Sogʻlomlashtirish aksiyasi: “Dard bilan kelib, quvonch bilan qaytyapmiz...”

    Salomatlik 18 Iyun 2022 1698

    Xorazm va Toshkent oʻrtasida 1000 kilometrdan ziyod masofa bor. Ogʻir ahvoldagi bemorlarning shuncha chaqirim yoʻl bosib, dardiga davo izlab poytaxtga borishi esa oson emas.

    Yoʻl mashaqqatlari, transport va zarur ehtiyojlar uchun sarflanadigan sarf-xarajatlardan tashqari, baʼzi tibbiy tekshiruvlar, yuqori texnologik operatsiyalar, dori-darmon, shifoxona oʻrin-joyi uchun talab etiladigan toʻlovlar ehtiyojmand oilalar vakillari uchun ogʻirlik qilishi tabiiy.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi shularni hisobga olib, poytaxtdagi eng malakali shifokorlarni sogʻlomlashtirish aksiyasi doirasida Xorazm viloyatiga jalb qildi.

    Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo, Fargʻona, Buxoro va Toshkent viloyatlaridan soʻng endi bu yerda chuqurlashtirilgan tibbiy koʻriklar, shifokorlar maslahati va hatto bir guruh bemorlarda yuqori texnologik operatsiyalar bepul, yaʼni davlat hisobidan amalga oshirilmoqda.

    Kam invaziv usulda, ortiqcha jarohatlarsiz, innovatsion yondashuvlar asosida bajarilayotgan bunday amaliyotlar natijasida koʻplab bemorlar bir necha soat, hatto sanoqli daqiqalar ichida uzoq yillik ogʻir xastaliklardan xalos boʻlmoqda.

    Aksiya doirasida Xorazm viloyati koʻp tarmoqli tibbiyot markazida yuqori texnologik operatsiyalarni boshdan oʻtkazgan, shu bilan birga, murakkab jarrohlik muolajasiga hozirlanayotgan bir guruh bemorlar bilan suhbatlashib, ularning dil soʻzlarini yozib oldik.

    “Endi boshqa otalar kabi bolalarimni bemalol opichlab yura olaman...”

    Isobek Hayitboyev — Gurlan tumanidan. Oʻttiz olti yoshda. Keyingi yillarda boʻgʻimlarida ogʻriqlar kuchayib, bir oyogʻi ikkinchisidan 4 santimetr qisqarib, yurishga qiynalib qolgach, shifokorlarga murojaat qilgan.

    Mutaxassislar unga chap tomonlama displastik koksartroz xastaligi tashxisini qoʻydi. Chanoq-son boʻgʻimida endoprotezlash operatsiyasini oʻtkazish tavsiya etildi.

    Bu murakkab amaliyot hisoblanar ekan,deydi bemor. — Qolaversa, uning sarf-xarajatlari juda qimmatga tusharkan. Buning ustiga, poytaxtga borib operatsiya qildirishim kerakligini aytishdi. Ochigʻi, shuncha mablagʻni qayerdan topishimni bilmay, tuzalishdan umidimni uzgan edim.

    Shunday kunlarda Toshkentdan kelgan malakali shifokorlar mahallalarda oʻrganishlar oʻtkazib, meni ham davlat hisobidan operatsiya qilinadigan bemorlar roʻyxatiga qoʻshibdi. Avvaliga ishongim kelmadi.

    Lekin hammasi juda tez sodir boʻldi. Kechaning oʻzidayoq viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazida Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassislari boshchiligida chap oyogʻimga endoprotez oʻrnatishdi. Mana, hozir ahvolim yaxshi. Doʻxtirlarning aytishicha, bir necha kun oʻtib bemalol yura olaman.

    Shu damlarda tezroq uyga qaytish haqida oʻylayapman. Endi jajji farzandlarim sogʻinib quchogʻimga talpinganida, yetti muchasi sogʻ boshqa otalar kabi ularni bemalol opichlab yura olishimni tasavvur qilsam, yuragim hapriqib ketyapti. Uyga bemor emas, baxtiyor inson boʻlib qaytish nasib etayotganidan boshim osmonda...

    “Qizim uchun buyragimni emas, jonimni berishga ham tayyorman”

    Jigarbandi koʻz oʻngida xastalikdan soʻlib borayotganini koʻrish ota-ona uchun juda ogʻir. Ammo dardning davosi boʻlsa-yu, muolaja uchun moddiy imkoniyat topilmasa, bundan yaqinlarning dili yanada xufton boʻlishi tayin.

    Ellik olti yoshli Husanboy Kusiyenovning hali oʻttizga ham kirmagan dilbandi, yakkayu yolgʻiz qizi Goʻzal — ogʻir xasta. Toʻrt yil avval buyragida ogʻriqlar paydo boʻlib, ancha oʻzini oldirib qoʻygan. Tibbiy tekshiruvlar natijasi maʼlum: tezroq buyrak transplantatsiyasini oʻtkazish zarur!

    Ota esa qiziga nafaqat bir buyragi, balki jonini ham berishga tayyor. Ammo masala shu bilangina yechim topsa, qaniydi?! Operatsiya sarf-xarajatlari juda qimmatligi bois Husanboy aka tinim bilmay ishlab pul yigʻishga kirishib ketdi.

    Shu kunlarda viloyatimizda oʻtkazilayotgan sogʻlomlashtirish aksiyasi jonimizga oro kirdi, — deydi u.Mushkulimiz oson boʻldi. Aksiya doirasida akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassislari qizimni va meni tibbiy tekshiruvlardan oʻtkazib, darhol operatsiya qilishga qaror qilishdi.

    Amaliyot davlat hisobidan oʻtkazilar ekan. Ertaga — operatsiya. Qoʻli yengil shifokorlarimizning bilim va mahoratidan koʻnglim toʻq. Qizim sogʻayishi uchun koʻp zahmat chekdik. Davlat dardimizni eshitdi, bizga yordam qoʻlini choʻzdi. Shunday sinovli kunlarda yolgʻizlatib qoʻymagani uchun shifokorlarimizdan ham juda minnatdormiz...

    “Tibbiyot xalqqa yaqinlashayotgani shu, bolam...”

    Endigina 12 yoshni qarshi olgan Behzodjon Ismoilov goʻdakligida raxit kasalligi bilan ogʻrigan. Shundan soʻng unda mazkur xastalik asorati oʻlaroq koʻkrak qafasi girdobsimon deformatsiyasi shakllangan. Shifokrlar uni jarrohlik amaliyotiga olib kirish uchun tayyorgarlik koʻrar ekan, bolakayning buvisini suhbatga tortdik.

    Nabiramda bu xastalik rivojlanayotganini bilmagan edik, — deydi onaxon. — Soʻnggi paytlarda tez-tez toliqadigan, nafasi qisadigan boʻlib qolgandi. Ammo bu alomatlarga jiddiy eʼtibor qaratmagan ekanmiz. Yaqinda shifokorlar “xonadonbay” oʻrganishlar chogʻida uyimizga borganida, unda jiddiy kasallik borligi, tezkor muolajalar zarurligidan xabar topdik.

    Doʻxtirlar Xorazmda sogʻlomlashtirish aksiyasi oʻtkazilayotgani, nabiramni tekinga davolashlarini aytishgach, shu yerga keldik.

    Mana, operatsiyaga olib kirishyapti bolaginamni. Uni Toshkentdan kelgan professorlar davolashini eshitib, yanayam xotirjam boʻldim. Biz sogʻligimizga yetarli eʼtibor qilib, shifokorlar huzuriga oʻz vaqtida bora olmasak ham, ularning oʻzlari bemorlar oldiga kelib, dardimizga malham boʻlyapti. Tibbiyot xalqqa yaqinlashayotgani shu-da, bolam...

    Cogʻiqni saqlash vazirligi

    Matbuot xizmati.