Pandemiyaning ilk bosqichlarida kasallanganlar soni 100 ming nafarga yetishi uchun hafta kerak boʻlardi. Hozir esa bu raqam soatlar ichida qayd etilmoqda.
Yurtimizda sentyabrning ilk kunida 343 nafar bemor qayd etilgan boʻlsa, 9 centyabrda bu koʻrsatkich qariyb 170 nafarga oshdi. Karantin tartiblarining yumshatilishi, bir qancha faoliyat turlariga ruxsat berilishi, shuningdek, maktablarda yangi oʻquv yilining boshlanishi munosabati bilan aholi oʻrtasida oʻzaro muloqotning koʻpayishi, oʻz navbatida, koronavirus xavfini ham kuchaytiradi.
Bugun koʻcha, bozor va boshqa jamoat joylarida aksariyat fuqarolarning karantin qoidalariga rioya qilmasdan, beparvolik bilan, oʻzaro masofa saqlash va niqob taqish qoidalarini qoʻpollik bilan buzish holatlari koʻpayib borayotgani juda xavotirli.
Umumiy ovqatlanish obyektlari, tomosha va madaniy-koʻngilochar obyektlar, machitlar, shuningdek, park va istirohat bogʻlaridagi attraksionlar faoliyatiga qatʼiy karantin talablari asosida ruxsat berildi. Jumladan, har bir fuqaro tibbiy niqobda boʻlishi, mijozlar orasida 2 metrlik masofani taʼminlash, shuningdek, obyektdagi jihozlarni muntazam dizenfeksiyalash, havo aylanish tizimini zararsizlantirish kabi qatʼiy belgilangan sanitariya-gigiyena talabalariga rioya etishlari lozim.
Hozirda yurtimizda 2580 nafar bemor koronavirusdan davolanmoqda. Ulardan 235 nafari oʻrtacha ogʻir, 427 nafari ogʻir, 224 nafari esa oʻta ogʻir ahvolda yotgani joylarda niqobsiz, masofa saqlamasdan yurgan yurtdoshlarimiz uchun ogohlantirish boʻlishi zarur.
Hali davosi topilmagan, keyinchalik qanday asoratlar qoldirishi, yuqtirilgandan soʻng yana qaytalanmasligi shubha ostida boʻlgan, qarshisida butun dunyo tibbiyoti ojiz turgan kasallikka qarshi yagona samarali chora hisoblangan sanitariya qoidalariga amal qilmaslik, tibbiyot niqoblarni taqmaslik uchun qanchalik beparvo boʻlish kerak?!
Karantin qoidalari yumshatilgani odamlarni xotirjamlikka emas, aksincha, sergaklikka chorlashi kerak. Chunki endi uyda, ishda, koʻchada, bozorda boshqa odamlar bilan koʻproq yuzma-yuz boʻlishadi.
Dunyo tajribasida koʻrinmoqdaki, har qanday cheklovdan koʻra, odamlar orasidagi karantin madaniyati koronavirusni oldini olishda samaraliroq boʻlib qolmoqda. Misol uchun, 33 millionga yaqin aholisi boʻlgan Malayziyada avgust oyida kasallanish holati 355 nafarni tashkil etgan boʻlsa, sentyabrning dastlabki haftasi davomida bor-yoʻgʻi 37 nafarni tashkil etgan, xolos. Bunda aholining ongli ravishda hukumat va shifokorlarning tavsiyalarini soʻzsiz bajarishi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ularda karantin tugaganiga qaramay jamoat joylarida haliyam masofa saqlash, niqob taqish, maqsadsiz koʻchaga chiqmaslik, katta tadbirlar oʻtkazmaslik odatga aylandi.
Hurmatli vatandoshlar! Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, bundan keyin pandemiya sharoitida yashashga, mehnat qilishga oʻrganishimiz shart. Ayni paytda oʻz salomatlingizni asrashingiz, avvalo, oʻzingiz, soʻngra tibbiyot xodimlari va mamlakatimiz uchun qilgan eng katta xizmatingizdir. Oilangiz va farzandlaringiz hayotiga befarq boʻlmang, yaqinlaringizning dard chekishiga sababchi boʻlib qolmang.