibbiy test natijalarini taqdim etish imkoniga ega.

    GeneXpert tizimi, shuningdek, kasallikning maʼlum bir turini davolash uchun buyuriladigan antibakterial preparatlarga chidamlilikni tekshirishga ham yordam berib, shifokorlarga bemor uchun eng samarali dori-darmonlarni tanlash, qolaversa, kasallikni erta aniqlash va oʻz vaqtida muolaja qilish imkonini beradi.

    Tadbirda USAID tomonidan Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligiga tuberkulyoz kasalligini aniqlashda qoʻllaniladigan 16 ta GeneXpert diagnostika uskunasi taqdim qilindi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.