Bu kitob markaz direktori bosh maslahatchisi, falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor To'raev ilmiy rahbarligida tayyorlangan uchinchi kitob bo'lib, kitob mualliflari asosan olimning shogirdlaridir.
Birinchi kitob “Sinergetika: mohiyati, qonuniyatlari va amaliyotda namoyon bo'lishi” deb atalib, 2017- yili nashrdan chiqqan. Ikkinchi kitob “Sinergetika-2: nazariya va amaliyot” deb nomlanib, 2022- yili nashr etilgan. Kelajakda “Sinergetika: sun'iy aql” nomli kitobni nashr qilish rejalashtirilmoqda.
Taqdimot tadbirida Markaz ilmiy xodimlari, mamlakatimizdagi bir qator oliy o'quv yurtlarining professor-o'qituvchilaridan iborat faylasuf olimlar va tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Tadbirda ma'ruzachilar “Sinergetika” turkumidagi nashrlarning uzviy davomi sifatida chop etilgan ushbu kitobda zamonaviy ilmiy metodologiya bo'lgan sinergetikaning asosiy tamoyillari, milliy ma'naviy merosni o'rganishdagi ustuvor jihatlari va istiqbollari kabi masalalarga alohida to'xtaldi. SHuningdek, sinergetikaga xos keng – nochiziqli tafakkur sohiblari bo'lgan ulug' alloma va mutafakkirlarimizning jahon tamadduni rivojiga qo'shgan hissasini ob'ektiv tarzda ochib berishda sinergetik metodologiyaning imkoniyatlari alohida e'tirof etildi.
– Ilm-fan olamida ko'plab akademik va professorlar bor. Biroq falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor To'raev kabi maktab yarata olgan olimlarimiz sanoqlidir, – deydi falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor Karimov. – Majmuada ma'naviy merosni sinergetik metodologiya sifatida o'rganish tadqiqotchilarga uning yangi qirralarini ochish imkoniyatini berishi bayon qilingan. Ma'naviy merosning mohiyati va uni tadqiq etishdagi ilmiy yondashuvlar, moddiy va ma'naviy merosning o'zaro aloqadorligi, tuzilmaviy farqlari, sinergetik tamoyillar, zamonaviy texnologiyada ma'naviy omillar kabi muhim masalalar allaqachon ko'plab zamonamiz ziyolilari tomonidan e'tirof etilgan.
Mazkur jamoaviy monografiya sinergetik metodologiya imkoniyatlari va ma'naviy meros fenomeni xususiyatlari bilan tanishish istagida bo'lgan tadqiqotchilar, doktorantlar, izlanuvchilar, talabalar va zamonaviy falsafa fani muammolariga qiziquvchi kitobxonlar uchun mo'ljallangan.
Tadbirda inson qadrini yanada yuksaltirishga, uning axloqiy qadriyatlarini tobora sog'lomlashtirishga, dunyoda tenglik va adolatni, insof va diyonatni tiklashga qodir milliy ma'naviy qadriyatlarning bunyodkorlik salohiyatini teranroq anglashda sinergetika qonuniyatlari muhim metodologik ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Kitob sinergetika metodologiyasining umumfalsafiy mazmunini asoslashga hamda uning ma'naviy merosni tadqiq etishdagi amaliy mohiyatini ochib berishga xizmat qilsa, ajab emas.
Zuhra MELIBOEVA,
talaba