“Al-Jarida” gazetasi Oʻzbekistonning jahon turizmidagi oʻrnini yuqori baholadi

    Kuvaytning “Al-Jarida” gazetasida “Turizm — Oʻzbekiston iqtisodiyoti kelajagining tamal toshi” nomli maqola chop etildi.

    Maqolada taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston oʻzining noyob madaniy va tabiiy boyliklari bilan jahon turizm sohasida muhim oʻrin egallaydi. Mamlakatimiz hukumati turizmga oʻz iqtisodiy strategiyasining asosiy omillaridan biri sifatida katta eʼtibor qaratayotganligi, hamda sohaga sarmoya kiritish va uni iqtisodiy oʻsishning asosiy drayveriga aylantirish boʻyicha kompleks rejalarni amalga oshirishga intilayotganligi eʼtirof etiladi.

    Ayni paytda Oʻzbekistonda 5 250 dan ortiq turistik obyektlari, jumladan mehmonxonalar, xostellar va oilaviy dam olish maskanlari mavjud boʻlib, ularning sigʻimi taxminan 155 ming oʻringa moʻljallanganligi haqida maʼlumot beriladi.

    Qayd etilishicha, Oʻzbekiston qishki turizm kabi tashabbuslar orqali yil davomida turizmni rivojlantirishga intilyapti. Shu munosabat bilan “Chorvoq” va “Zomin” kabi turistik koʻngilochar hududlar tashkil etilib, “Shahrisabz”, “Maydanak” kabi boshqa hududlarda loyihalar ishlab chiqilayotganligi eʼtirof etilgan.

    “Oʻzbekistonda turizm sohasi uzluksiz oʻsishda davom etmoqda, –deyiladi maqolada. – Mamlakat 2022-yilda 5,2 million xalqaro sayyohni qabul qilgan boʻlsa, 2023-yilda ushbu koʻrsatkich 6,7 millionga yaqin boʻldi”.

    Muallifga koʻra, 2024-yil avgust oyiga kelib Oʻzbekistonda turizm sektoridan tushgan daromadlar 2 milliard dollardan oshdi. Shu bilan birga, sayyohlarning oʻrtacha qolish muddati 7-8 kungacha uzaydi, bu esa turizm tajribasi darajasining yaxshilanganligini namoyish etadi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Maqola yakunida “Oʻzbekiston barqaror iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlovchi va madaniy almashinuvni kuchaytiruvchi jahonning eng mashhur sayyohlik yoʻnalishlaridan biriga aylanish uchun barcha imkoniyatlarga ega”, – deb yozgan “Al-Jarida” gazetasi.